Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekistonda gender zo‘ravonlikka qarshi kurash: an’anaviy tahdidlardan raqamli xatarlargacha
11:29 / 2025-11-25

25 noyabr – Xalqaro ayollarga nisbatan zo‘ravonlikka barham berish kuni

Ma’lumki, BMT Bosh Assambleyasining 1999 yil 17 dekabrdagi rezolyutsiyasi bilan 25 noyabr – Xalqaro ayollarga nisbatan zo‘ravonlikka barham berish kuni sifatida belgilangan. Ta’kidlash kerak, ayollarning ijtimoiy-siyosiy munosabatlardagi ishtiroki, huquq va erkinliklarining ta’minlanganligi mamlakatlar taraqqiyotining muhim omili sanaladi. 

Bugun yurtimizda xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning huquq va qonuniy manfaatlarini ta’minlash masalasi davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri etib belgilangan. 

Aytish joizki, so‘ngi yillarda diyorimizda xotin-qizlarning huquq va qonuniy manfaatlarini ta’minlash, ularning jamiyatdagi rolini kuchaytirish, oila institutini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish ishlari yangi sifat bosqichiga ko‘tarildi. O‘zbekiston xotin-qizlarni har qanday kamsitish va tahqirlashlardan himoya qiladigan barcha asosiy xalqaro hujjatlarga qo‘shildi. 

Shuningdek, o‘lkamizda “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida”, “Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunlar qabul qilindi. 

Ma’lumki, gender zo‘ravonlik insonning jinsi tufayli unga nisbatan qo‘llaniladigan zo‘ravonlik harakatidir. U erkaklarga ham, ayollarga ham nisbatan sodir bo‘lishi mumkin, lekin bunda aksariyat hollarda ayollar va qizlar ko‘proq jabr ko‘radi.

Afsuski, so‘ngi vaqtlarda dunyoda oila-turmush munosabatlari doirasida ayollar, bolalar va keksalarga nisbatan jabr-zulm va zo‘ravonlik qilish hollari ko‘plab uchramoqda. Ma’lumotlarga ko‘ra, har yili ayollarning 38 foizi, shuningdek, 1,5 milliardgacha bolalar oilada turli ko‘rinishdagi zo‘ravonlik va shafqatsiz muomalaga, Yevropada esa har besh nafar boladan biri jinsiy zo‘ravonlikka duchor bo‘lmoqda. 

– O‘zbekistonda qiynoqlar va zo‘ravonliklarning oldini olish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshirib borilyapti, - deydi BMTning Aholishunoslik jamg‘armasi, gender zo‘ravonlik bo‘yicha dasturiy tahlilchisi Nigoraxon Madazimova. – Vatanimizda insonning konstitutsiyaviy huquq va erkinliklariga rioya etilishini nazorat qilish tizimi shakllantirilgan. “Gender zo‘ravonlikka qarshi 16 kun” xalqaro kampaniyasi har yili 25 noyabrdan 10 dekabrgacha o‘tkaziladi. 2025 yilda kampaniya “Ayollar va qizlarga nisbatan raqamli zo‘ravonlikka barham berish uchun birlashaylik” shiori ostida o‘tmoqda. Ushbu shior onlayn va texnologiyalar ososida sodir etilayotgan gender zo‘ravonlikning ortib borayotgan xavfiga e’tiborni qaratadi.

Mamlakatimizda gender zo‘ravonlikning oldini olish bo‘yicha chora-tadbirlar sezilarli darajada kuchaydi, deyish mumkin. Qonunchilik takomillashtirildi, ijtimoiy xizmatlar kengaytirildi hamda jabrlanganlarning real ehtiyojlariga mos yondashuvlar joriy etildi. Biroq taraqqiyot bilan birga yangi xavf-xatarlar ham yuzaga kelmoqda. Raqamli makon onlayn ta’qib, internet orqali bezovta qilish va boshqa shakllardagi zo‘ravonliklar uchun yana bir maydonga aylanmoqda. Ko‘pincha bu tajovuz shakllari ayollar va qizlarga nisbatan qaratiladi.

Ekspert N.Madazimovaning ta’kidlashicha, BMTning Aholishunoslik jamg‘armasi (UNFPA) O‘zbekistonda Oliy Majlis Senati bilan hamkorlikda texnologiyalar yordamida sodir etiladigan gender zo‘ravonlik bo‘yicha Milliy huquqiy sharh tashabbusini amalga oshirdi. Tadqiqot natijalari Senatga taqdim etildi va mas’ul vazirlik hamda idoralar bilan birgalikda raqamli zo‘ravonlikka qarshi kurashish bo‘yicha asosiy tavsiyalar va zarur choralar muhokama qilindi.

Bundan tashqari, UNFPA global darajada “Body Right” media kampaniyasini ishga tushirdi. Bu raqamli rozilik va onlayn zo‘ravonlikdan himoya masalalarida xabardorlikni oshirishga qaratilgan xalqaro harakatdir. Kampaniyaning maqsadi - raqamli savodxonlikni oshirish, foydalanuvchilarning tasvirlari va shaxsiy materiallari ustidan nazorat huquqini himoya qilish hamda barcha uchun xavfsiz onlayn makonni yaratishdir.

Onlayn va real hayot o‘rtasidagi chegaralar tobora yo‘qolib borayotgan bir paytda shuni unutmaslik kerakki, zo‘ravonlikka na raqamli dunyoda, na haqiqiy hayotda o‘rin yo‘q. 

Go‘zal Sattorova, O‘zA