Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekistonda energiya tejamkor uylarni ko‘paytirish borasida dasturlar ishlab chiqildi
17:04 / 2025-06-10

Mamlakatimizda yashil texnologiyalar va ilg‘or yechimlarni joriy etish, ko‘p qavatli uylarda energosamaradorlikni ta’minlash, bunda zamonaviy innovatsion texnologiyalardan foydalanish imkoniyatlariga asoslanadigan istiqbolli loyihalarga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Xususan, yangi qurilgan ko‘p qavatli uylar tom qismi maydonining kamida yarmiga quyosh panellari o‘rnatilib, 31 mingta ko‘p qavatli uyning issiqlik izolyatsiyasi yaxshilanmoqda. Bunday uylarning loyihalash tamoyili to‘liq energiya sarfini minimallashtirishga asoslangan.

E’tiborlisi, O‘zbekistonda energiyatejamkor uylarni ko‘paytirish borasida dasturlar ishlab chiqildi. Shuningdek, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, ekologik muvozanatni ushlab turish, qurilish va kommunal sohalardagi asosiy strategik vazifalardan biri etib belgilangan.

Xususan, Prezidentimizning 2025 yil 11 martdagi tegishli qaroriga asosan Xalqaro moliya institutlaridan jalb qilinadigan mablag‘lar hisobidan 2026-2030 yillarda ko‘p kvartirali uylarni bazalt qoplamasi bilan qoplash dasturi ishlab chiqildi.

Dasturga ko‘ra, respublikaning 4 hududi (Andijon, Buxoro, Samarqand, Chirchiq shaharlari)dagi 53 ming 44 xonadonli, jami 1 ming 34 ta ko‘p kvartirali uyning tom, uyning kirish yo‘laklaridagi temir eshiklar, framuga romlar, yerto‘la muhandislik quvurlarini yangilash hamda uylarning fasad qismini bazalt qoplamasi bilan qoplash kabi ish turkumlari amalga oshirilishi nazarda tutilmoqda.  

Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi bergan ma’lumotga ko‘ra, bugungi kunda mamlakatimizda jami ko‘p kvartirali uylar 44 ming 152 tani tashkil etadi. Shundan 30 ming 756 tasi 1991 yilgacha, 3 ming 636 tasi 1991-2016 yilgacha, 9 ming 760 tasi esa 2016-2025 yilgacha qurilgan uylardir. 

– Joriy yilda ko‘p kvartirali uy-joy fondini kuz-qish mavsumiga tayyorlash yuzasidan 9 ming 812 ta ko‘p kvartirali uyga boshqaruv tashkilotlarining 247 mlrd. so‘m mablag‘lari jalb qilindi, – deydi qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Ozoda Jo‘rayeva. – Shundan 2 ming 577 ta ko‘p kvartirali uylarda ta’mirlash ishlari amalga oshirildi. Ko‘p kvartirali uylarning energiya samaradorligini oshirish bo‘yicha davlatimiz rahbarining katta e’tiborlari natijasida ko‘p qavatli uylarning fasad qismlarini energiyani saqlovchi bazalt qoplamasi bilan qoplash bo‘yicha bir qator dasturlar ishlab chiqildi. Buni birgina Sirdaryo viloyati misolida tahlili qiladigan bo‘lsak, Prezidentimizning “Sirdaryo viloyatida ishbilarmonlik muhiti infratuzilma va aholi turmush darajasini yanada yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan viloyatdagi jami 215 ta ko‘p kvartirali uylarning tom qismini ta’mirlash, bazalt qoplamasi bilan qoplash, issiqlik ta’minotini yaxshilash va tutash hududlarni obodonlashtirish  bo‘yicha manzilli ro‘yxat shakllantirilgan.

Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasining kredit mablag‘lari hisobidan Guliston shahridagi jami 122 ta ko‘p kvartirali uylarning fasad qismlarini energiyani saqlovchi bazalt qoplamasi bilan qoplash bo‘yicha manzilli ro‘yxat shakllantirilgan.  

Xususan, Guliston shahrining «Bo‘ston» mahallasidagi 48 ta, «Istiqlol» mahallasidagi 17 ta, «Shodlik» mahallasidagi 1 ta, «Bog‘ishamol» mahallasidagi 32 ta, «Namuna» mahallasidagi 3 ta, «Obod yurt» mahallasidagi 19 ta, «Sayqal» mahallasidagi 2 ta, jami 122 ta ko‘p kvartirali uylarning fasad qismlarini energiyani saqlovchi bazalt materiallari bilan qoplash rejalashtirilgan.    

Bugungi kunda Guliston shahridagi «Bo‘ston», «Istiqlol», «Namuna», «Obod yurt», «Sayqal»,  mahallalaridagi ko‘p kvartirali uylarni bazalt qoplamasi bilan qoplash uchun salohiyatli quruvchi-pudrat tashkilotlari tomonidan ta’mirlash ishlari jadallik bilan olib borilmoqda.

E’tiborli jihati shundaki, Prezidentining tegishli qaroriga asosan  Guliston shahri “Bo‘ston” MFY dagi 52 ta ko‘p qavatli uylardagi 2 409 ta xonadonni issiqlik bilan ta’minlash maqsadida RK-1 va RK-2 yangi markazlashgan qozonxonalarning qurilishi va 2,8 km. issiqlik tarmoqlarini tortish ishlari yakuniga yetkazilib, foydalanishga topshirilgan.

Shartnomaga asosan Respublika byudjeti mablag‘idan 22,5 mlrd. so‘m ajratilgan.

Prezidentimizning 2024 yil 24 dekabrdagi qaroriga asosan Guliston shahri “Istiqlol” MFY hududida Respublika byudjetining 14,9 mlrd.so‘m mablag‘lari hisobidan 1 ta qozonxona va 2,7 km. issiqlik tarmoqlarini qurish orqali 791 ta xonadondan iborat, 21 ta ko‘p kvartirali uylar hamda 2 ta ijtimoiy soha ob’ektlari issiqlik ta’minoti bilan ta’minlanishi rejalashtirilgan.

Loyiha amalga oshirilishi natijasida yillik 2,2 mln. metr kub tabiiy gaz hamda 11,9 mln. kVt/soat  elektr energiyasi iqtisodiga erishiladi.

Bundan tashqari, Boyovut tumani “Yangi avlod” MFY xududidagi “Yangi O‘zbekiston” massivida (1-bosqichda) qurilayotgan 1 008 ta xonadondan iborat 14 ta ko‘p kvartirali uylarni issiqlik ta’minoti bilan ta’minlash maqsadida 18 mlrd. so‘m mablag‘lar hisobidan 1 ta qozonxona va 4 km. issiqlik tarmoqlarini tortish ishlari amalga oshirilmoqda. Bugungi kunda 1,6 km (40 foiz) issiqlik tarmoqlarini tortish va 2 ta (40 foiz) qozon o‘rnatish ishlari bajarildi.

“Istiqlol kommunal xizmat ta’mir” boshqaruv servis kompaniyasi 2021 yil tashkil etilgan. Guliston shahri “Bo‘ston” va “Buyuk kelajak” mahallalar hududidagi 90 ta uyga xizmat ko‘rsatadi. 6 ta o‘zini  oqlamagan shirkatlar o‘rnida tashkil etilgan kompaniya bugungi kunda aholiga 20 dan ortiq qo‘shimcha servis xizmatlarni taqdim etib kelmoqda. 25 nafar ishchi xodimdan iborat kompaniya 24 soatlik dispetcherlik xizmati hamda boy moddiy-texnika bazasiga ega.    

Shahnoza Mamaturopova, O‘zA