Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan e’lon qilingan 2026 yil uchun Byudjetnoma ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonda ish haqi, pensiya va nafaqalar miqdori 2030 yilgacha har yili inflyatsiya darajasidan yuqori sur’atlarda oshirib boriladi. Bu chora aholining real daromadlarini saqlab qolish va ijtimoiy himoyani kuchaytirishga qaratilgan.
Pensiya ta’minotida yangi bosqich: transfertlar bosqichma-bosqich oshiriladi. Makroiqtisodiy va fiskal siyosatning 2030 yilgacha mo‘ljallangan asosiy maqsadlarida davlat pensiya tizimini isloh qilish alohida o‘rin tutadi. Islohotlar natijasida byudjetdan Pensiya jamg‘armasiga ajratiladigan mablag‘lar hajmi bosqichma-bosqich qisqarishi kutilmoqda.
2026 yilda Pensiya jamg‘armasining moliyaviy ko‘rsatkichlari quyidagicha prognoz qilinmoqda. Qoldiq mablag‘lari - 3,9 trillion so‘m, daromadlari - 64,7 trillion so‘m, xarajatlari - 86,1 trillion so‘mni tashkil etadi.
Xarajatlar daromadlardan yuqori bo‘lgani uchun jamg‘armaning taqchilligini qoplash maqsadida davlat byudjeti tomonidan 23 trillion so‘mlik transfert ajratilishi rejalashtirilgan. Bu o‘tgan yilga nisbatan 13,8 foiz ko‘p.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi shakllantirayotgan prognozlarga diqqat qilsak, 2027 yilda daromadlar 75 trillion so‘m, xarajatlar 95,1 trillion so‘m, davlat transferti 20 trillion so‘mni tashkil etmoqda.
Kelgusi uch yil ichida mamlakatda pensionerlar soni 489 ming kishiga oshib, 4,76 million nafarga yetishi kutilmoqda. Shu bilan birga, har yili pensiya yoshiga yetayotgan shaxslar soni 5,1 foizga o‘sib boradi.
Bu tendensiya pensiya tizimiga tushadigan yukni yanada oshiradi va tizimni barqaror saqlash uchun ijtimoiy-iqtisodiy choralarni talab etadi.
Vazirlik hisob-kitoblariga ko‘ra, byudjet xodimlari ish haqining 1 foizga oshirilishi davlat byudjeti xarajatlarini 1,67 trillion so‘mga oshiradi. Pensiyalarning 1 foizga oshirilishi esa byudjetga 861 milliard so‘mga tushadi. Ijtimoiy nafaqa oluvchi oilalar sonining 10 foizga ko‘payishi deyarli 1,6 trillion so‘m qo‘shimcha xarajatni talab qiladi.
Byudjetnomadagi yangi ko‘rsatkichlar Iqtisodiyot va moliya vazirligining joriy yil iyul oyida taqdim etgan fiskal strategiyasida belgilangan raqamlardan ancha farq qiladi. Masalan, avvalgi prognozlarga ko‘ra 2028 yilda Pensiya jamg‘armasi taqchilligini qoplash uchun 26 trillion so‘m transfert ajratilishi kutilgan edi. Yangi hisob-kitoblar esa ehtimoliy tejamkorlik pensiya islohotlari hisobidan ta’minlanishi mumkinligini ko‘rsatmoqda.
Shahnoza Mamaturopova,
O‘zA