Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekistonda go‘sht narxining o‘sishi mavsumiy xarakterga egami? – Mutaxassis javobi
18:12 / 2022-06-14

Global iqlim o‘zgarishi, xususan, yog‘ingarchilik miqdorining kamayishi go‘sht va go‘sht mahsulotlari narxining oshishiga ta’sir qilishi mumkin. Xorijlik olimlarning tadqiqotlariga ko‘ra, birinchidan, qurg‘oqchilik tufayli qoramollarni yaylovlarda boqish imkoniyati kamaysa, ikkinchidan, mol go‘shti ishlab chiqarishda ozuqaning asosiy manbalari bo‘lgan makkajo‘xori va soya yetishtirish keskin qisqaradi.

Yaqinda Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti ekspertlari tomonidan iqlim o‘zgarishining aynan go‘sht narxiga ta’sirini aniqlashga qaratilgan tadqiqot olib borildi. O‘tkazilgan tahlil natijalariga ko‘ra, O‘zbekistonda go‘sht narxining o‘sishi mavsumiy xarakterga ega. Iyul, avgust, sentyabr va oktyabr oylarida eng yuqori o‘sish sur’atlari qayd etiladi. 

–2019 yilning ana shu oylarida mol go‘shti narxi 3,6 foiz, 7,6 foiz, 5,8 foiz va 2,1 foiz, 2020 yilda esa 0,6 foiz, 1,5 foiz, 3,3 foiz va 5,9 foizga ga oshgan, – dedi PMTI bosh ilmiy xodimi Suhrob Mahmudov. –O‘zbekistonda dekabr-yanvar oylarida narxning tushishi yoki kam miqdorda o‘sishi kuzatiladi.  Go‘sht narxning o‘zgarish dinamikasi fevral oyining oxiri, mart va aprel oylaridagi yog‘inlar miqdori va bu oylardagi havo harorati bilan uzviy ravishda bog‘liq. Yaylovlarda chorva mollari iste’mol qiladigan o‘simliklarning erta bahorda unib chiqishi, o‘sishi va yetilishidagi asosiy omil ham shu. 

Xususan, fevral oyining oxiri va mart oyida yog‘ingarchilik miqdori va quyoshli kunlarning kam bo‘lishi o‘simliklar baravj o‘smasligi va yetilgan o‘simliklarning bo‘yi past bo‘lib qolishiga olib keladi. Bu esa ozuqa tanqisligini keltirib chiqaradi. O‘zbekistonda fevral, mart va aprel oylaridagi o‘rtacha yog‘ingarchilik miqdori 2019 yilda 118,0 mm.ni tashkil etgan bo‘lsa, 2020yilda 92,4 mm.gacha kamaygan. 2018-2020 yillarni qamrab olgan tadqiqot natijalari mamlakatimizda 22 foiz holatda yog‘ingarchilikning o‘zgarishi mol go‘shti narxining o‘zgarishi bilan bir paytga to‘g‘ri kelishini ko‘rsatdi.  

PMTI katta ilmiy xodimi Mirzabek Jamolovning qayd etishicha, yog‘ingarchilik miqdori ma’lum bir davr uchun yomg‘ir va qorning taxminiy suv ekvivalenti yig‘indisi sifatida aniqlanadi. Yangi yoqqan qor uchun 0,1 solishtirma og‘irlik qo‘llaniladi, ya’ni 10 dyuym (25,4 sm) yangi yoqqan qor bir dyuym (2,54 sm) yomg‘irga teng deb hisoblanadi.  

–O‘zbekiston hududlari orasida Toshkent, Namangan, Surxondaryo va Jizzax viloyatlari eng ko‘p yog‘ingarchilik kuzatiladigan hududlar sanalsa, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm, Navoiy va Buxoro viloyatlari mazkur ro‘yxatda oxirgi o‘rinlardan joy olgan. Iqlim tadqiqotlari bo‘limi (Climatic Research Unit) ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakatda yog‘ingarchilikning eng ko‘p miqdori 1969 yilda kuzatilgan. O‘shanda yillik o‘rtacha yog‘in miqdori Toshkent viloyatida 77,1 mm., Namangan viloyatida 66,8 mm., Sirdaryo viloyatida 58,0 mm. va Jizzax viloyatida 57,5 mm. ga teng bo‘lgan. So‘nggi yillarda O‘zbekistonda yog‘ingarchilikning eng ko‘p miqdori 2003 yilda kuzatilgan bo‘lib, 2020 yil bilan qiyoslaganda yog‘inlarning yillik o‘rtacha miqdoridagi farq seryog‘in hududlar hisoblanuvchi Toshkent viloyatida 22,9 mm., Namangan viloyatida 19,0 mm., Farg‘ona viloyatida 15,9 mm. va Jizzax viloyatida 10,7 mm. ni tashkil etgan, –dedi M. Jalolov.

Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, global iqlim o‘zgarishi nafaqat go‘sht va go‘sht mahsulotlari narxining oshishi, balki oziq-ovqat masalalarini ham dolzarb mavzuga aylantirmoqda. Yog‘ingarchilik miqdorining kamayib ketishi oqibatlarini yumshatish, qurg‘oqchil sharoitga moslasha oladigan ekin navlarini yaratish, ularni yetishtirish texnologiyalarini ishlab chiqish va amaliyotga tatbiq etish bugun dunyo miqyosida zaruratga aylanmoqda.  

Nasiba ZIYODULLAEVA, O‘zA.