Bugun O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligida “O‘zbekiston davlat kompaniyalarida investitsiya loyihalarini boshqarishni zamonaviylashtirish” mavzusida seminar bo‘lib o‘tdi.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda “UzAssets” AJ hamkorligida o‘tkazilgan ushbu tadbirda mahalliy va xorijiy mutaxassislar, amaliyotchilar ishtirok etdi.
Unda “UzAssets” AJ boshqaruvi raisi Bobur Abdinazarov, Jahon banki eksperti Dmitriy Larionov va boshqalar so‘zga chiqib, davlat kompaniyalarida investitsiya loyihalarini boshqarish, shuningdek, xalqaro tajriba va amaliy tavsiyalar haqida so‘z yuritdi.
Qayd etilganidek, davlat kompaniyalari uchun investitsiya dasturlarini tatbiq etish samaradorligini oshirish va davlat kompaniyalarida zamonaviy boshqaruvstandartlarini joriy etish vazifalar belgilashgan. Tashkil etilgan tadbirda bu borada xalqaro tajriba va amaliy ishlarga e’tibor qaratildi. Bunda loyihaviy yondashuvni joriy etish va jarayonlarni raqamlashtirish muhim hisoblanadi.
Tadbirda Jahon banki, Xalqaro moliya korporatsiyasi (IFC) va xalqaro konsalting kompaniyalari vakillari davlat kompaniyalarida investitsiyalarni boshqarishni takomillashtirish bo‘yicha o‘z tavsiyalari va tajribalari bilan o‘rtoqlashdi.
[gallery-22892]
Xalqaro moliya korporatsiyasi eksperti Behzod Ortiqovning ta’kidlashicha, O‘zbekistonda loyihalarni amalga oshirish imkoniyati mavjud, ammo ularning bozordagi maqsadga muvofiqligi, samaradorligi va raqobatbardoshligi yuzasidan baholash talab etiladi.
–Loyihalar investorlar uchun qanchalik qiziqarli? Shu nuqtai nazardan, loyihalarni kim amalga oshirishi belgilab olinishi kerak. Agar investor yangi bo‘lsa, u bozorni hali o‘rganmagan bo‘ladi, shunday ekan, dastlabki konsepsiya mahalliy mutaxassislar tomonidan ishlab chiqilishi maqsadga muvofiq. Agar ularda tegishli salohiyat mavjudbo‘lsa, ular bozor tahlili asosida loyihalarni saralab, qaysi biri strategik ahamiyatga ega ekanini aniqlab berishlari mumkin. Bu investor uchun qanday yo‘nalishlarda sarmoya kiritish imkoni borligini ko‘rsatadi. Agar investor boshqa strategik maqsadlarga ega bo‘lsa, u avvalgi rejalarni noto‘g‘ri deb topishi vaboshqa yo‘l tutashi mumkin. Shuning uchun, to‘liq texnik-iqtisodiy asosni tayyorlash lozim. Xulosa qilib aytganda, O‘zbekistonda strategik sohalardagi investitsiyaviy loyihalarni rejalashtirishda bozor ehtiyojini inobatga olgan holda, aniq konsepsiya va ustuvor yo‘nalishlarni belgilash zarur. Bu nafaqat investor uchun yo‘nalish yaratadi, balki loyiha samaradorliginiham ta’minlaydi, – dedi B.Ortiqov.
“TENET” kompaniyasi direktori o‘rinbosari Vladislav Mitinning so‘ziga ko‘ra, hozirgi kundaO‘zbekistonda xalqaro moliya institutlari va banklar ishtirokida ko‘plab investitsiyaviy loyihalar amalga oshirilmoqda.
–Loyihalarning muvaffaqiyatli bo‘lishi kompaniyalar, ayniqsa, davlat korxonalarining investitsiyaviy yetuklik darajasiga bevosita bog‘liq. Mamlakatdagi amaldagi qonunva qonunosti hujjatlar investitsiya jarayonlarini boshqarishda zamonaviy asos hisoblanadi. Biroq buning o‘zi yetarli emas. Shu bois, ichki investitsiyaviy jarayonlarni takomillashtirish va ularni strategik darajaga olib chiqish zarur. Bunday islohotlar moliyalashtirish xarajatlarini kamaytirish, xalqaro tashkilotlar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamkorlik qilish, grantlar ulushini oshirish, uzoq muddatli va past foizli kreditlar jalb etishga imkon yaratadi. Tahlillarga ko‘ra, samaraliboshqaruv orqali har 100 million dollar investitsiyada 20 million dollargacha tejamkorlikka erishish mumkin. Eng muhimi, kompaniyalar alohida loyihalarni emas,balki butun investitsiya portfelini boshqarishni o‘rganishi, xavf-xatarlar va bozor ta’sirini baholay olishi kerak. Bu O‘zbekistonning investitsiyaviy muhitini yanadajozibador va raqobatbardosh qilishda muhim omildir, – dedi V. Mitin.
Tadbir yakunatida muhokama sessiyasi o‘tkazildi. Unda ishtirokchilar fikr almashib,samaradorlik va barqaror rivojlanishga qaratilgan yangi boshqaruv yondashuvlarini joriy etish bo‘yicha kelajakdagi hamkorlik yo‘nalishlarini belgilab oldilar.
Nasiba Ziyodullayeva, Oybek Pardayev (surat), O‘zA