English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekistonda don va dukkakli ekinlar yetishtirish bo‘yicha hududiy taqsimot ko‘rsatkichlari
12:08 / 2025-08-29

2025-yilning yanvar–iyun oylarida O‘zbekiston Respublikasi bo‘ylab qishloq xo‘jaligi sohasida muhim natijalarga erishildi. Milliy statistika qo‘mitasining ma’lumotlariga ko‘ra, mazkur davr mobaynida mamlakatimizda barcha toifadagi xo‘jaliklar tomonidan 6,1 million tonna don va dukkakli don ekinlari yetishtirilgan. Ushbu ko‘rsatkich, agrar sohada olib borilayotgan islohotlar, zamonaviy agrotexnologiyalarni joriy etish va suvdan samarali foydalanish borasidagi sa’y-harakatlarning samarasidir.

Ushbu ko‘rsatkichni hududlar kesimida tahlil qiladigan bo‘lsak, Farg‘ona viloyati – 776,6 ming tonna, Surxondaryo viloyati – 691 ming tonna, Qashqadaryo viloyati –635,5 ming tonna bilan eng yuqori ko‘rsatkichlarni egallagan. Bunga sabab ushbu hududlarda unumdor yerlar va tajribali dehqonchilik maktablarining mavjudligi bilan izohlash mumkin. Qolaversa, iqlim sharoitining qulayligi va sug‘orma dehqonchilik rivojlanganini ham sabab qilib keltirishimiz mumkin.

Quyidagi hududlarda ham nisbatan yuqori natijalar qayd etilgan: Samarqand viloyati – 549,5 ming tonna, Andijon viloyati – 506,3 ming tonna, Jizzax viloyati – 478,3 ming tonna, Toshkent viloyati – 447 ming tonna, Buxoro viloyati – 464,2 ming tonna, Xorazm viloyati – 431,7 ming tonna, Namangan viloyati – 417,5 ming tonna, Sirdaryo viloyati – 394,2 ming tonna.

Hududiy taqsimotda eng past ko‘rsatkichlar quyidagi hududlarga to‘g‘ri kelmoqda: Navoiy – 212,6 ming tonna, Qoraqalpog‘iston Respublikasi – 137,6 ming tonna don va dukkakli don ekinlari yetishtirilgan. Bu esa asosan yer maydonlarining sho‘rlanish darajasi, suv ta’minotining murakkabligi va qurg‘oqchil iqlim bilan bog‘liq.

2025-yilning birinchi yarmida O‘zbekistonda don va dukkakli ekinlar yetishtirish borasida barqaror o‘sish kuzatilmoqda. Yetishtirilgan 6,1 million tonnalik hosil mamlakat oziq-ovqat sanoatida muhim ahamiyat kasb etadi. Ayniqsa, Farg‘ona vodiysi viloyatlarining yuqori natijalari boshqa hududlar uchun tajriba almashish imkoniyatini yaratadi.

Kelgusi yillarda suv tejovchi texnologiyalarni yanada keng joriy qilish, ilmiy yondashuvlar asosida hosildorlikni oshirish va mintaqaviy salohiyatdan to‘liq foydalanish orqali bu raqamlarni yanada oshirish mumkin. 

Dildora DO‘SMATOVA