8 sentyabr kuni Toshkent shahrida Finlyandiyaning ta’lim sohasidagi ilg‘or yutuqlariga asoslangan Xalqaro Nordik universiteti (“Nordic International University”) nodavlat ta’lim tashkilotining rasmiy ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tantanali tadbirda Finlyandiya Respublikasi delegatsiyasi, oliy ta’lim muassasalari rektorlari, ta’lim tizimi, jamoatchilik va OAV vakillari ishtirok etdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari o‘rinbosari – Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov, Finlyandiyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Ilkka Ryaysyanen, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi rahbari Ulug‘bek Toshkenboyev, Finlyandiya Milliy ta’lim agentligi direktori Samu Seytsalo va boshqalar mamlakatlarimiz o‘rtasida ta’lim sohasida hamkorlik aloqalari samarali yo‘lga qo‘yilganligini ta’kidladilar.
Universitet Shimoliy Yevropa mamlakatlarining nufuzli oliy ta’lim muassasalarida yo‘lga qo‘yilgan ilg‘or tajribalar, innovatsion ta’lim modellari, o‘quv reja va dasturlari asosida iqtisodiyotning real sektor ehtiyojlarini hisobga olgan holda yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlashga katta hissa qo‘shishiga ishonch bildirildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining mamlakatimizda ta’lim-tarbiya tizimini rivojlantirishda Finlyandiya ta’lim tizimini o‘rganish va joriy etish bo‘yicha belgilab bergan vazifalari ijrosini ta’minlash maqsadida ushbu mamlakat ta’lim tashkilotlari bilan hamkorlikda bir qator ishlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, O‘zbekiston delegatsiyasi 2021 yil noyabr oyida Finlyandiyaga tashrif buyurgan edi. Tashrif davomida mamlakatimizdagi davlat va nodavlat oliy ta’lim tashkilotlari bilan Finlyandiyaning yetakchi universitetlari o‘rtasida o‘zaro akademik mobillikni kuchaytirish va hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kelishib olindi.
2022 yil 27 may kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston – Finlyandiya tashqi ishlar vazirlarining siyosiy maslahatlar bo‘yicha o‘ninchi yig‘ilishida Shimoliy Yevropa mamlakatlarining ta’lim sohasidagi ilg‘or yutuqlariga asoslangan ushbu zamonaviy xususiy oliy ta’lim tashkilotini tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
[gallery-8711]
Xalqaro Nordik universiteti (“Nordic International University”) nodavlat ta’lim tashkilotiga yurtimizda nodavlat oliy ta’lim xizmatlarini ko‘rsatish uchun Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi tomonidan litsenziya berilgan.
Ushbu oliygoh Finlyandiyaning Kareliya amaliy fanlar universiteti, “Helsingin Suomalainen Yhteiskoulu (SYK)” umumta’lim maktabi, “NOKIA” transmilliy korporatsiyasi, “Finnish Water Forum” va “ISKU” kompaniyasi bevosita qo‘llab-quvvatlashlari, Finlyandiyaning ta’lim sohasidagi ilg‘or yutuqlariga asoslangan holda faoliyat boshladi.
Universitet zamonaviy 8 ta ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash, oliy ta’lim – ilm-fan – ishlab chiqarish bilan uzviy integratsiyasini jadallashtirishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan.
Ta’limning global tendensiyalari, kadrlarga bo‘lgan talab va yoshlarning kelajak umidlarini tahlil qilgan holda iqtisodiyot, moliya, biznesni boshqarish, sanoatni boshqarish, boshlang‘ich ta’lim, maktabgacha ta’lim, xorijiy til va adabiyoti, ingliz tili, kompyuter injiniringi yo‘nalishlarida raqobatbardosh kadrlar tayyorlaydi. Ya’ni, biznesning barcha bo‘g‘inlarida faoliyat yuritishni istagan, top menejer, iqtisodchi-konsultant, xalqaro moliyaviy tahlilchi, sanoat tarmoqlarini boshqaruvchi, IT bo‘yicha kompleks masalalarni yechish, xorijiy tillarni o‘rganish va ta’lim tizimida faoliyat yuritish istagidagi yoshlarga xalqaro sifatli oliy ta’lim olishlariga ko‘maklashadi.
Xalqaro Nordik universiteti talabalarga quyidagi imkoniyatlarni taqdim taqdim etadi:
Birinchi, to‘rtinchi kurslarda o‘qish davomida ingliz, rus tillaridan tashqari fin tili mukammal o‘rgatiladi. Barcha kurslar bo‘yicha ta’lim yo‘nalishidan qat’i nazar, yozgi ta’tilda tanlov asosida Finlyandiya, Shvetsiya, Norvegiya va Daniya kabi davlatlarda ish va sayohat (workandtravel) dasturlarida qatnashish imkoniyati beriladi.
2+2, 3+1 qo‘shma dasturlari asosida ikkinchi kursdan keyin o‘qishni Finlyandiya universitetlarida davom ettirib, ikki tomonlama (doubledegree) diplom olish mumkin. Bakalavr bosqichidan so‘ng hamkor xorijiy davlatlardagi yetakchi kompaniyalarda ishlash yoki o‘z biznes startap loyihalarini amalga oshirish imkoniyatini ham taqdim etiladi.
Xalqaro hamkorlar ko‘magida xorijda stajirovka, ish o‘rganish, master-klass, startaplarni rivojlantirish, kelajakda xorijda ishga joylashtirishga ko‘maklashiladi.
Bakalavriat bosqichini muvaffaqiyatli (yuqori GPA ko‘rsatkichi bilan) tugatganlar uchun magistraturani Finlyandiyada imtiyoz asosida o‘qib kelish imkoniyatlari beriladi.
Universitetga joriy o‘quv yilida besh yuz nafar talabani qabul qilish belgilangan.
Ziyodullo JONIBEKOV, O‘zA muxbiri