Keyingi vaqtlarda mamlakatimizda gilos plantatsiyalari kengayib bormoqda. Xususan, bu yil O‘zbekiston hududidagi 337,3 ming gektardan ortiq maydon bog‘larida gilos yetishtirilmoqda. Sababi, mamlakatimiz qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksportida gilos beshinchi o‘rinda turadi.
Statistika agentligining dastlabki ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekiston 2023 yilning yanvar-may oylarida 15 ta davlatga qiymati 38,9 million AQSH dollariga teng bo‘lgan 32,8 ming tonna gilos eksport qilgan. Qayd etilishicha, gilos eksporti o‘tgan yilning mos davri bilan solishtirilganda 14,4 ming tonnaga oshgan.
Shunga ko‘ra, 2023 yilning 5 oyida O‘zbekiston eng ko‘p gilos eksportini Rossiyaga – 19,8 ming tonna, Qozog‘istonga – 6,4 ming tonna, Qirg‘iz Respublikasiga – 6,1 ming tonna, Belarusga – 333 tonna, BAAga – 36 tonna, Xitoyga – 29 tonna, Malayziyaga – 17 tonna hamda Saudiya Arabistoniga – 10,5 tonna miqdorida amalga oshirgan.
Qayd etilishicha, Xitoy bozori gilos eksport qilish uchun eng yaxshi imkoniyatga ega ekan. Mazkur bozor o‘rtacha import hajmi 1,4 milliard AQSH dollariga teng bo‘lgan dunyodagi eng katta bozor ekan.
Gilos ekish va yetishtirishda resurs tejovchi innovatsion texnologiyalardan foydalanish uning hosildorligini oshirish imkonini beradi. Ushbu texnologiyalar tufayli 8-10 tonna yetishtirilishi kerak bo‘lgan hosil 12-13 tonnaga etadi.
Fermerlarimiz bu borada raqobatbardosh mahsulot yetishtirishning turli usullarini faol joriy etmoqda. Jumladan, gilosning ertapishar, eksportbop, hosildorligi yuqori, hududlarning iqlim sharoitiga mos navlarini ekish, qishloq xo‘jaligi ishlarida yuqori malakali mutaxassislarni jalb qilish, agrotexnik tadbirlarni to‘g‘ri amalga oshirish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Respublikamizning Farg‘ona viloyatida gilosning deyarli barcha navlarini yetishtirish yaxshi yo‘lga qo‘yilgan. Shuningdek, Uchko‘prik, O‘zbekiston va Oltiariq tumani qir-adirliklari dehqon xo‘jaliklariga berilishi natijasida ushbu hududlarda ham yildan-yilga gilos yetishtirish yaxshi rivojlanmoqda.
Erta pishar gilos may oyida yetiladi. Gilosning to‘q qizil va sariq navlari bor. Shuningdek, mashhur gilos navlari – «Sweet Ryana», «Sweet Lorenz», «Skeena», «Early Lory», «Revershon», «Valeriy Chkalov», «Vosxod», «Revna», «Napoleon» hamda «Stella» deb nomlanadi.
Gilosning foydali xususiyatlari ham talaygina. Jumladan, mazkur meva melatonin gormonining tabiiy manbai bo‘lib, u tanangizning ichki holatini boshqarishga va sog‘lom uyqu rejimiga yordam beradi. Ko‘z o‘tkirligining pasayishi, yurak quvvatsizlanganda tavsiya etiladi. Har kuni 25 ta yaxshi pishgan gilosni iste’mol qilish natijasida uch kun ichida sog‘lom va uzoqroq uxlashga erishiladi.
Mutaxassislar uyquni yanada yaxshilash uchun yotishdan oldin gilos iste’mol qilishni tavsiya qilishadi. Qaynatmasi yoki kompoti isitma tushiruvchi, shamollashda quvvat bag‘ishlovchi vosita sifatida tavsiya etiladi.
Gulnoza Boboyeva,
O‘zA