Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekistonda ilk bor YeITU bilan hamkorlikda ilmiy loyihalarga grant ajratildi
15:51 / 2020-12-20

O‘zbekiston – Yevrosiyo ilmiy tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlash uyushmasi (YeITU) ko‘p tomonlama xalqaro hamkorligi doirasida ikkita ilmiy loyihaga grant mablag‘lari ajratiladi. Bu 2021-2023 yillarga mo‘ljallangan ilmiy-texnik loyihalar tanlovi natijalari bo‘yicha amalga oshiriladi.

O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi va Yevrosiyo ilmiy tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlash uyushmasi o‘rtasida imzolangan hamkorlik shartnomasi doirasida e’lon qilingan ilmiy-texnik loyihalar tanloviga 38 ta loyiha kelib tushgan.

Ekspertiza jarayoni, ilmiy-texnik kengashlardagi taqdimot va muhokamalar natijasiga ko‘ra, 11 ta ilmiy-texnik loyiha moliyalashtirishga tavsiya qilindi. YeITUga a’zo ishtirokchi davlatlarning har biri tomonidan ijobiy ekspertiza xulosasini olgan 2 ta loyiha moliyalashtirilishiga kelishildi.  

«Yangi avlod rekombinant toksinlarini yaratishda ribosomani inaktivatsiyalovchi oqsillarning tuzilishi va funksiyasi» loyihasi O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi akademik O.S.Sodiqov nomidagi Bioorganik kimyo instituti, Belarus Milliy Fanlar akademiyasi Bioorganik kimyo instituti, Rossiya Fanlar akademiyasi akademiklar M.M.Shemyakin va Yu.A.Ovchinnikov nomidagi Bioorganik kimyo instituti, Vetnam Fan va Texnologiyalar akademiyasi Biotexnologiya instituti olimlari tomonidan amalga oshiriladi.

Mazkur tadqiqot o‘simta to‘qimalariga maxsus ta’sir ko‘rsatadigan va nojo‘ya ta’sirga ega bo‘lmagan dorilarni yaratishga qaratilgan. Oddiy va o‘simta hujayralari orasidagi molekulyar, biokimyoviy, irsiy farqlar, ayniqsa o‘simta to‘qimalarida metabolizm, dorilarni, radioizotoplarni, sitotoksinlarni maqsadli yetkazib berish usullarini ishlab chiqish uchun nazariy asos yaratadi.

Shuningdek, Rossiya Fundamental tadqiqotlar jamg‘armasining Yevrosiyo ilmiy tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlash uyushmasi hamkorligidagi ko‘p tomonlama ilmiy-texnik loyihalar tanlovi natijalariga ko‘ra, Fanlar akademiyasi Mikrobiologiya institutida “Akvakultura mikroorganizmlaridan foydalangan holda baliqlar uchun ozuqa yem qo‘shimchasini yaratish” loyihasi bo‘yicha ilmiy izlanishlar olib borish rejalashtirilgan.

Ushbu loyiha Rossiya Federatsiyasining Janubiy Federal universiteti va Armaniston Milliy agrar universiteti olimlari bilan hamkorlikda bajariladi. Tadqiqot xar bir mamlakatdagi baliqchilik xo‘jaliklarining ehtiyojlarini hisobga olgan holda, Rossiya, Armaniston va O‘zbekistonda akvakulturadan foydalanish uchun yuqori samarali maqsadli probiotik preparatlarni yaratishga qaratilgan.

O‘zA