Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekistonda ilk bor “COOMETning eng yaxshi yosh metrologi” xalqaro tanlovi o‘tkazildi
14:33 / 2025-11-11

O‘zbekiston milliy metrologiya institutida “COOMETning eng yaxshi yosh metrologi” XI xalqaro tanlovi bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston milliy metrologiya instituti tomonidan tashkil etilgan bu yilgi tanlovning o‘ziga xos jihati shundaki, unda nafaqat COOMETga a’zo mamlakatlar, balki boshqa mintaqaviy metrologiya tashkilotlariga a’zo davlatlardan ham yosh olim va mutaxassislar ishtirok etdi.

Shuningdek, bu yilgi tanlovda COOMETga a’zo davlatlar -  Ozarbayjon, Belarus, Qozog‘iston, Rossiyadan yosh mutaxassislar, O‘zbekiston nomidan Toshkent davlat texnika universiteti, Andijon davlat texnika universiteti va O‘zbekiston milliy metrologiya instituti vakillari ishtirok etmoqda.  

“COOMETning eng yaxshi yosh metrologi” xalqaro tanlovi — ilmiy darajasi va lavozimidan qat’i nazar, COOMETga a’zo mamlakatlar milliy metrologiya institutlari hamda boshqa metrologiya muassasalarida faoliyat yuritayotgan 35 yoshgacha bo‘lgan yosh mutaxassislar o‘rtasida har ikki yilda bir marotaba o‘tkaziladigan nufuzli ilmiy tadbir hisoblanadi.

Tadbirda 15 nafar ekspertdan iborat ilmiy qo‘mita ishtirokchilarni baholaydi.  

—Bu nufuzli xalqaro tanlov O‘zbekistonda ilk bor tashkil etilmoqda. Ushbu xalqaro tanlovning mamlakatimizda o‘tkazilishi, O‘zbekistonning metrologiya sohasidagi xalqaro nufuzini oshirishga xizmat qiladi, — deydi O‘zbekiston milliy metrologiya instituti direktori Lazizbek Saidoripov. — Qolaversa, yosh metrologlarimizga xalqaro miqyosda o‘z salohiyatini namoyon etish imkonini beradi. Tanlov innovatsion ilmiy izlanishlar va hamkorlik loyihalarini rivojlantirishga zamin yaratadi.

Ma’lumot o‘rnida aytish joiz, ushbu tanlov 2013 yildan boshlab muntazam o‘tkazib kelinmoqda. Tadbir davomida ishtirokchilar o‘z ilmiy ishlarini ikki tilda — rus va ingliz tillarida taqdim etdi. Tanlovda ilmiy hamda amaliy yo‘nalishlar bo‘yicha eng ilg‘or loyihalar baholandi.

Tanlovning asosiy maqsadi yosh metrologlarning xalqaro ilmiy hamjamiyatdagi faol ishtirokini ta’minlash, ularning ilmiy izlanishlari va yutuqlarini e’tirof etish, shuningdek, COOMET mamlakatlari o‘rtasida tajriba almashishni yo‘lga qo‘yishdan iborat.

Shu bilan birga, tanlov, yosh mutaxassislarning xalqaro va mintaqaviy hamkorlikdagi faolligini oshirish, ilmiy faoliyatda salmoqli natijalarga erishgan yosh metrologlarni rag‘batlantirish, metrologiya sohasida ilg‘or texnologiyalarni o‘rganish va qo‘llashni kengaytirish, COOMET a’zolari o‘rtasidagi ilmiy-texnikaviy hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qildi.

Tanlov natijalari bo‘yicha g‘oliblar COOMET Prezidenti tomonidan maxsus sovg‘alar va pul mukofotlari bilan taqdirlandi.  

[gallery-26171]

Shuningdek, “Eng yaxshi ingliz tilidagi taqdimot”, “Ilmiy metrologiya bo‘yicha eng yaxshi ish”, “Amaliy metrologiya bo‘yicha eng yaxshi ish” kabi maxsus nominatsiyalar ham belgilangan.

Tadbir doirasida ilmiy taqdimotlar, panel muhokamalar, COOMETning istiqboldagi ilmiy loyihalariga bag‘ishlangan davra suhbatlari, shuningdek, O‘zbekistonning metrologiya infratuzilmasi bilan tanishtiruvchi amaliy ekskursiyalar tashkil etildi.

Tanlov natijalariga ko‘ra taqdim etilgan ilmiy ishlar to‘plami COOMET nashrlarida chop etiladi.  

Shahnoza Mamaturopova,

Rustam Nazarmatov (surat), O‘zA