French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekistonda ilk bor zamonaviy aerogeofizik usulda yer qa’rini o‘rganishga asos solingan
14:46 / 2021-09-06

Qaror va ijro

bugungi kunda O‘zbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi mamlakatimizda mineral-xomashyo bazasini rivojlantirish, yer qa’rini geologik jihatdan o‘rganish, foydali qazilmalardan foydalanish, muhofaza qilish sohasini boshqarish va nazorat qilish tizimini takomillashtirish borasida amaliy natijalarga erishmoqda.

Prezidentimizning 2019 yil 23 iyuldagi «Yer qa’rini geologik jihatdan o‘rganishni yanada takomillashtirish va 2020-2021 yillarda mineral-xomashyo bazasini rivojlantirish va qayta tiklash davlat dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori bu ishlar ko‘lamini kengaytirishda muhim dasturilamal bo‘lib xizmat qilmoqda.  

Ayniqsa, qo‘mita tomonidan 2016-2021 yillar davomida barcha yo‘nalishlar, xususan, gidrogeologik ishlar bo‘yicha erishilgan natijalar alohida e’tiborga molik.

 O‘zA muxbirining O‘zbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi  raisi o‘rinbosari  A’zam QODIRXO‘JAEV bilan suhbati gidrogeologik ishlar, sohani modernizatsiyalashtirish va uning samaralariga bag‘ishlandi.

– Davlatimiz rahbari tomonidan tizimni rivojlantirishga qaratilgan bir qator qarorlari qabul qilindi, – dedi  A.Qodirxo‘jayev. – Albatta, mazkur hujjatlarning ijrosini ta’minlash bo‘yicha qo‘mitamiz tomonidan dasturlar qabul qilingan.

Ko‘rilgan choralar sabab geologiya tarmog‘ida amalga oshirilayotgan modernizatsiya qilish hisobiga gidrogeologiyada foydalanilayotgan texnik vositalar eskirganlik darajasini 88 foizdan 64 foizga kamaytirishga erishildi.

Shuni alohida ta’kidlash joizki, 2016-2020 yillar davomida yer osti ichimlik suvi zaxiralarining sutkasiga 515 ming metr kubga, ya’ni 3,4 milliondan ortiq aholiga yetarli miqdorda ta’minlash imkoni yaratildi. 2019-2020 yillarda energiya tejovchi suv tortishga mo‘ljallangan galereyali suv olish inshootlari yordamida foydalanilishi mumkin bo‘lgan yer osti suvi zaxiralarini baholash ishlari yaxshi samara berdi. Jumladan, “Damxo‘ja” suv olish inshooti bo‘yicha sutkasiga 100 ming metr kub, Dehqonobod tumanida sutkasiga 10,8 ming metr  kub miqdorida yer osti suvi zaxiralari tasdiqlandi va foydalanishga topshirildi.

– Aholi ichimlik suvi ta’minotining necha foizi gidrogeologik ishlar hissasiga to‘g‘ri keladi?

– Olib borilayotgan keng ko‘lamli gidrogeologik ishlar hisobiga aholi ichimlik suvi ta’minotining 67 foiz qismi yer osti suvilari hisobidan amalga oshirilmoqda.

Bundan tashqari, gidrogeologlar tomonidan yer osti suvi konlarini chuchuk  yer usti suvlari hisobiga sun’iy to‘yintirish va omixtalash natijasida ifloslangan yer osti suvlari sifatini tiklash bo‘yicha dastlabki loyiha Farg‘ona viloyatining Beshariq tumanida amalga oshirilmoqda.

Orolbo‘yi hududida ekologik balansni saqlash, cho‘llanishga qarshi kurashish, o‘simlik dunyosi bioxilma-xilligini tiklash, flora va faunalar hamda chorvachilikni rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan tadbirlar doirasida 2018-2020 yillar davomida 60 dan ortiq chuqur quduqlar burg‘ilanib, 50 dan ortiq quduqlar qayta tiklandi.

– Umuman, yer osti suvi zaxiralarini topish, o‘rganish va foydalanishga topshirishda nafaqat aholi ichimlik suvi ta’minoti tanqisligida, balki qishloq xo‘jaligi sohasidagi  muammolarni yechimida ham muhim hisoblanadi. Ayni masalada qanday loyihalarni amalga oshirish ko‘zda tutilgan?

– Aytish joizki, aholini bilan ta’minlash va qishloq xo‘jaligi sohasi uchun yangi imkoniyatlar ochish bo‘yicha  yer osti suvi zaxiralarini topish qo‘mitaning asosiy vazifalaridan biridir. Shu sababli, respublika bo‘yicha 155 ming gektar yangi maydonlarni yer osti suvlari hisobiga qishloq xo‘jaligida foydalanishga kiritish yuzasidan ishlar olib borilmoqda.

Shu bilan birga, hozirgi kunda meliorativ holati qoniqarsiz bo‘lgan joylar holatini yaxshilashda drenaj turlarini qo‘llashni va ulardan foydalanish tartiblarini asoslash yuzasidan keng ko‘lamli ishlar Urgench va Guliston shaharlari hamda Sirdaryo viloyatining ayrim hududlarida, Andijon va Farg‘ona viloyatlarining bir qator shahar va tuman markazlarida davom ettirilmoqda.

bugungi kun talablariga mos holda 2019-2020 yillar davomida 400 ta kuzatuv quduqlari masofadan o‘lchov ishlarini olib borish imkoniga ega bo‘lgan zamonaviy uskunalar bilan jihozlandi, joriy yilda yana 100 quduqni jihozlash nazarda tutilgan. Ushbu uskunalar ma’lumotlari interaktiv xaritasida o‘z aksini topadi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 1 iyuldagi 546-son qarori bilan yer qa’ri uchastkalaridan foydalanish huquqiga litsenziyalar berish “E-IJRO AUKSION” yagona elektron savdo maydonchasi orqali amalga oshirilishi belgilangan.

– Barcha tizimlarda bo‘lgani kabi gidrogeologik sohani modernizatsiya ishlari qanday tashkil etilmoqda? Keyingi paytda bu masaladagi muammolar yechimi nimalarda ko‘rinmoqda?

– 2011-2016 yillarda modernizatsiya bo‘yicha 106 milliard so‘m ajratilgan bo‘lsa, 2017-2020 yillarda 4 marta ko‘p, ya’ni 375 milliard so‘mni tashkil etdi. Buning natijasida geologiya-qidiruv ishlarida eng ilg‘or uskuna va innovatsion metodlarni qo‘llash orqali salmoqli natijalarga erishildi.

Misol uchun, 70 ta burg‘ilash uskunalari joriy etish orqali unumdorlik 125 foizga oshdi, kern chiqishini 95 foizga yetkazildi.

Yana bir muhim jihati, modernizatsiya tufayli jarayonlarda inson omili kamaytirildi. Bu yana avtomatik raqamli elektron bazasini shakllantirish va geologik ma’lumotlarni ishonchlilik darajasini oshirish imkonini berdi. Uskunalar va maxsus texnikaning eskirganlik darajasi ham 82 foizdan 56 foizga tushdi.

2019 yilda Markaziy Osiyoda ilk bor zamonaviy aerogeofizik usullar kompleksini ishga tushirib, innovatsion usullarda yer qa’rini o‘rganishni joriy etildi. Vertolyotga osilgan geofizik uskuna orqali Qurama hamda Ziyoviddin tog‘larida jami 1600 kvadrat kilometr, 2020 yilda 7000 kvadrat kilometr maydonda aerogeofizik tahlil-o‘lchov ishlari o‘tkazildi.

An’anaviy usulda 1000 kvadrat kilometrni 4 yilda o‘rganilgan joyda, bu usul bilan atigi 1-2 oy vaqtda amalga oshdi, xarajat 4-5 barobar arzonlashdi. Shunday yangi usul va texnologiyalar qo‘llash natijasida byudjet mablag‘lari hisobidan 90 ta yangi konr bo‘yicha zaxiralar oshirilib, davlat zaxiralar balansiga qo‘yildi. Jumladan, 2016 yilda 7 ta, 2017 yilda 12 ta, 2018 yilda 13 ta, 2019 yilda 17 ta 2020 yilda 18 ta, 2021 yilni birinchi yarim yilligida esa 8 ta xil qazilma zaxiralari o‘stirildi.

Muxtasar aytganda, yer qa’rini geologik jihatdan o‘rganish, xususan, so‘nggi besh yillikda gidrogeologik ishlar bo‘yicha erishilgan natijalar aholini ehtiyojini qondirishda, qishloq xo‘jaligi sohasi rivojida muhim ahamiyatga ega.

 

 

O‘zA muxbiri Nasiba ZIYODULLAEVA suhbatlashdi.