French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekistonda ekovolontyor talabalar harakati tashkil etiladi
15:53 / 2025-05-21

Munosabat

Keyingi yillarda yurtimizda global rivojlanish va iqlim o‘zgarishlari bilan bog‘liq ekologik muammolarning oldini olish va bartaraf etishda fuqarolar ishtirokini ta’minlash, aholining ekologik madaniyatini yuksaltirish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

Yangi tahrirdagi Konstitutsiyada davlat fuqarolarning ekologik huquqlarini ta’minlash va shaharsozlik faoliyati sohasida jamoatchilik nazoratini amalga oshirish uchun shart-sharoitlar yaratib berishi belgilab qo‘yildi. 2030 yilgacha O‘zbekiston Respublikasida “yashil” iqtisodiyotga o‘tish va “yashil” o‘sishni ta’minlash dasturida aholining ekologik huquqlari va majburiyatlari o‘z aksini topdi.

Davlatimiz rahbarining “2030 yilgacha bo‘lgan davrda aholining ekologik madaniyatini yuksaltirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori bu borada mamlakatda amalga oshirilayotgan ishlar samaradorligini yangi bosqichga olib chiqishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Sababi, qaror bilan aholining ekologik madaniyatini yuksaltirish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar samaradorligini yanada oshirish, ushbu yo‘nalishda davlat organlarining fuqarolar, nodavlat notijorat tashkilotlar va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari bilan o‘zaro hamkorlikdagi sa’y-harakatlarini hamda ekologik bilimlarini oshirishga qaratilgan uzoq muddatli strategiyalar belgilandi.

Jumladan, 2030 yilgacha bog‘cha, maktab, o‘rta ta’lim hamda oliy ta’limda qariyb 10 million o‘quvchi-yoshlarning hamda 90 foiz davlat organlari, korxona va muassasalar xodimlarida ekologik madaniyatni yuksaltirish ko‘zda tutilgan. Jamiyatda yuksak ekologik madaniyatni shakllantirish bo‘yicha targ‘ibotning innovatsion usullarini joriy etish, bunda raqamli texnologiyalar imkoniyatlaridan keng foydalanish orqali ushbu ko‘zlangan natijalarga ortig‘i bilan erishish mumkin.

Qolaversa, qaror bilan aholining ekologik madaniyatini shakllantirish va yuksaltirishda fuqarolik jamiyati institutlari bilan hamkorlikni yanada rivojlantirish, ekologiya sohasidagi huquqbuzarliklarga qarshi kurashishda jamoatchilik nazorati mexanizmlarini takomillashtirish choralari ko‘rilishi belgilanmoqda. Albatta, ushbu yo‘nalishda NNTlar imshtirokining faollashuvi yaqin vaqt ichida o‘zining ijobiy samarasini berishi shubhasizdir. Zero, nodavlat notijorat tashkilotlari tomonidan amalga oshiriladigan strategiyalar, chora-tadbirlar, xalqaro aloqalar jamiyat va davlat rivoji uchun g‘oyatda manfaatli hisoblanadi.

Shu bilan birga, Ekologiya vazirligi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, O‘zbekiston mahallalari uyushmasi, Yoshlar ishlari agentligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari bilan birgalikda 2025 yildan boshlab har yili aholining turli qatlamlari, talabalar va o‘quvchi-yoshlar o‘rtasida “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida “Yangi daraxt – yangi nafas” respublika ekochempionati hamda har oyda bir marotaba “Mahallani chiqindidan xoli hududga aylantiramiz” shiori ostida aksiyalar, tashviqot tadbirlari o‘tkazib boriladi.

Shuningdek, 2025/2026 o‘quv yilidan boshlab ilmiy faoliyatga oid davlat dasturlari doirasida bajariladigan ilmiy loyihalar tanlovida aholining ekologik madaniyatini yuksaltirishni ilmiy-amaliy jihatdan tadqiq etishga oid mavzular har yili e’lon qilib boriladi. Oliy ta’lim muassasalari talabalari tomonidan O‘zbekiston ekovolontyor talabalari harakati tashkil etiladi.

Umuman olganda ushbu konsepsiyada belgilangan vazifalar xalqimiz va keng jamoatchilik tomonidan kutilgan muhim tashabbuslar ekanligi bilan yanada ahamiyatli sanaladi. Boisi, sayyoramizning kelajagi jamiyatning ekologik madaniyatiga bog‘liq ekanligi barchamizga yaxshi ayon. Zero, global ekologik muammolarni faqat milliy va global miqyosda birgalikdagi sa’y-harakatlar bilangina hal qilish mumkin.

Mavluda ADHAMJONOVA,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati.

O‘zA