Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekistonda farzandlarimiz mehr-muhabbat, ulkan g‘amxo‘rliklar og‘ushida voyaga yetmoqda
19:24 / 2023-06-01

Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni 1925 yil Jenevada bolalar farovonligiga bag‘ishlangan Butunjahon konferensiyasida ta’sis etilgan. 1950 yildan boshlab esa bu sana bayram sifatida nishonlab kelinadi.

Bolalar hayotimiz davomchilari, kelajagimiz egalaridir. Binobarin, ularni asrab-avaylash, har tomonlama barkamol qilib voyaga yetkazish har bir davlat va jamiyat, har bir oila, har bir ota-onaning muqaddas burchidir.  

O‘zbekistonda farzandlarimiz ana shunday mehr-muhabbat, ulkan g‘amxo‘rliklar og‘ushida voyaga yetmoqda.  

Bola huquqlari to‘g‘risidagi xalqaro standartlarga rioya qilish O‘zbekiston Respublikasining bola huquqlarini himoya qilish sohasidagi ustuvor yo‘nalishidir. Bugungi kunda O‘zbekiston BMTning Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasi qoidalarining bajarilishi to‘g‘risida beshta milliy ma’ruzani taqdim etdi.  

Bola huquqlarining qonuniy kafolati bosqichma-bosqich takomillashmoqda. Yangilangan Konstitutsiyada bolalar mehnatining bolaning sog‘lig‘iga, xavfsizligiga, axloqiga, aqliy va jismoniy rivojlanishiga xavf soluvchi, shu jumladan, uning ta’lim olishiga to‘sqinlik qiluvchi har qanday shakllari taqiqlandi.  

Davlatimiz har bir bolaning jismoniy, aqliy, ma’naviy, axloqiy va ijtimoiy kamol topishi uchun zarur hisoblangan turmush darajasiga ega bo‘lish huquqini e’tirof etadi.  

Ota-ona yoki bolani tarbiyalayotgan boshqa shaxslar o‘z qobiliyatlari va moliyaviy imkoniyatlari doirasida bolaning rivojlanishi uchun zarur bo‘lgan turmush sharoitini ta’minlashga asosiy javobgardir.  

Davlat va jamiyat yetim bolalarni hamda ota-onasining vasiyligidan mahrum bo‘lgan bolalarni boqishni, tarbiyalashni, ularning ta’lim olishini, sog‘lom, to‘laqonli va har tomonlama kamol topishini ta’minlaydi. Shu maqsadda xayriya faoliyatini rag‘batlantiradi – ushbu normalar Konstitutsiyamizning 77-moddasida mustahkamlab qo‘yilmoqda.  

Barchamizga ma’lumki, oilada bolalar ta’minoti va tarbiyasida hamda ularning jismoniy, aqliy va madaniy jihatdan to‘laqonli rivojlanishida onalar bilan birga otalar ham teng mas’uldirlar. Konstitutsiyada davlat onalik bilan birga otalikni hamda bolalikni muhofaza qilishi belgilandi.    

Xulosa o‘rnida aytishimiz mumkinki, bola huquqlarini himoya qilish bo‘yicha davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari –  bolaning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash Bosh qomus darajasida mustahkamlandi.  

Bolaning hayoti va sog‘lig‘i muhofaza qilinadi. Bolaning kamsitilishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Bolaning sha’ni va qadr-qimmatini himoya qilishda bolalar huquqlari va imkoniyatlarining tengligi ta’minlanadi.  

Bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risidagi qonunchilikka rioya etilishini ta’minlash va boshqalar yangilangan Konstitutsiyada o‘z aksini topgan.  

Bir so‘z bilan aytganda, Konstitutsiyamiz bola huquqlari ta’minlanishining asosiy kafolatidir.  

Aliya YUNUSOVA,

Bola huquqlari bo‘yicha vakil (Bolalar Ombudsmani).  

O‘zA