JSST ma’lumotlariga ko‘ra, har yili dunyo miqyosida 570 mingdan ortiq ayolda bachadon bo‘yni saratoni birinchi bor qayd etiladi. Ularning 311 ming nafari ushbu kasallik oqibatida vafot etadi.
O‘zbekistonda ham bachadon bo‘yni saratoni barcha yoshdagi ayollar o‘rtasida ko‘krak bezi saratonidan keyingi o‘rinda turadi va keng tarqalgan saraton xastaligi hisoblanadi. Tug‘ish yoshidagi ayollar (18-45 yosh) orasida kasalliklardan o‘lim ko‘rsatkichi bo‘yicha esa bachadon bo‘yni saratoni ko‘krak bezi saratonidan keyin ikkinchi o‘rinda turadi. O‘zbekistonda bachadon bo‘yni saratoni har 100 ming nafar ayoldan 11 nafarida uchraydi.
Sog‘liqni saqlash vazirligi va Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga O‘zbekistonda bachadon bo‘yni saratoniga chalinish ko‘proq 35-55 yoshli ayollar orasida kuzatilmoqda.
Bu haqda AOKAda “Bachadon bo‘yni saratonini oldini olish borasida olib borilayotgan ishlar” yuzasidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida so‘z yuritildi.
Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Nurmat Otabekovning ma’lumot berishicha, Virusologiya ilmiy-tekshirish instituti hamda Janubiy Koreyaning KOFIH fondi hamkorligida Toshkent shahridagi 5 ta, Andijon viloyatidagi 2 ta, Samarqand viloyatidagi 4 ta oilaviy poliklinikada bepul skrininglar o‘tkazildi. Ushbu skrining tekshiruvlari 30-49 yoshli ayollar orasida tashkil etilib, jami 44258 nafar ayol tekshiruvlardan o‘tkazildi. Ularning 338 nafarida bachadon bo‘yni saraton oldi kasalliklari aniqlandi va bu ayollar tegishli tibbiyot muassasalariga davolanish uchun yuborildi. Ular hozirda xalqaro standartlarga muvofiq kerakli davo muolajalarini olmoqda.
Kasalliklarni erta bosqichda aniqlash uchun yiliga 3 million kishini skrining tekshiruvlaridan o‘tkazish va 35-65 yoshdagi ayollarni bachadon bo‘yni va ko‘krak bezi saratoni uchun skrining bilan qamrovini 70 foizga oshirish vazifasi qo‘yilgan.
Kasallanish va o‘lim darajasi yuqori bo‘lishiga qaramasdan odam papilloma virusi yuzaga keltiradigan bachadon bo‘yni saraton oldi kasalliklarini to‘liq davolash imkoni mavjud.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, bachadon bo‘yni saratoni 90 foiz holatlarda odam papilloma virusi tomonidan chaqirilgan infeksiyalardan boshlanadi.
Saraton rivojlanishning dastlabki bosqichlarida aniqlansa, uni ham to‘liq tuzatish imkoniyatlari mavjud.
Demak, bachadon bo‘yni saratonining oldini qizlarni odam papilloma virusiga qarshi emlash orqali ham olish mumkin.
O‘zbekistonda 9-14 yoshli qizlarni odam papilloma virusiga qarshi emlash ishlari 2019 yilda boshlangan bo‘lib, Sog‘liqni saqlash vazirligining ma’lumotlariga ko‘ra, bugungi kunda 94 foiz qizlar emlangan.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ayollarga bachadon bo‘yni saratoniga chalinmasliklari uchun 25-49 yosh davrlarida har 3 yilda, 50-64 yosh davrlarida esa har 5 yilda skrining tekshiruvlaridan o‘tib turishlarini tavsiya etadi. Qizlarni kelajakda bachadon bo‘yni saratoni kasalligidan saqlash uchun esa ularni 9-14 yosh davrida odam papilloma virusiga qarshi emlash tavsiya etiladi.
Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi , Janubiy Koreyaning KOFIH fondi va Virusologiya ilmiy- tadqiqot instituti tomonidan o‘tkazilgan anjuman so‘ngida ommaviy axborot vositalari vakillarining savollariga javob berildi.
Mohigul Qosimova, O‘zA