Innovatsion rivojlanish agentligi huzuridagi Jahon bankining "O‘zbekiston milliy innovatsion tizimini modernizatsiya qilish" ("MUNIS") loyihasini amalga oshirish guruhi tomonidan tadqiqot va ishlanmalarni tijoratlashtirish salohiyatiga ega loyihalarni qo‘llab-quvvatlash va moliyalashtirishga qaratilgan grant dasturlari ishga tushirildi.
Shu munosabat bilan bugun Innovatsion rivojlanish agentligida RCP va BIRD grant dasturlari sub-loyihalarining asosiy ishtirokchilari uchun o‘quv-seminari tashkil etildi.
Ushbu tadbir Loyihani amalga oshirish guruhi tomonidan tashkil etildi. O‘quv mashg‘ulotlari “Fanur Group” kompaniyasi va AQSHning Loyihalarni boshqarish institutining (PMI) vakolatli hamkorlari – Qozog‘iston Respublikasi Loyiha menejerlari uyushmasi vakillari ishtirokida olib borildi.
[gallery-21607]
Tadbirda xalqaro ekspertlar Aida Yesenjan va Akbota Akzambek qizi loyiha rejalarini ishlab chiqish va amalga oshirish, xavflar, muddatlar va resurslarni boshqarish, moslashuvchan metodologiyalarni joriy etish masalalari haqida ma’lumot berdi.
Tadbirda ta’kidlanganidek, PMI® PMBOK® Guide – AQSHning Loyihalarni boshqarish instituti (PMI) tomonidan ishlab chiqilgan xalqaro standart bo‘lib, u loyihalarni boshqarish uchun yagona yondashuv va metodologiyani, shu jumladan, loyihalarni samarali amalga oshirish uchun jarayonlar, vositalar va usullarni tavsiflashni ta’minlaydi.
Trening davomida ishtirokchilar ushbu xalqaro standartlar bo‘yicha jarayonlar turlari va bilim sohalari bilan tanishdi. Ular xalqaro standartlar asosida loyihalarni boshqarish, instrumentlardan samarali foydalanish bo‘yicha amaliy ko‘nikmalarni shakllantirdilar. Mashg‘ulotlarda interaktiv topshiriqlar, amaliy keyslar va uslubiy materiallar taqdim etildi.
–Guruch sanoatidagi chiqindilardan dala hayvonlari, qushlar va baliqlar uchun ozuqa mahsulotlari ishlab chiqarish texnologiyasini yaratdim. Hozirgi kunda bu ixtiro O‘zbekiston va 20 ga yaqin mamlakatda patentlangan. Shu ishlarimizni davom ettirish maqsadida Jahon bankining "MUNIS” loyihasi asosida grant yutdik. Hozir yangi mikrobiologiya zavodini qurish ustida ishlayapmiz. Ayni paytda bir qism uskunalarni sotib oldik, aprelda zavodni ishga tushirishni rejalashtiryapmiz. Bugungi tadbir muhim ahamiyatga ega, chunki biz xalqaro standartlar asosida ishlashni boshlayapmiz, – dedi ixtirochi, “CBF Animal Nutrition” kompaniyasi rahbari Abror Dadajo‘jayev.
Tadbir yakunida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.
Nasiba Ziyodullayeva,
O‘zA