French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekistonda demokratik islohotlar ortga qaytmaydi
21:48 / 2021-02-22

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 22 fevral kuni Birlashgan Millatlar Tashkiloti Inson huquqlari bo‘yicha kengashi 46-sessiyasining yuqori darajadagi segmenti ishida nutq so‘zladi.

Inson huquqlari bo‘yicha kengash faoliyati butun dunyo bo‘ylab inson huquqlari himoyasini ta’minlashga qaratilgan BMT tizimidagi eng nufuzli hukumatlararo organlardan biri hisoblanadi.

Kengashga 47 davlat a’zo. O‘tgan yil oktyabr oyida mamlakatimiz 2021-2023 yillar davriga ushbu tuzilma a’zosi etib ilk bor saylandi.

Koronavirus pandemiyasi munosabati bilan kengashning navbatdagi yig‘ilishi Jeneva shahrida videoanjuman shaklida o‘tkazildi.

Yig‘ilish kun tartibidan inson huquqlariga rioya etilishi va ularni himoya qilish, jumladan, fuqarolik, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlarni ta’minlash bilan bog‘liq eng dolzarb masalalar o‘rin oldi.

Tadbirni BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish va Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissar Mishel Bachelet kirish so‘zi bilan ochdi.

Shundan so‘ng yig‘ilish raisi Najot Shamim Xon qariyb 150 mamlakatdan davlat va hukumat rahbarlari, tashqi ishlar vazirlari, yuqori darajadagi vakillar qatnashgan anjuman ishtirokchilari orasida birinchi bo‘lib O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga so‘z berdi.

Davlatimiz rahbari o‘z nutqida O‘zbekistonning demokratik yangilanishlar jarayonini yanada chuqurlashtirishning ustuvor yo‘nalishlari, mamlakatimiz tomonidan BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashi bilan hamkorlikda bajarilishi rejalashtirilgan bir qator dolzarb masalalarga asosiy e’tiborni qaratdi. Jumladan, O‘zbekistonda majburiy mehnat, ayniqsa, bolalar mehnati bilan bog‘liq mavjud muammolarni bartaraf etish borasida amalga oshirilgan, xalqaro jamoatchilik tomonidan e’tirof etilgan ishlarga alohida to‘xtaldi.

Keyingi yillarda mamlakatimizda ayni yo‘nalishdagi islohotlar O‘zbekistonning inson huquq va erkinliklarini ta’minlash va rag‘batlantirish siyosatiga qat’iy sodiqligini isbotlaydi. Prezidentimiz nutqi O‘zbekiston o‘zi tanlagan tashqi siyosat asosida bundan keyin ham inson huquqlari himoyasi bo‘yicha barcha manfaatdor xalqaro tuzilmalar bilan izchil hamkorlikni davom ettirishga tayyor ekanini yaqqol ko‘rsatdi.

Davlatimiz rahbarining BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashi 46-sessiyasidagi ishtiroki yangi O‘zbekistonda inson huquqlarini ta’minlashga asosiy urg‘u berilayotganining yaqqol isboti sifatida namoyon bo‘ldi. Shuningdek, Prezidentimizning qat’iy siyosiy irodasi tufayli mamlakatimizdagi demokratik yangilanishlar umume’tirof etilgan xalqaro huquq tamoyillari va me’yorlariga to‘la mos tarzda, xalqaro hamjamiyat bilan ochiq va uzviy hamkorlikda amalga oshirilayotganidan dalolatdir.

O‘zA