FOTOREPORTAJ
Poytaxtimizdagi «Universal sport saroyi»da sumo bo‘yicha mamlakat chempionati bahslari bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekistonda sumo sportini yanada rivojlantirish, yoshlar va xotin-qizlar orasida mardlik, jasurlik, vatanparvarlik, gumanizm g‘oyalarini o‘zida mujassam etgan sumo sportini ommalashtirish, mazkur sport turi bo‘yicha joylarda seksiyalarni ochish, yosh avlod o‘rtasida uni ommalashtirish va xalqaro arenalarda yurtimizning bayrog‘ini baland ko‘taradigan chempionlarni tayyorlash asosiy maqsadlarimizdan biridir.
Musobaqa o‘tkazishdan bosh maqsad esa joriy yilning 13-14 sentyabr kunlari Tailandda o‘tadigan Jahon chempionatiga ishtirokchilarni saralab olish bo‘ldi.
[gallery-22301]
Yoshlar va kattalar o‘rtasida o‘tkazilgan musobaqada 200 nafarga yaqin sportchi ishtirok etdi.
Shuningdek, ushbu bellashuvda qo‘shni davlatlarning, jumladan, Tojikiston va Qirg‘iziston Respublikalarining sumo sporti bo‘yicha terma jamoalarining ham ishtiroki musobaqaning ko‘tarinki ruhda va qiziqarli o‘tishini ta’minladi.
Ziyodaxon Qurbonova, Nargiza Ro‘zmetova, Nargiza Rajabova, Nodira Gulova, Mehribon Ashurova, Nargiza Hamdamova, Durdona Abdujabborova, Javohir Mo‘minov, Maksim Kochnev, Narimon Normanov, Abulfayz To‘rayev, Saidakbar Xonsaidov, Sardor Toirov, Baxriddin Abdurahimov, Jamil Ismoilov o‘z vazn toifalarida g‘oliblik shohsupasining eng yuqori pog‘onasidan o‘rin egalladi.
Jamoaviy bahslarda Qirg‘iziston jamoasi 1-o‘rinni egalladi. Keyingi o‘rinlar O‘zbekiston hamda Tojikiston sumochilariga nasib etdi.
G‘olib va sovrindorlar tashkilotchilar tomonidan ta’sis etilgan diplom, medal hamda pul mukofotlari bilan taqdirlandi.
Muhammad AMIN (surat), O‘zA