O‘zbekiston Texnik jihatdan tartibga solish agentligi tasarrufidagi O‘zbekiston Milliy metrologiya instituti Toshkent davlat texnika universiteti bilan hamkorlikda muhim ilmiy-amaliy loyihani amalga oshirdi. Mamlakatimizda ilk marotaba xalqaro talablarga mos bo‘lgan “Kontaktli sath o‘lchash etaloni” yaratildi.
Mazkur etalon ochilish tadbirida O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Kongratbay Sharipov hamda Texnik jihatdan tartibga solish agentligi direktori Akmal Jumanazarov ishtirok etdi. Ular loyihani sohaning izchil rivojlanishi, innovatsiyalarni joriy etish va milliy metrologiya tizimini xalqaro talablarga moslashtirish yo‘lidagi muhim qadam sifatida baholadi.
– Yangilik o‘lchashlar birligini ta’minlash, sanoatda ishonchlilikni oshirish va milliy kalibrovka xizmatlarini xalqaro maydonda raqobatbardosh qilishda katta ahamiyat kasb etadi, – deydi O‘zbekiston milliy metrologiya instituti ilmiy-tadqiqot va innovatsiyalarni rivojlantirish masalalari bo‘yicha direktor maslahatchisi, Tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori Barno Ungboyeva. – Yangi etalonning asosiy imkoniyatlari, 0 dan 4 metrgacha bo‘lgan diapazonda ishlaydi. Suyuqlik sathini o‘lchashda ±0,3 mm. aniqlikni ta’minlaydi. Turli tipdagi kontaktli urovnemerlarni kalibrlash va qiyoslash imkonini beradi. Raqamlashtirilgan boshqaruv, real-time monitoring va avtomatik hisobot shakllantirish funksiyalari bilan jihozlangan.
Mutaxassislarning fikriga ko‘ra, etalonning ishga tushirilishi milliy metrologiya infratuzilmasini mustahkamlaydi, kalibrovka xizmatlarining xalqaro raqobatbardoshligini oshiradi va eksport salohiyatini kengaytiradi.
Yangi etalon — yuqori aniqlik, innovatsion yondashuv va xalqaro standartlarga moslikning amaldagi ifodasi bo‘lib, milliy metrologiya tizimini yangi bosqichga olib chiqadi.
Ushbu loyiha orqali 0 dan 4 metrga qadar bo‘lgan sath o‘lchash vositalari — mikroto‘lqinli (GWR – Guided Wave Radar), sig‘imli (Capacitive), segment-sig‘imli hamda boshqa kontaktli urovnemerlar kalibrlanishi va qiyoslanishi mumkin. Tizim Industry 4.0 konsepsiyasiga mos ravishda ishlab chiqilgan bo‘lib, real-time monitoring, data logging, tracyeability va avtomatik hisobot shakllantirish imkoniyatlarini o‘z ichiga oladi.
Xavfsizlik va ish ishonchliligi masalalarida overfill protection, avariyaviy o‘chirish, chegaraviy sath signalizatsiyasi, elektr xavfsizligi va zazemleniye tizimlari joriy etilgan. Barcha konstruktiv yechimlar mehnat muhofazasi va sanoat xavfsizligi bo‘yicha ISO va GOST standartlariga mos.
Ushbu etalon orqali milliy metrologiya tizimi mustahkamlanib, kalibrovka xizmatlarining xalqaro raqobatbardoshligi oshadi, eksport salohiyati kengayadi va WTO TBT (Technical Barriyers to Trade) talablariga mos ish yuritish imkoniyati yaratiladi.
Yangi etalon yuqori aniqlik, innovatsion yondashuv va raqamli metrologiya konsepsiyasining amaliy ifodasi sifatida baholanmoqda. Ushbu etalon yordamida respublikamizdagi barcha sath o‘lchash vositalari — urovnemerlar 750 dan ortiq kalibrlash va qiyoslashga muvofiq ishlaydi.
Etalon sathni o‘lchash jarayonida 0,02 mm.gacha aniqlikni ta’minlaydi va 0 dan 4 metrga qadar bo‘lgan diapazonda ishlaydi. Bu yuqori aniqlik etalonga metrologik ishontirish, kontaktli urovnemerlar uchun qiyoslash natijalarining qayta takrorlanishini va izchilligini kafolatlaydi.
Shuningdek, O‘zMMI hududiy filiallari tomonidan xalqaro standartlar asosida aniq ishlaydigan innovatsion uskunalar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi va birinchi prototiplari ishga tushirildi. Ayni vaqtda bunday o‘lchash vositalari 13 tani tashkil etmoqda.
Tadbir davomida ushbu loyiha doirasida ko‘rsatgan yuqori professionalizm, tashabbuskorlik va amaliy hissasi uchun loyiha ishtirokchilari taqdirlandi.
Shahnoza Mamaturopova, O‘zA