Joriy yil 21 avgust kuni davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning "O‘zbekistonda futbol sohasini raqamlashtirish va ommaviyligini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori qabul qilindi.
Qarorda millionlar o‘yinining moddiy-texnik bazasini xalqaro talablarga moslashtirish va futbol maydonlarini ko‘paytirish orqali muntazam shug‘ullanuvchilar sonini oshirish, iqtidorli yoshlarni saralab olish, ularni professional futbolchi sifatida tayyorlash tizimini to‘liq raqamlashtirishga erishish nazarda tutilgan.
Qarorga ko‘ra, "Milliy futbol elektron platformasi" axborot tizimi yaratiladiki, kelgusi yilning 1 yanvaridan tajriba-sinov tariqasida futbol akademiya va maktablarining o‘quv mashg‘ulotlarini onlayn kuzatish, futbolchilar seleksiyasi hamda tibbiy va jismoniy ko‘rsatkichlarini monitoring qilish mazkur axborot tizimi orqali amalga oshirilishi belgilanmoqda.
Bundan tashqari, kelgusi yil 1 martdan futbol o‘yinlariga chiptalarni xarid qilishda shaxsni identifikatsiya qilish hamda matritsali shtrix-kod (QR kod) texnologiyalarini qo‘llash yo‘lga qo‘yiladi. Bu nufuzli musobaqalar, chempionatlar, xalqaro o‘rtoqlik uchrashuvlarida qatnashadigan ishqibozlarda muxlislik madaniyatini yuksaltirish, jamoat xavfsizligini ta’minlash, o‘yinlarning belgilangan me’yor talablari asosida o‘tishiga xizmat qiladi.
Qarorga ko‘ra, Milliy futbol markazida iqtidorli futbolchilarni erta aniqlash bo‘yicha Raqamli futbol situatsion markazi, futbol uchrashuvlarini markazlashgan tarzda video yordamchi hakam (VAR) tizimidan foydalangan holda kuzatish uchun "VAR" markazi, axborot tizimidagi ma’lumotlarni saqlash uchun "DATA futbol" markazi tashkil etiladi.
Shuningdek, O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi huzurida "Legionerlar klubi" faoliyati yo‘lga qo‘yilishi ko‘zda tutilmoqda.
"Legionerlar klubi"ga xorijda faoliyat yuritayotgan yoki yuritgan xalqaro ish ko‘nikmasiga ega bo‘lgan o‘zbekistonlik yuqori mahoratli professional futbolchilar va mutaxassislar jalb qilinishi belgilangan.
Futbolning ommaviyligini ta’minlashda mahallalarning o‘rni beqiyos. Shu jihatdan, 2025 yil 1 oktyabrdan “Har bir mahallada futbol maydoni” dasturi joriy etilishi belgilanmoqdaki, bu sa’y-harakat ming-minglab iste’dodli futbolchi yoshlarni aynan mahallada kashf etish, ularni yo‘naltirish imkonini beradi. Qolaversa, ushbu dastur aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzi tamoyillari keng yoyilishiga sabab bo‘ladi.
Mamlakatimizda futbol rivojini yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan mazkur qaror millionlar o‘yinining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, infratuzilmasini xalqaro talablar asosida takomillashtirish, iqtidorli futbolchilarni yoshlar orasidan erta aniqlash tizimining ishga tushirilishiga zamin yaratishi bilan ahamiyatli.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA