O‘zbekistonda aholini ijtimoiy himoyalash tizimi samaradorligini oshirish maqsadida xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik qilinmoqda.
Jumladan, YUNISEF bilan birga ijtimoiy himoya dasturlari, xususan koronavirus pandemiyasi sharoitida bunday dasturlarni yanada kengroq boshqaradigan yagona reyestrning axborot tizimini takomillashtirish ustida ish olib borilmoqda.
Moliya vazirligi va YUNISEF o‘rtasidagi texnik yordam doirasida Moliya vazirligi huzuridagi Byudjetdan tashqari pensiya jamg‘armasiga 300 dan ortiq texnik jihozlar topshirildi.
Bu ijtimoiy himoyaning yagona reyestri, ijtimoiy nafaqalarni elektron tarqatish jarayonini optimallashtirish imkonini beruvchi axborot tizimi ishini takomillashtirishda foydalaniladi.
Jihozlar Byudjetdan tashqari pensiya jamg‘armasining tuman va shahar bo‘limlari o‘rtasida taqsimlanadi.
Moliya vaziri o‘rinbosari Ahadbek Haydarov YUNISEF bilan hamkorlik O‘zbekistonda ijtimoiy himoya tizimini takomillashtirishda muhim o‘rin tutayotganini ta’kidladi.
– Muhtoj oilalar, bolalarga naqd pul yordami adolatli taqsimlanishiga yordam beradigan samarali tizim yanada takomillashadi, – dedi YUNISEFning O‘zbekistondagi vakili Munir Mammadzoda. – Bu milliy ijtimoiy himoya tizimining hisobdorligi va shaffofligini oshirish, qamrov va samaradorlikni oshirishga olib keladi, deb o‘ylaymiz. Biz ushbu uskunalarni topshirishdan mamnunmiz.
Ijtimoiy himoya yagona reyestri dastlab 2019 yilda Sirdaryo viloyatida ishga tushirildi. 2020 yilning oxiriga qadar mamlakatning barcha hududlarida ro‘yxatga olish kitobi joylashtirildi. Hozirda Yagona reyestrda kam ta’minlangan, bolali oilalar uchun ijtimoiy nafaqalar qamrab olingan. Endilikda tizimning samarali ishlashiga harakat qilinmoqda.
Uchrashuv yakunida tomonlar ijtimoiy himoya dasturlarini takomillashtirish va yanada qo‘llab-quvvatlashda o‘zaro hamkorlik davom etishini qayd etdi.
Muattar Burhonova,
O‘zA