Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekistonda energiya tejamkor binolarni qurish faollashmoqda (+video)
18:45 / 2025-08-01

Tabiatda qayta tiklanmaydigan energiya resurslari, ya’ni neft, gaz, ko‘mir kabi ko‘pgina foydali qazilmalar miqdori cheklangan. Ular qachondir nihoyasiga yetadi. Shu bois, bugun dunyoda tabiiy resurslarni asrash, ulardan imkon qadar oqilona foydalanishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Jumladan, mamlakatimizda har bir sohada energosamarador texnologiyalarni qo‘llash, pirovardida iste’moldagi energiya resurslarini maksimal darajada qisqartirish davlat siyosatining muhim bo‘g‘iniga aylangan. Ayniqsa, bu qurilish materiallarida yaqqol namoyon bo‘ladi.   

Yurtimizning har bir hududida bunyodkorlik ishlari amalga oshirilayotgani tabiiy ravishda sifatli qurilish materiallariga talabni oshirmoqda. Zamon talabiga mos, energotejamkor va ekologik toza mahsulot ishlab chiqarish hamisha puxta yondashuvga asoslanadi. Ushbu masala davlatimiz rahbarining doimiy e’tiborida. Xususan, Prezidentimiz joriy yilning 19 may kuni qurilish materiallari sanoatidagi ishlar va asosiy vazifalarga oid taqdimot bilan tanishdi. Unda keyingi yillarda qurilish materiallariga talab yildan-yilga oshgani va tarmoq shunga mos ravishda rivojlantirilayotgani ta’kidlandi.

Jumladan, shu kunga qadar ko‘plab loyihalar amalga oshirildi va natijada bugungi kunda tarmoqda 10 mingga yaqin korxona faoliyat yuritmoqda. Ilm-fan va sanoat integratsiyasi bilan qurilish materiallari turi 100 taga yetkazildi. Bu yil birinchi chorakda ishlab chiqarish 8 foizga, eksport esa 11 foizga o‘sdi. Investitsiya dasturi doirasida 500 million dollarlik 9 ta yirik loyiha ishga tushdi. Dushanbe, Kobul va Filadelfiya shaharlarida “O‘zbekiston savdo uyi” tashkil etildi.

Biroq hali oldinda rejalar ko‘p. Davlatimiz rahbarining topshirig‘i bilan yil yakunigacha 2,4 milliard dollarlik 312 ta loyiha bajarilib, 16 ming yuqori daromadli ish o‘rni yaratish, ishlab chiqarishni esa 53 trillion so‘mga yetkazish belgilangan. Tarmoqdagi eksportni 1,2 milliard dollarga yetkazish mo‘ljallangan. Taqqoslash uchun bu raqam 2017 yilda 100 million dollarga ham bormas edi. Xo‘sh, bu borada energiya tejamkor qurilish materiallarining o‘rni qay darajada? Ta’kidlash joiz, keyingi yillarda qurilish sanoatida bu turdagi mahsulotlar hajmi tobora ortmoqda. Ulardan eng taniqlisi bazalt qoplamalardir. 

Angren shahrida joylashgan "Angren Glassfiber" korxonasi Markaziy Osiyoda yagona hisoblanadi. Bu korxonada shisha tolali qoplamalar ishlab chiqariladi. Ko‘rinishidan oddiy materialga o‘xshagan bu matoning qurilish sohasi, quvurlar ishlab chiqarish va kemasozlik sanoatidagi ahamiyati juda yuqori. Uning eng birlamchi xususiyati binolarda energiya sarfini 45 foizgacha kamaytira oladi. Ya’ni, u xonadon, ijtimoiy ob’ekt yoki sanoat binolari bo‘lsin, ichkarida haroratni mo‘’tadil ushlab turish imkoniyatiga ega. Shuningdek, u ekologik toza mahsulot. 

Shu o‘rinda, shisha tolali mato asosidagi fasad plitalar, ya’ni glasmat-plitaning afzallik jihatlari haqida ham to‘xtalib o‘tish maqsadga muvofiq. O‘ta yengil ushbu qurilish materiali mustahkam, arzon, yong‘inga uchramaydi. Glasmat-plita qurilish uchun yangi avlod materiali bo‘lib, namlik va yong‘inga chidamli, issiqlikni ushlab qoladi va binolarning energiya samaradorligini oshiradi. Ventilyatsiyalangan fasadlar uchun eng yaxshi yechim bo‘lib, undan turar-joy, maktab, ofis va savdo binolarida qo‘llanila boshlangan. Qurilish tezligini oshiradi, xarajatlarni kamaytiradi va zamonaviy energiya tejamkor standartlarni joriy etishga xizmat qiladi.

–Mazkur korxona o‘tgan yili ishga tushirilgan bo‘lib, 15 turdagi mahsulot ishlab chiqariladi, – deydi korxonaning tashqi iqtisodiy faoliyat boshqarmasi boshlig‘i Bobur Rahimov. – Bugungi kunda 50 nafar ishchi o‘rinlari yaratilgan. – Hozirgi kunda qurilishni tezroq, energiyatejamkor, arzonroq va chidamliroq qiladigan texnologiyalar tobora qadrlanmoqda. Aslida buni yangi sifat va standart desa bo‘ladi. Chunki, bu mamlakatimiz bozorida yangi paydo bo‘lgan milliy mahsulot. Shisha tolali qoplamaning yana bir afzalligi yonmasligi va mog‘orlashga chidamliligi. Shu jihatdan ham u O‘zbekiston bozorida o‘z o‘rnini tez fursatda egalladi. Korxonamizda 15 turdagi mahsulotning har biri laboratoriya tekshiruvidan o‘tkaziladi. Qoplamalarning dunyo standartlariga javob berishi va chidamliligi doimiy nazorat ostida. Farg‘ona viloyatining Qo‘qon shahrida ham glasmat-plita ishlab chiqarilmoqda. U binolarning fasad qismiga ishlatilib, yuqori energotejamkorlikka ega. O‘rnatish oson. Qoplamalar nafaqat yangi qurilayotgan, balki rekonstruksiya qilinayotgan binolarga mos keladi. Xususan, turar-joy binolari, maktablar, savdo markazlari va ofislarni qurishda ishlatish mumkin. 

Xo‘sh, mahsulot nimasi bilan shuhrat qozongan?

Glasmat-plita O‘zbekistonning iqlim sharoitiga juda mos keladi. Uning yong‘inga bardoshliligi, shovqindan himoya qilishi, issiqlik izolyatsiyasiga ega ekani, sement plitalarga nisbatan yengilroq va arzonroq xususiyatlari ko‘plab quruvchilarning pulini iqtisod qilmoqda. Bu davlat byudjeti hisobiga amalga oshirilayotgan yirik loyihalarda ham yuqori samaradorlikka va mablag‘ iqtisodiga xizmat qiladi. 

Yana bir masala energiya iste’moli yuqori bo‘lgan korxonalarda innovatsion yechimlarni qo‘llash. Ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yilda elektr energiyasi sarfi yuqori bo‘lgan qurilish materiallari ishlab chiqaruvchi korxonalarda bu turdagi tabiiy resurs iste’molini 43,5 million kVt soatga qisqartirish maqsad qilingan. 2024 yil davomida mamlakatimizdagi barcha qurilish materiallari korxonalari tomonidan 2,3 milliard kVt/soat elektr energiyasi, 912 million kub metr tabiiy gaz, 1,7 million tonna ko‘mir sarflangan. Sement, keramik materiallar, pishgan g‘isht, qurilish oynasi, gipsokarton va issiqlik saqlovchi materiallar asosiy energiya iste’molchilari hisoblanadi.

Davlatimiz rahbari tomonidan belgilab berilgan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida energiya sarfi yuqori bo‘lgan 34 ta korxonada energo audit o‘tkazilgan. Natijada 2025-2027-yillarda 300 million kVt soatdan ortiq elektr energiyasini iqtisod qilish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilandi. Joriy yilda esa qurilish materiallari ishlab chiqarish sohasida yangi quvvatlar ishga tushirilishi natijasida 2,5 milliard kVt/soat elektr energiyasi, 669 million kub metr tabiiy gaz va 1,9 million tonna ko‘mirga talab mavjud. Tabiiy resurslar iste’molini qisqartirishga qaratilgan chora-tadbirlar natijasida esa, birgina energiya sarfi yuqori bo‘lgan 34 ta korxona tomonidan 43,5 million kVt/soat elektr energiyasi, 6,7 million kub metr tabiiy gaz iqtisod qilinishi ko‘zda tutilmoqda. Ta’kidlash joiz, energiya resurslaridan tejamkorlik bilan foydalanish nafaqat iqtisodiy samaradorlikni oshiradi, balki ekologik barqarorlikni ta’minlashda ham muhim ahamiyatga ega.

<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/V3R4Mpwbb4I?si=bIsqtkpnFLenPB8b" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>

Shahnoza Mamaturopova,

Nishonboy Abduvoitov (video)

O‘zA