O‘zbekistonda ilmiy-tadqiqot faoliyatini yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan muhim tashabbus amalga oshirilmoqda. Innovatsion rivojlanish agentligi tomonidan mamlakatdagi ilmiy laboratoriyalar va tadqiqot infratuzilmalari uchun sun’iy intellektga asoslangan yagona ilmiy platforma ishlab chiqilmoqda.
Mazkur platforma respublika bo‘yicha mavjud barcha ilmiy-tadqiqot infratuzilmalari haqidagi ma’lumotlarni yagona markazlashgan axborot resursida jamlab, ularni samarali boshqarish imkonini yaratadi. Shu orqali ilmiy tashkilotlar o‘rtasida axborot almashinuvi soddalashib, ilmiy resurslardan foydalanish darajasi oshiriladi.
Platforma doirasida sun’iy intellekt texnologiyalari yordamida ilmiy infratuzilmalardan foydalanish samaradorligini prognozlash va optimallashtirishga oid tahlillar amalga oshiriladi. Bu esa ilm-fan va innovatsion faoliyat bilan shug‘ullanuvchi tashkilotlar uchun vaqt va moddiy resurslarni tejash imkonini beradi.
Shuningdek, yangi tizim sohada ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash, ilmiy muassasalar o‘rtasida hamkorlik aloqalarini mustahkamlashga xizmat qilishi kutilmoqda. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, platforma ilmiy izlanishlar sifatini oshirish, takroriy xarajatlarni kamaytirish hamda respublikaning turli hududlarida faoliyat yuritayotgan ilmiy laboratoriyalar salohiyatidan to‘liq va maqsadli foydalanishga zamin yaratadi.
Sun’iy intellekt texnologiyalariga asoslangan ushbu platforma O‘zbekistonda ilm-fanning raqamli kelajagini shakllantirish yo‘lidagi muhim qadamlardan biri bo‘lib, uni joriy yilning dekabr oyida ishga tushirish rejalashtirilgan.
Hamroz Bayanov,
O‘zA