Markaziy bank tomonidan ilk bor “Bank omonatlari bozori” tahlili e’lon qilindi.
Unda O‘zbekistondagi omonatlar borasida muhim ma’lumotlar berilgan. Xususan, yosh toifalari bo‘yicha depozit hisobvaraqlari tarkibining tahlili shuni ko‘rsatadiki, omonatchilarning asosiy qismi yoshlar va o‘rta yosh vakillaridir. Eng ko‘p hisobvaraq 16-30 yoshdagi fuqarolar tomonidan ochilgan bo‘lib, ularning soni 13,3 millionni tashkil etadi.
Bu esa ularni eng yirik segmentga aylantiradi va yoshlarning bank xizmatlaridan faol foydalanishini aks ettiradi. Shunga yaqin faollik 31-40 yosh guruhida ham kuzatiladi – 12,84 mln. hisobvaraq. Bu esa ushbu toifadagi aholining barqaror daromadlari va shakllangan moliyaviy odatlari bilan izohlanadi.
Sodda qilib aytganda, eng ko‘p omonatlarni 16-30 yosh orasidagilar ochgan — 13,3 mln. Undan keyingi o‘rinlarda 12,4 mln. bilan 31-40 yoshdagi aholi bo‘lib turibdi.
Kattaroq yoshdagi aholida omonatlar soni ancha kamroq. Bolalar uchun ochilgan omonatlar esa yanada kamroq, atigi 126,2 mingtani tashkil qildi. Omonatlarning valyutalari sifatida milliy valyuta – so‘m, AQSH dollari va yevro qo‘llaniladi. Deyarli barcha tijorat banklari milliy valyutadagi omonatlarni taklif etadi, bozor miqyosida esa jami 108 ta omonat mavjud bo‘lib, ular 32 ta tijorat bankining barchasida taqdim etilgan.
Xorijiy valyutada 78 ta omonat mavjud bo‘lib, ular 28 ta bankni qamrab oladi. 69 ta omonat AQSH dollarida denominatsiya qilingan bo‘lib, 28 ta bank tomonidan taklif etiladi.
Eng ko‘p takliflar an’anaviy oflayn formatiga to‘g‘ri keladi – faqatgina bank bo‘limlari orqali mavjud bo‘lgan 84 ta mahsulot. To‘liq masofaviy tarzda, ofisga tashrif buyurmasdan rasmiylashtirish imkonini beruvchi onlayn format 33 ta mahsulot bilan ifodalangan. Omonatlarning foiz stavkalari milliy hamda xorijiy valyutada sezilarli darajada farqlanadi.
So‘mdagi omonatlar segmentida bozor asosini 21 foizdan past stavkali mahsulotlar tashkil etib, ular 23 ta bankda 54 ta taklifni o‘z ichiga oladi. Shu bilan birga, yuqori daromadli omonatlarning sezilarli ulushi saqlanib qolmoqda: 21 foiz va undan yuqori stavkali 47 ta mahsulot mavjud bo‘lib, ular orasida maksimal 23 foiz yillik stavkalar ham bor.
Sh.Mamaturopova, O‘zA