English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekistonda foydasi 1 million dollardan oshgan tadbirkorlik sub’ektlari soni 5 mingtaga ortdi
11:30 / 2022-09-07

Tadbirkorlik qancha rivojlansa va foyda ko‘rsa, mamlakatga shuncha ko‘p investitsiya kiritadi va iqtisodiyot o‘sishiga, yangi ish o‘rinlari yaratilishiga xizmat qiladi.

Soliq va ma’muriy yukning kamaytirilishi, shuningdek qo‘shimcha imtiyoz va kafolatlarning taqdim etilishi evaziga tushumlari 1 million dollardan oshgan tadbirkorlik sub’ektlari soni 5 mingtaga ortgan. Yana ming nafar tadbirkor tovar aylanmasini 1 milliondan 10 million dollargacha yetkazgan. Shuningdek, 220 nafar tadbirkorning tushumlari 100 million dollarga yetib, umumiy eksport hajmi 30 foizga ko‘paygan. 
 
“Tadbirkorlik kodeksi – tadbirkor manfaatlari uchun” mavzusida o‘tkazilgan xalqaro konferensiyada ana shu yutuqlar alohida ta’kidlandi. 
 
Adliya vazirligi tomonidan tashkil etilgan tadbirda Oliy Majlis palatalari, Prezident Administrasiyasi, Vazirlar Mahkamasi, vazirlik va idoralar, Biznes-ombudsman, Savdo-sanoat palatasi, 20 dan ortiq xalqaro va milliy ekspertlar, ilmiy hamjamiyat, 100 dan ortiq o‘rta va yirik biznes vakillari ishtirok etdi. 
 
O‘zbekiston Respublikasi adliya vaziri o‘rinbosari Alisher Karimov bugungi kunda 60 mingdan ortiq normativ-huquqiy hujjatlarda, 40 mingdan ortiq texnik hujjatlarda tadbirkorlar tomonidan bajarilishi majburiy bo‘lgan talablar mavjudligiga e’tibor qaratdi. Ushbu talablar ichida o‘zining ahamiyatini yo‘qotgan, samaradorligi mavjud bo‘lmagan va albatta tadbirkorga ortiqcha xarajatlariga olib kelayotgan talablar soni juda ko‘pni tashkil etadi. 
 
– Mazkur talablarning zarurati, asosliligi va dolzarbligi qayta ko‘rib chiqilib, ularni 2025 yilga qadar 30 foizga qisqartirish yuzasidan ishlarni boshladik, – dedi A.Karimov. – Hozirda tadbirkorlik faoliyatini tartibga soluvchi qonunchilik hujjatlari tarqoq holda va nihoyatda ko‘p, ya’ni 5 mingga yaqin. Tadbirkorlik kodeksi qabul qilinishi ushbu hujjatlarni bitta kompakt manbaga birlashtiradi. Biroq, bu ularning to‘g‘ridan-to‘g‘ri birlashtirilishini anglatmaydi. Tizimlashtirishdan asosiy maqsad sohadagi eng asosiy qonunlarni birlashtirish va tadbirkorlikning fundamental huquqiy ustunlarini belgilab olish hisoblanadi. 
 
Tadbirkorlik kodeksi loyihasini ishlab chiqishga 3 yilga yaqin vaqt sarflandi. Loyihani ishlab chiqishda nafaqat milliy ekspertlar, balki xalqaro ekspertlar ham jalb qilindi. Asosiysi, loyiha oxirgi 4-5 oydan buyon jamoatchilik muhokamasidan o‘tkazilmoqda. 
 
Muhokamalar natijasida 1,5 mingga yaqin taklif tushgan hamda loyihada korrupsiyaviy omillarning mavjudligi, gender tenglikka ta’siri va boshqa masalalar bo‘yicha o‘tkazilgan so‘rovnomalarda 1,2 mingdan ortiq fuqaro ishtirok etgan. 
 
Takliflar asosan tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, kredit ajratish, tekshiruvlar, soliq sohasi bilan bog‘liq. 
 
Kodeks loyihasi 8 ta yetakchi xalqaro tashkilot, jumladan, USAID, Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Xalqaro moliya korporatsiyasi, Germaniyaning “Berlin Economics” iqtisodiy guruhi, Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkilotiga taqdim etilgan bo‘lib, ushbu tashkilotlardan ekspertiza natijalari bo‘yicha xulosa va takliflar kelib tushmoqda. 
 
Barcha takliflar asosida Tadbirkorlik kodeksi loyihasi mutaxassislar tomonidan o‘z maromiga yetkaziladi. Kodeks tadbirkorning qo‘lida yagona kompakt huquqiy me’yorlar to‘plamiga aylanib, har doim tadbirkorning yonida yuradigan hujjat bo‘ladi. 
 
Xalqaro konferensiyaning sessiyalarida xalqaro tashkilotlarning xorijiy ekspertlari, davlat organlari va tashkilotlarining rahbarlari hamda tadbirkorlarning davlat va tadbirkorlik sub’ektlari o‘rtasidagi munosabatlarning huquqiy asoslari, tadbirkorlikni davlat tomonidan tartibga solishning shakl va vositalari haqidagi ma’ruzalari va takliflari tinglandi. 


      
N.Abduraimova, O‘zA