Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligida Koreya xalqaro hamkorlik agentligi loyiha pudrat tashkiloti vakillaridan iborat Koreya geofanlar va minerallar instituti (KIGAM) delegatsiyasi bilan uchrashuv o‘tkazildi.
Uchrashuv “O‘zbekistonda foydali qazilmalar resurslari va geologik xatarlarni boshqarish bo‘yicha integrallashgan tizimni yaratish” loyihasi doirasida tashkil etildi. Muloqotda asosiy e’tibor loyihaning ikkinchi komponenti, ya’ni geologik ma’lumotlar milliy bazasini shakllantirish va uning ishlash tizimini yo‘lga qo‘yish masalalariga qaratildi.
Taqdimotda ta’kidlanishicha, ushbu baza orqali mamlakatdagi foydali qazilmalar zaxiralari, qazib olish ishlari va geologik xavflar haqidagi ma’lumotlar yagona elektron maydonda jamlanadi. Bu esa ularning tahlil va boshqaruv jarayonlarini zamonaviy standartlar asosida amalga oshirish imkonini beradi. Loyiha O‘zbekistonning mineral-xomashyo salohiyatidan samarali foydalanish, geologik xavf-xatarlarni oldindan aniqlash va ularni boshqarish mexanizmlarini takomillashtirishga qaratilgani bilan ahamiyatli.
Suhbat chog‘ida ikki tomon hamkorlikni mustahkamlash, loyiha samaradorligini ta’minlash va geologiya sohasida ilg‘or tajribalarni joriy etish muhim ekanini ta’kidladi. Delegatsiya vakillari esa O‘zbekiston bilan geologiya va mineral resurslar sohasidagi hamkorlik Koreya uchun strategik ahamiyatga ega ekanini bildirdi.
Yakuniy kelishuvga muvofiq, loyihani amalga oshirishda pilot hudud belgilanadi, ushbu hudud bo‘yicha zarur ma’lumotlar almashinuvi tashkil etiladi hamda dastlabki amaliy ishlardan so‘ng tizim butun O‘zbekiston bo‘ylab bosqichma-bosqich joriy etiladi.
N.Ziyodullayeva,
O‘zA