English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekistonda Germaniya investorlari ishtirokida 201 korxona faoliyat yuritmoqda
15:08 / 2022-11-01

Germaniya Federal tashqi ishlar vaziri Annalena Berbokning mamlakatimizga tashrifi doirasida Savdo-sanoat palatasida Germaniyaning eng yirik, ilg‘or korxonalari ishbilarmon doira vakillari ishtirokida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

Ma’lumki, Germaniya O‘zbekistonning Yevropadagi yetakchi biznes hamkorlaridan biri sanaladi. Oxirgi yillarda davlatlarimiz o‘rtasidagi savdo hajmi 1,5 barobar o‘sgan. Joriy yil birinchi yarmida O‘zbekiston-Germaniya o‘zaro tovar aylanmasi 499 million dollarni tashkil etdi.

Davra suhbatida Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vahobov 2021 yil mamlakatlarimiz o‘rtasida mahsulot ayirboshlash miqdori 762 million dollarga yetganini qayd etdi. Hozir yurtimizda Germaniya investorlari ishtirokidagi 201 korxona mavjud. Shularning 67 tasi 100 foiz ushbu davlat kapitali asosida faoliyat yuritmoqda. GFRning 31 firma va kompaniyasi respublikamizda vakolatxonasini ochgan.

Tadbir davomida xorijiy delegatsiya a’zolari mamlakatimiz iqtisodiy rivojlanishining bugungi holati, O‘zbekiston-Germaniya hamkorligini yanada rivojlantirishga doir asosiy yo‘nalishlar bilan tanishtirildi.

Ta’kidlash joiz, palata Germaniyaning turli kompaniyalari, jumladan, Saksoniya iqtisodiy ta’lim markazi – “BSW”, Germaniya xalqaro hamkorlik tashkiloti – “GIZ”, Konrad Adenauer jamg‘armasi, Germaniya iqtisodiyotining Markaziy Osiyodagi vakolatxonasi – “ANK”, “SEKUA”, “ADELFI” va boshqa tashkilotlar bilan faol hamkorlik qilib kelyapti.

Ayni jarayon ikki tomon ishbilarmon doiralari o‘rtasida doimiy aloqa o‘rnatish, ilg‘or Germaniya tajribasini turli yo‘nalishlar bo‘yicha o‘rganish va O‘zbekiston sharoitiga muvaffaqiyatli moslashtirishga xizmat qilmoqda.

Bu galgi davra suhbatida energetika, qurilish, transport va logistika sohalarida aloqani mustahkamlashga e’tibor qaratildi.

- Markaziy Osiyo davlatrlari, xususan, O‘zbekiston bilan Germaniya o‘rtasida savdo-iqtisodiy, madaniy, gumanitar sohalarda yaxshi munosabat yo‘lga qo‘yilgan, - dedi Germaniya iqtisodiyoti Sharqiy qo‘mitasi ijrochi direktori Mixael Xarms. – Bu sheriklikni yanada rivojlantirish, o‘zaro manfaatli soha va yo‘nalishlar ro‘yxatini kengaytirishimiz zarur. Bugun biz transport-logistika, qurilish, energetika, quyosh energiyasidan samarali foydalanish bo‘yicha fikr almashdik. Bunday uchrashuvlar hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishi shubhasiz.

Go‘zal Sattorova,

O‘zA