Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tomonidan baholangan Ishbilarmonlik faolligi indeksi 2025 yil iyun oyida 984 birlikni tashkil etib, o‘tgan oyga nisbatan 1,6 foizga kamaygan hamda o‘tgan yilning mos davriga nisbatan esa 29,1 foizga sezilarli ortgan.
2025 yilning iyun oyida Ishbilarmonlik faolligi indeksi o‘tgan oyga nisbatan 1,6 foizga kamayib, 984 birlikni tashkil etishi, quyidagi komponentlar darajasidagi o‘zgarishlarga bog‘liq bo‘lgan:
– xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarning bank hisob varaqalaridagi operatsiyalar soni 2,1 foizga kamaygan;
– tovar-xom ashyo birjasida xom ashyo sotib olish jadalligi 1,7 foizga kamaygan;
– faoliyat ko‘rsatayotgan xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar bo‘yicha komponent 0,9 foizga ortgan;
– tovar belgilari bo‘yicha komponent 14,1 foizga kamaygan.
2025 yil iyun oyida Ishbilarmonlik faolligi indeksi 9 ta hududda o‘tgan oyga nisbatan o‘sishi kuzatilgan. Jumladan, Qashqadaryo (43,8 foiz), Qoraqalpog‘iston Respublikasi (41,9 foiz), Andijon (41,4 foiz) va Namangan viloyatlarida (37,0 foiz) sezilarli darajada o‘sish kuzatilgan.
Biroq Ishbilarmonlik faolligi indeksi Sirdaryo (7,2 foiz), Jizzax (4,9 foiz) va Buxoro (4,4 foiz) viloyatlarida sezilarli kamaygan.
2025 yil iyun oyida banklararo to‘lov operatsiyalari soni 6 309,4 ming tani tashkil etdi va 2025 yilning may oyiga nisbatan 135,8 ming tranzaksiyaga (2,1 foiz) kamaygan.
2025 yil iyun oyida respublikaning 9 ta hududida yuridik shaxslar o‘rtasidagi bank operatsiyalari soni o‘tgan oyga nisbatan kamaygan. Xususan, Jizzax (7,3 foiz), Namangan (4,2 foiz), Qoraqalpog‘iston Respublikasi (3,9 foiz) va Toshkent (2,8 foiz) shahrida sezilarli kamayish kuzatilgan.
2025 yilning iyun oyida IFIning birja komponenti 0,9833 birlikni tashkil etdi. Bu esa, ushbu komponentning o‘tgan oyga nisbatan 1,7 foizga kamayganini anglatib, har bir bitim bo‘yicha sotib olingan tovarlarning o‘rtacha hajmi 3,8 foizga ortgani va tuzilgan bitimlar soni 7,2 foizga kamaygani bilan izohlanadi.
Respublika tovar-xom ashyo birjasida tovarlar savdosining umumiy aylanmasi hajmi 2025 yil iyun oyida 6 474,7 mlrd. so‘mni tashkil etib, ushbu ko‘rsatkich o‘tgan oyga nisbatan 21,9 foizga kamaygan.
Faoliyat yuritayotgan xo‘jalik sub’ektlari bo‘yicha komponent 2025 yil iyun oyida 1,0088 birlikni tashkil etib, o‘tgan oyga nisbatan 0,9 foizga ortgan.
2025 yil iyun oyida barcha turdagi faoliyat yuritayotgan xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar soni o‘tgan oyga (481 734 birlik) nisbatan 7 866 birlikka ortib, 489 600 birlikni tashkil etgan.
Hisobot davrida, kichik korxonalar soni 385 654 tadan 393 359 taga ortgan (o‘sish 7 705 ta). Shuningdek, fermer xo‘jaliklari soni 92 090 tadan 92 292 tagacha (+202 ta) oshgan. Yirik tadbirkorlik bilan shug‘ullanayotgan sub’ektlar soni 3 949 tani tashkil etib, o‘tgan oyga nisbatan 41 taga kamaygan.
2025 yil iyun oyida savdo belgilari muhofazasi bo‘yicha indeks 0,8587 birlikni tashkil etib, o‘tgan oyga nisbatan 14,1 foizga kamaygan. 2025 yilning iyun oyida yuridik shaxslar tomonidan 310 ta tovar belgilari va tovar nomlari ro‘yxatga olingan.
Mohigul Qosimova tayyorladi, O‘zA