Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekistonda ingliz tiliga e’tibor kuchaymoqda
18:01 / 2021-12-07

Buni Kembrij universiteti ham e’tirof etyapti

Buyuk Britaniyaning eng nufuzli oliygohlaridan biri – Kembrij universiteti saytida chop etilgan “O‘zbekistonda ingliz tilini o‘qitish tizimiga e’tibor kuchaymoqda” nomli maqolada mazkur oliy o‘quv yurti O‘zbekistonda xorijiy tillarni o‘rganishni ommalashtirish agentligi (LPA) bilan mamlakat bo‘ylab “Linguaskill” testlari va o‘quv resurslari yetkazib berish bo‘yicha hamkorlik qilishi qayd etilgan.

Shuningdek, sahifada mamlakatimiz ta’lim tizimidagi islohotlar, jumladan, o‘quv dasturi va test tizimida kuzatilayotgan ijobiy o‘zgarishlarga e’tibor qaratilgan.

– 2021 yil sentyabrda Kembrij universiteti va O‘zbekistonda xorijiy tillarni o‘rganishni ommalashtirish agentligi ingliz tili o‘qituvchilarining malakasini oshirish, bilim darajasini baholash va o‘quv materiallari yetkazib berish bo‘yicha o‘zaro anglashuv memorandumini imzoladi, – deyiladi, jumladan, xabarda. – Shundan buyon ikki tashkilot O‘zbekistonga “ingliz tilini bilish darajasi”ni aniqlashtirib beruvchi “Linguaskill” testlarini yetkazib berish bo‘yicha ish olib bormoqda.

Muallif O‘zbekistonda xorijiy tillarni o‘rganishni ommalashtirish agentligi direktori o‘rinbosari Azimjon Hasanovning fikrlaridan ham iqtibos keltirgan. Mutaxassis ushbu hamkorlik mamlakatimizda ingliz tilini o‘rganishga katta yordam berishini ta’kidlab, kirish imtihonlarida faqat grammatikadan test olinishi xalqaro ahamiyatga ega emasligi haqida so‘z yuritgan.

– Ilgari ingliz tilidagi kitoblarda interaktiv materiallar va qo‘shimcha manbalar bo‘lmagan, so‘nggi paytda Kembrij universitetining “Guess What” va “Prepare” kabi turkum kitoblari maktab darsliklariga kiritildi, – deydi Azimjon Hasanov. 

– Demak, bu boradagi ishlar endi oldinga siljiydi. Biz shu paytgacha O‘zbekistonda kirish imtihonlari chog‘i ingliz tili bo‘yicha faqat grammatika asosidagi testlardan foydalanganmiz. Aslida buning xalqaro ahamiyatga juda muhim emas. Shu bois ingliz tilini o‘rganishga qaratilgan mavjud resurslarni yangilayapmiz, nufuzli universitet bilan maxsus test tizimini joriy qilyapmiz.

Maqolada, shuningdek, mamlakatimizda o‘qituvchilarni rag‘batlantirish, ularning bilim darajasidan kelib chiqqan holda qo‘shimcha mablag‘ ajratish, turli stipendiyalar ta’sis etish haqida ham atroflicha ma’lumot berilgan.

– O‘zbekistonda o‘qituvchi ingliz tilini bilish bo‘yicha C1 darajasiga ega bo‘lsa, uning oylik maoshi 50 foiz, B2 darajasini olsa, 40 foizgacha oshiriladi. Bundan tashqari, hukumat o‘qituvchilarga malaka oshirish uchun o‘quv materiallari, jumladan, ingliz tiliga taalluqli yo‘nalishda yangi stipendiya joriy qildi, – deya ta’kidlaydi muallif.

Behruz Xudoyberdiyev tayyorladi.