Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekistonda ilk AESni qurish hayotiy zaruratmi? (+video)
17:12 / 2025-10-10

Mamlakatimizda energetika tizimini diversifikatsiya qilish va barqaror rivojlanishni ta’minlash maqsadida atom energetikasini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Bu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar mamlakatning energetik mustaqilligini mustahkamlash, elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmini oshirish hamda uglerod chiqindilarini kamaytirishda muhim ahamiyatga ega.   

So‘nggi yillarda mamlakatimizda atom energetikasini rivojlantirish bo‘yicha izchil ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, O‘zbekiston va Rossiya davlatlari o‘rtasida imzolangan qator hujjatlar Jizzax viloyati hududida birinchi atom elektr stansiyasini qurish uchun muhim huquqiy asos bo‘lib xizmat qilmoqda.   

Joriy yilning 25-26 sentyabr kunlari Moskva shahridagi Xalq xo‘jaligi yutuqlari ko‘rgazmasi majmuasida bo‘lib o‘tgan Jahon atom haftaligida ishtirok etgan O‘zbekiston delegatsiyasi vakillari mamlakatimizda atom elektr stansiyasi qurish loyihasi strategik ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.   

Ushbu nufuzli tadbirda ishtirok etgan mustaqil ekspert, politolog Baxtiyor Ergashev bilan suhbatimiz ham aynan shu mavzuga bag‘ishlandi.   

– Baxtiyor aka, Jahon atom haftaligida 120 ga yaqin mamlakat vakillari hamda soha mutaxassislari ishtirok etdi. Tadbir dasturlarining rang-barangligi va muhokama qilingan mavzularning dolzarbligi diqqatga sazovor. Haftalik ishtirokchisi sifatida sizda qanday taassurotlar qoldirdi?   

– Bilasizmi, so‘nggi 50-60 yil ichida atom elektr stansiyalari asosan, global g‘arb mamlakatlarida, jumladan, Fransiya, AQSH va Buyuk Britaniya kabi davlatlarda qurilgan. Ammo bu galgi tadbir shuni ko‘rsatdiki, endilikda global janub ham atom energetikasi sohasiga faol kirib kelmoqda va loyihalarni rejalashtirib, amaliyotga tatbiq etmoqda. Masalan, Turkiya, Misr, Bangladesh va Hindiston shular jumlasidandir.   

Hozirgi kunda O‘zbekiston ham ana shu mamlakatlar safidan munosib o‘rin egallashga intilmoqda. Haftalik davomida yana kamida 10 ta davlat o‘zining atom elektr stansiyasiga ega bo‘lishga qiziqish bildirganini bildim.   

Men uchun bu haftalikning eng katta natijasi global janubning atom energetikasini rivojlantirish yo‘lida qat’iy qadam qo‘yayotganidir. Tadbirda ayrim davlatlar yadroviy tibbiyotni rivojlantirayotganini namoyish qilgan bo‘lsa, boshqalari kichik quvvatli AESlar loyihalarini amalga oshirish haqida so‘zlab berdi. Yana ayrim ishtirokchilar esa yirik AESlarga bo‘lgan ehtiyoj ortib borayotganini ta’kidladi.  

Umuman olganda, haftalik katta muloqot maydoniga aylandi. Unda 118 davlat vakillari tajriba almashdi, fikr yuritdi va o‘z yangiliklarini namoyish etdi.   

– Haftalik doirasida zamoanaviy ko‘rgazma ham tashkil etildi. E’tiborlisi, unda O‘zbekistonning o‘ziga xos milliy stendi namoyish etildi. Shu haqda ham to‘xtalib o‘tsangiz.   

– Yadro sohasida katta tajribaga ega davlatlar qatorida O‘zbekiston ekspozitsiyasining namoyish etilgani men uchun faxr-iftixor bo‘ldi.   

O‘zbekistonda yadro sohasi noldan boshlanayotgani yo‘q. Bizda ko‘p yillardan buyon Yadro fizikasi instituti faoliyat yuritib kelmoqda. U yerda o‘zining tajriba reaktori mavjud bo‘lib, hozirgi kunda ham faol ishlab turibdi.  

Demoqchimanki, bu sohada muayyan tajriba va ilmiy salohiyatga egamiz. Bugun esa sohani rivojlantirishning keyingi bosqichiga chiqish arafasida turibmiz. Namoyish etilgan milliy stendimizda aynan shu jarayonlar, ya’ni mamlakatimizda yadro sohasining bosqichma-bosqich rivojlanib borayotgani yorqin ifoda topgan.   

Mazkur yo‘nalish bo‘yicha zarur tajriba to‘plangan, yetuk kadrlar shakllangan va hozirgi maqsad esa bu salohiyatni yanada rivojlantirishdir.  

– O‘zbekistonda birinchi atom elektr stansiyasi qurilishi loyihasi amalga oshirilmoqda. Biroq hamyurtlarimiz mazkur loyihaga nisbatan turlicha fikr bildirmoqda. Sizningcha, mamlakatimizda ilk AESni barpo etish hayotiy zaruratmi?  

– 2019 yilda “Energetika sohasini rivojlantirish konsepsiyasi”ni tayyorlash jarayonida ekspertlar ko‘plab muhim jihatlarga e’tibor qaratgan. Ushbu hujjatda issiqlik elektr stansiyalari, qayta tiklanuvchi energiya manbalari hamda atom elektr stansiyasi qurish masalalari qamrab olingan.   

Asosiy maqsad esa mamlakat energetika tizimini diversifikatsiya qilishdan iborat. Qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish muhim, ammo ular quyosh va shamolga bog‘liq bo‘lib, ma’lum mavsumiy cheklovlarga ega. Atom elektr stansiyalarida esa energiya ishlab chiqarish barqaror tarzda amalga oshiriladi. Agar biz faqat quyosh va shamol stansiyalariga suyansak, kelgusi yillarda katta qiyinchiliklarga duch kelishimiz mumkin. Shu sababli, AES qurish zarurati tug‘ilmoqda, chunki u bazaviy energiya manbai hisoblanadi.   

Ochig‘ini aytganda, hozirgi energiya tanqisligi aholi turmush darajasi va biznes faoliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Shu bois, AES bu muammolarni bartaraf etishda muhim yechim bo‘ladi.   

Haftalikning plenar sessiyasida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev eng muhim jihatni ta’kidlab o‘tdi: mamlakatimizda albatta, atom elektr stansiyasi quriladi va bu innovatsion loyiha bo‘ladi.   

Loyiha doirasida ikkita kam quvvatli hamda ikkita katta quvvatli reaktor qurilishi rejalashtirilgan. Uning innovatsion jihati shundaki, dunyoda hali bu kabi kompleks loyiha amalga oshirilmagan.   

Quvonarlisi, O‘zbekiston bu yo‘nalishda ilk qadamni qo‘ydi va zamonaviy atom energetikasini joriy etish sari qat’iy intilayotgan davlatlar qatoriga qo‘shildi.   

<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/XXcTzrkEXWQ" title="O‘zbekistonda ilk AESni qurish hayotiy zaruratmi?" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>

– AES qurilishi yurtimiz uchun katta yangilik hisoblanadi. Ammo ayrim fuqarolarning ta’kidlashicha, mamlakatda suv tanqisligi mavjud. Stansiya faoliyati uchun esa ko‘p miqdorda suv talab etiladi. Bunday sharoitda suv ta’minoti bilan bog‘liq muammolar yuzaga kelmaydimi?   

– AES reaktorlari turlicha bo‘ladi. Masalan, Kalinin AESini olsak, u yerda suv yetarli, ya’ni suv bilan bog‘liq muammo yo‘q. Lekin bizdagi holat boshqacharoq. Shu bois, bu masalaga mutaxassislar katta e’tibor qaratmoqda.   

Bu muammoga faqat O‘zbekiston emas, balki boshqa davlatlar ham duch kelgan. Yechim esa zamonaviy texnologiyalar bilan bog‘liq. Masalan, shunday qurilmalar borki, ular suv sarfini 2-3 baravar kamaytiradi. Bunday texnologiyalar Vengriyada mavjud bo‘lib, ularni kichik yoki katta reaktorlarga moslashtirish mumkin. Shu kabi ishlanmalar Xitoyda ham yaratilmoqda.   

Ta’kidlash joizki, hozirgi kunda jahon tajribasi yetarli va bu masala ko‘p bor o‘rganilgan. Albatta, suv tejamkorligiga erishishimiz lozim, lekin bu muammo hal etiladi. Muhimi, biz muammoni bilamiz, uning yechimini izlayapmiz va topamiz.   

Yana bir jihatga to‘xtalsam, AES qurilishi uchun tanlangan hududda suv mavjud. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, u miqdor loyiha ehtiyojlari uchun yetarli hisoblanadi.   

Nasiba Ziyodullayeva, Muqimjon Qodirov,

Anvarxo‘ja Ahmedov (video, montaj), O‘zA