Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekistonda gender tengligini ta’minlash uchun normativ-huquqiy bazalar yaratilgan
14:55 / 2022-11-29

O‘zbekistonda gender tengligini ta’minlash uchun institutsional va normativ-huquqiy bazalar yaratilgan.

Konstitutsiyamizning 18-moddasida O‘zbekiston Respublikasining barcha fuqarolari bir xil huquq va erkinliklarga ega bo‘lib, jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, e’tiqodi, mavqei, shaxsi va manfaatlaridan qat’i nazar, qonun oldida teng ekanligi belgilangan bo‘lsa, Bosh qomusimizning 46-moddasida esa xotin-qizlar va erkaklar teng huquqli ekanligi belgilangan.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 2019 yil iyun oyida Oliy Majlis Senatidagi ma’ruzasida: “...bugun har bir ayol oddiy kuzatuvchi emas, balki mamlakatda amalga oshirilayotgan demokratik o‘zgarishlarning faol va tashabbuskor ishtirokchisi ham bo‘lishi kerak”, deb ta’kidlagan edi.

O‘zbekistonda xotin-qizlarning huquqlarini ta’minlash va himoya qilishning huquqiy asoslarini takomillashtirish maqsadida 2019 yil sentyabr oyida «Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida»gi, «Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida»gi qonunlar qabul qilindi.

Shunday qilib, Konstitutsiya va xalqaro standartlardagi normalarni amalga oshirish mexanizmi sifatida 2021 yil 28 mayda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining «2030 yilga qadar O‘zbekiston Respublikasida gender tenglikka erishish strategiyasini tasdiqlash haqida»gi qarori qabul qilingan bo‘lib, mazkur Strategiyada davlatimizning 2030 yilgacha gender tenglikka erishishi lozim bo‘lgan maqsadli ko‘rsatgichlar belgilangan.

Hozirgi paytda Yangi O‘zbekiston taraqqiyot стратеgiясини amalga oshirish mexanizmlari ishlab chiqilib, bosqichma-bosqich amaliyotga tatbiq etilmoqda. Shunga qaramasdan global miqyosida barcha mamlakatlarda inson huquqlari sohasida olib borilayotgan sa’y-harakatlarga qaramasdan, raqamli gender tafovuti global muammolar qatorida bo‘lib qolmoqda va hatto raqamli gender tafovuti yopilmaguncha BMT Barqaror rivojlanish maqsadlariga (SDGs) to‘liq erishib bo‘lmasligi ta’kidlanmoqda.

Xalqaro elektr-aloqa ittifoqi (ITU)ning so‘nggi ma’lumotlariga ko‘ra, dunyodagi internetdan foydalanadigan ayollar ulushi erkaklarning 62 foiziga nisbatan 57 foizni tashkil qiladi. Nisbiy nuqtai nazardan internetdan foydalanishda global gender farqi 8 foizni tashkil qiladi.

Shuningdek, bir qator mualliflarning qayd etishicha, raqamli iqtisodiyot sharoitida STEAM deb ataluvchi kasblar (fan, texnologiya, muhandislik va matematika) jadal rivojlanmoqda. Ammo ushbu sohada ham gender assimetriyasi mavjud. Masalan, «erkak» uchun deb hisoblanuvchi kasblar tasniflangan axborot-kommunikatsiya texnologiyalari (AKT) sohasida ayollarning ulushi atigi 30 foizni tashkil etmoqda.

Gender raqamli tafovutni bartaraf etish, ayollarning STEM sohalarida ishtirokini rag‘batlantirish va genderga oid elektron xizmatlarni rivojlantirish bo‘yicha samarali choralar ko‘rish barcha sohalarda gender tengligini ta’minlashning kalitidir.

O‘zbekistonda xotin-qizlarni IT-sohasiga jalb etish bo‘yicha qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda, shu bois joriy yilning iyul oyida Toshkent shahrida ayollar uchun yangi «GAP» IT-klubi ishga tushirildi. Mazkur klub tashabbuskorlarining maqsadi IT-sanoatda ayollarning borligi muammosini bartaraf etish, IT-kasblarini ayollar va yosh qizlar uchun ochiq va qiziqarli qilish, shu orqali IT-sohasidagi raqamli gender tafovutini kamaytirishdan iboratdir. IT-sektorining imkoniyatlarini ko‘rsatish va xotin-qizlarni ish qidirishda qo‘llab-quvvatlashdan iboratdir.

Ta’kidlash joizki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 28 yanvardagi PF-60-son qarori bilan tasdiqlangan 2022-2026 yillarda Yangi O‘zbekiston Taraqqiyot strategiyasining 69-maqsadida xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning jamiyat hayotidagi faol ishtirokini ta’minlash belgilangan.

Bunda jamiyatda xotin-qizlarga tazyiq va zo‘ravonlikka nisbatan murosasizlik muhitini yaratish, xotin-qizlarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini, gender tenglikni ta’minlash siyosatini davom ettirish, xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini yuksaltirib, ularni qo‘llab-quvvatlashga doir islohotlarni amalga oshirishga oid Davlat dasturida aniq chora-tadbirlar nazarda tutilgan.

bugungi kunda mamlakatimizda davom etayotgan konstitutsiyaviy islohotlar jarayonida gender tenglikni ta’minlashga bo‘yicha yangi qoidalarni Asosiy qonunimizda mustahkamlashga qaratilgan bir qator takliflar ilgari surilmoqda. 

Jumladan, Konstitutsiyaning 46-moddasini “Davlat xotin-qizlar va erkaklarga jamiyat hamda davlat ishlarini boshqarishda, shuningdek, davlat va jamiyat hayotining boshqa sohalarida teng huquq hamda imkoniyatlarni ta’minlaydi” degan norma bilan to‘ldirish rejalashtirilmoqda.

USHBU NORMA KIRITILISHI QAY DARAJADA MUHIM?

Bu o‘rinda BMT Bosh kotibi Antonio Guterrishning: “Qayerdaki siyosiy va ijtimoiy hayotda xotin-qizlar faol ishtirok etayotgan bo‘lsa, o‘sha joyda iqtisodiyot o‘smoqda, barqarorlik mustahkamlanmoqda va fuqarolarning farovonligi yuksalmoqda” deb aytgan so‘zlarini eslash o‘rinli bo‘ladi.

So‘nggi yillarda davlatimiz rahbari tashabbusi bilan mamlakatimizda xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini, jamiyat va davlat ishlarini boshqarishda ularning erkaklar bilan teng ishtirok etishini ta’minlash, xotin-qizlarni ijtimoiy-huquqiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash borasida ko‘plab ishlar amalga oshirilmoqda. Ushbu masala davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishiga aylangan.

O‘zbekiston Respublikasining «Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida»gi qonunning qabul qilinishi esa bu sohadagi muhim qadamlardan biri bo‘ldi.

190ta davlat parlamentlarini birlashtirgan Parlamentlararo ittifoq ma’lumotiga ko‘ra, O‘zbekiston parlamentida ayollar ishtiroki ko‘rsatgichi bo‘yicha 128-o‘rindan 45-o‘ringa ko‘tarildi. Boshqaruv lavozimidagi xotin-qizlar ulushi 27 foizga, partiyalarda 44 foizga, oliy ta’limda 40 foizga, tadbirkorlikda 35 foizga yetdi.

Konstitutsiyada xotin-qizlarga teng huquq hamda imkoniyatlarni ta’minlanishi ularning davlat va jamiyat ishlarida hech bir to‘siqlarsiz munosib ishtirok etishiga, o‘z bilim va salohiyatini namoyon etishiga, jamiyatimiz va davlatimiz ravnaqi uchun o‘z hissasini qo‘shishiga muhim kafolat bo‘lib xizmat qiladi. 

Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish orqali jamiyatda qotib qolgan gender stereotiplarga barham berish davlatimiz rivojida muhim ahamiyat kasb etadi.

Shohsanam Soliyeva,  O‘zbekiston Respublikasi

Jamoat xavfsizligi universiteti mustaqil tadqiqotchisi