O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘tkir yurak-qon tomir va serebrovaskulyar kasalliklarning oldini olish chora-tadbirlarini takomillashtirish to‘g‘risida” qaroriga muvofiq:
a) Infarkt va insultga qarshi kurashish milliy dasturi;
b) O‘tkir yurak-qon tomir va serebrovaskulyar kasalliklarga chalingan bemorlarga tibbiy xizmat ko‘rsatish tizimini takomillashtirish "yo‘l xaritasi";
v) Infarkt va insultga qarshi kurashish milliy dasturini 2026-2030 yillarda amalga oshirish samaradorligini aniqlash ko‘rsatkichlari tasdiqlandi.
Mazkur qaror bilan 2026 yil 1 martdan boshlab respublika tibbiyot markazlari mutaxassislari hamda xorijiy ekspertlardan iborat tarkibda o‘tkir yurak-qon tomir va serebrovaskulyar kasalliklarni davolashda tibbiy xizmat ko‘rsatishni muvofiqlashtiruvchi kengash faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.
Kengash tarkibi sog‘liqni saqlash vaziri tomonidan tasdiqlanadi va Kengashga quyidagi vazifalar yuklatiladi:
a) birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalari tomonidan o‘tkir yurak-qon tomir va serebrovaskulyar kasalliklarni barvaqt aniqlash bo‘yicha o‘tkaziladigan maqsadli tibbiy tekshiruvlarni muvofiqlashtirish hamda uning natijasi asosida bemorlarni davolash ishlarini tashkil qilish;
b) bemorlarning klinik marshruti amaliyotga joriy etilishini muvofiqlashtirish va shoshilinch tibbiy xizmat ko‘rsatuvchi tibbiyot muassasalariga uslubiy rahbarlikni amalga oshirish;
v) O‘tkir yurak-qon tomir va serebrovaskulyar kasalliklar milliy reyestri yuritilishini hamda kasallanish dinamikasini tahlil qilish orqali kasallikni barvaqt aniqlash, tashxislash, davolash va reabilitatsiya qilish ishlarini tashkil etish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish;
g) shoshilinch holatlarda yurak va bosh miya qon tomirlari endovaskulyar amaliyotlari uchun sarflov vositalari, tromb erituvchi dori vositalari hamda tibbiy jihozlarga bo‘lgan ehtiyojni shakllantirish va ularni tibbiyot muassasalari o‘rtasida taqsimlash.
2026 yil 1 aprelga qadar "Elektron sog‘liqni saqlash" axborot tizimida o‘tkir yurak-qon tomir va serebrovaskulyar kasalliklarga chalingan hamda xavf guruhiga mansub aholining elektron reyestri yuritiladi hamda individual sog‘lomlashtirish rejasi shakllantiriladi.
Tez tibbiy yordam xizmati uchun EKG natijalarini sun’iy intellekt yordamida tahlil qilish va uni axborot tizimi orqali yuborish hamda tez tibbiy yordam brigadalari va shifoxonalar o‘rtasida real vaqt rejimida ma’lumot almashish imkoniyati yaratiladi.
Barcha serebrovaskulyar kasalliklarga xizmat ko‘rsatuvchi statsionar tibbiyot muassasalarida sun’iy intellekt asosida insultni tashxislash imkoniyati yaratiladi.
O‘tkir yurak-qon tomir va serebrovaskulyar kasalliklarga chalingan bemorlarni tashxislash, davolash, dispanser kuzatuviga olish hamda yo‘naltirish jarayonlarini o‘z ichiga olgan klinik marshrut raqamlashtiriladi.
Tez tibbiy yordam xizmati, hududiy shifoxonalar va respublika tibbiyot markazlaridan iborat teletibbiyotning vertikal bog‘lanish tizimi amaliyotga joriy etiladi.
O‘zA