English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekistonda iqlim ta’limi: Yoshlarning ekologik savodxonligini oshirish tizimi yangi bosqichda
18:08 / 2025-11-21

O‘zbekistonda iqlim o‘zgarishi oqibatlari tobora sezilarli bo‘lib borayotgan bir paytda, ta’lim tizimida yoshlarning ekologik savodxonligini oshirish va ularni kelajakdagi murakkab ekologik muammolarga tayyorlashga qaratilgan muhim qadamlar qo‘yilmoqda. Shu ma’noda, Toshkent shahrida “O‘zbekistonda iqlim ta’limi orqali yoshlarning yetakchilik qobiliyatlarini kuchaytirish va rivojlantirish” nomli yirik o‘quv-amaliy seminar bo‘lib o‘tdi.

Mazkur seminar Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, Respublika ta’lim markazi, BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi vakolatxonasi, “Ta’lim hamma narsadan ustun” jamg‘armasi va “Zamin” xalqaro jamoat fondi hamkorligida tashkil etildi. Ushbu tadbir “O‘zbekistonda iqlim ta’limi orqali yoshlarning yetakchilik qobiliyatlarini kuchaytirish va rivojlantirish” qo‘shma loyihasi doirasida o‘tkazildi.

Seminarning bosh maqsadi 7–11 sinflar uchun biologiya, geografiya, fizika va kimyo kabi aniq va tabiiy fanlar o‘quv dasturlariga iqlim o‘zgarishiga oid bilim va ko‘nikmalarni tizimli ravishda integratsiya qilish imkoniyatlarini o‘rganish va muhokama qilishdan iborat bo‘ldi.

Ekspertlar tomonidan iqlim o‘zgarishi mavzusining hozirgi holati, uning qay darajada va qanday ko‘rinishlarda maktab dasturlarida aks etgani batafsil ko‘rib chiqildi. Tahlillar mavzuni yanada chuqurlashtirish va amaliy mashg‘ulotlar ulushini oshirish zarurligini ko‘rsatdi.

[gallery-26370]

Finlyandiya, Germaniya, Koreya Respublikasi, Yaponiya va Shvetsiya ta’lim tizimidagi iqlim ta’limi amaliyoti misolida O‘zbekiston uchun mos, amaliy va zamonaviy metodik yechimlar taklif etildi. Ayniqsa, fanlararo yondashuv va STEAM modullari alohida e’tibor qozondi.

O‘qituvchilar uchun iqlim ta’limida interaktiv metodlar — modellashtirish, laboratoriya tajribalari, xaritalar bilan ishlash, raqamli simulyatsiya va iqlim ssenariylari tahlili bo‘yicha treninglar o‘tkazildi.

Seminar davomida O‘zbekistonda iqlim ta’limini aniq va tabiiy fanlar o‘quv dasturlariga joriy qilish orqali o‘quvchilarning tabiiy fanlardagi savodxonligini oshirish va pirovard natijada inson kapitali o‘sishiga turtki berish, O‘zbekiston umumta’lim maktablarining yuqori sinflarida o‘qitiladigan umumta’lim fanlarida iqlimga oid mavzularning amaldagi holati: tahlil va xulosalar, aniq va tabiiy fanlar doirasida iqlim o‘zgarishi bo‘yicha o‘quv materiallarini integratsiya qilish imkoniyatlari kabi masalalar muhokama etildi.

Amaliyotchi o‘qituvchilar uchun iqlim ta’limida innovatsion pedagogik yondashuvlar va interfaol metodlar, O‘zbekiston sharoitida haroratning oshishi, qurg‘oqchilik, suv tanqisligi va cho‘llashish kabi iqlim muammolarini dars jarayonida yoritish bo‘yicha metodik tavsiyalar ko‘rib chiqildi.

Loyiha amalga oshirilganidan so‘ng, mamlakat bo‘ylab 7–11 sinf bo‘lgan 1,3 milliondan ziyod o‘quvchi iqlim o‘zgarishiga oid zamonaviy, dolzarb va amaliyotga asoslangan bilimlarga ega bo‘lishadi.

Ushbu seminar O‘zbekiston ta’lim tizimida iqlim o‘zgarishiga oid bilimlarni zamonaviy yondashuvlar bilan boyitish yo‘lidagi muhim qadam hisoblanadi. Xalqaro tajriba va milliy muammolarni uyg‘unlashtirgan holda ishlab chiqiladigan o‘quv materiallari yosh avlodning ekologik savodxonligini yangi bosqichga olib chiqishi kutilmoqda.

Dildora DO‘SMATOVA, Rustam Nazarmatov(surat), O‘zA