Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekistonda ilk bor xalqaro uloq-ko‘pkari musobaqasi o‘tkaziladi
11:09 / 2022-03-22

Surxondaryo viloyatida joriy yilning 24-26 mart kunlari bo‘lib o‘tadigan xalqaro uloq-ko‘pkari musobaqasiga puxta hozirlik ko‘rilmoqda.

Prezidentimizning 2021 yil “Surxondaryo viloyatida qorabayir zotli otlarni yetishtirish va ommalashtirish hamda ot sporti turlarini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qarori ijrosi doirasida tashkil etilayotgan nufuzli bellashuv Termiz tumanida joylashgan Milliy gvardiya huzuridagi Qorabayir otlari mahorat maktabi maydonida o‘tkaziladi. Yangiobod mahallasi hududidagi 64 gektardan ortiq maydonda joylashgan Qorabayir otlari mahorat maktabida xalqaro turnirni yuqori saviyada tashkil etish uchun barcha sharoit mavjud. 

–Xalqaro musobaqada mamlakatimiz va vohamiz vakillari, ko‘plab xorijlik chavondozlar ishtirok etadi, – deydi Surxondaryo viloyati sportni rivojlantirish bosh boshqarmasi boshlig‘i Abdumutalip Arabov.– O‘tmishdan xalqimizning eng suyukli mashg‘ulotlaridan biri bo‘lgan uloq-ko‘pkari musobaqasini dunyoga keng namoyish etadigan xalqaro bellashuvni yuksak darajada tashkil etishga qizg‘in tayyorgarlik ko‘rilmoqda. Ko‘pkari bo‘lib o‘tadigan hududda chavondozlar, xorijlik va mahalliy mehmonlar hamda muhlislar uchun barcha qulaylik yaratilayotir. Ko‘cha va xiyobonlar, xalqaro turnir bo‘lib o‘tadigan hudud bayramona bezatilib, milliy qadriyatlarimiz va milliy sport o‘yinlarimiz aks ettirilgan bannerlar o‘rnatilayotir. G‘oliblar va eng epchil chavondozlar munosib taqdirlanadi. 

Sportni rivojlantirish vazirligi, Milliy Olimpiya qo‘mitasi, Milliy gvardiya, O‘zbekiston uloq-ko‘pkari federeratsiyasi va viloyat hokimligi hamkorligida o‘tkaziladigan turnir mehmonlarini kutib olish, joylashtirish va bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazishga ham alohida hozirlik ko‘rildi. Tadbir doirasida milliy sport turlari va boshqa ko‘rgazmali chiqishlarni namoyish etish mo‘ljallanmoqda.

Ma’lumotlarga ko‘ra, xalqaro bellashuvda o‘nga yaqin davlatdan 120 ga yaqin eng mohir chavondoz, shuningdek, qator mamlakatlardan tajribali murabbiy va hakamlar ishtirok etishi kutilmoqda. 

Xolmo‘min MAMATRAYIMOV, 
O‘zA muxbiri