2025 yil dekabr oyida O‘zbekistonda iste’mol tovarlari va xizmatlar narxlari o‘rtacha 0,9 foizga o‘sdi.
Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi malum qildi. Bu jarayon asosan asosiy oziq-ovqat mahsulotlarining qimmatlashishi bilan bog‘liq bo‘ldi. Sabzavot va quruq mahsulotlar narxi eng ko‘p o‘sishni ko‘rsatdi.
Dekabrda oziq-ovqat mahsulotlari o‘rtacha 1,5 foiz qimmatlashgani kuzatildi. Bu umumiy inflyatsiyaga asosiy ta’sir qilgan segment bo‘ldi. Ayniqsa, baqlajon +55,9 foiz, bodring +55,7 foiz, pomidor +25,1 foiz, bulg‘or qalampiri +22,9 foiz, karam +22,8 foizga o‘sgan.
Shuningdek, qovoq (+10,5%), anor (+7,2%) va uzum (+6,7%) narxlari ham sezilarli darajada o‘sdi. Bunday ko‘tarilishda mavsumiy omillar ham ta’sir ko‘rsatgan bo‘lishi mumkin, ayniqsa sabzavot va ko‘katchilik mahsulotlari bo‘yicha.
Ba’zi oziq-ovqat mahsulotlarining narxi esa pasaydi. Xususan, sabzi (-7,5%), mandarin (-3,5%), shakar (-2,6%) va kungaboqar yog‘i (-0,5%) kabi mahsulotlar inflyatsiyani yumshatgan omil bo‘ldi.
Nooziq-ovqat tovarlaridan benzin (+2,4%), kiyim va poyabzal (+0,2%) hamda propan (+1,3%) narxlari ham o‘sishni ko‘rsatdi, bu iste’mol korzinasiga ta’sir qildi.
Xizmatlar sohasida ham narxlar oshdi. Mobil aloqa xizmatlari +4,9 foizga, shahar avtobus yo‘l haqi +3,2 foiz, maishiy chiqindi uchun haq to‘lash +3,0 foiz, xalqaro yo‘lovchi havo transporti +2,0 foiz, repetitorlik xizmatlari +0,8 foizga o‘sgan.
Dekabr oyidagi ushbu narxlar o‘sishi 2025 yil inflyatsiyasiga sezilarli ta’sir qilgan bo‘lsa‑da, yillik iste’mol narxlari indeksi (INI) 107,3 foizni tashkil qildi. Ya’ni yillik inflyatsiya 2024 yil dekabr oyiga nisbatan pasayganini ko‘rsatmoqda (2024 yil dekabrda INI 109,8% bo‘lgan).
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, narxlar dinamikasi bir necha omillarga bog‘liq. Mavsumiy sabzavot va ko‘katchilik mahsulotlari, xizmat va energetika segmentidagi o‘zgarishlar hamda global bozordagi turli faktorlarga bog‘liq.
Shu bilan birga, yillik inflyatsiyaning pasayishi mamlakat iqtisodiy barqarorligi va pulimiz qiymati saqlanishi uchun ijobiy alomat bo‘lib, kelgusi yilda ham ushbu tendensiya aholi daromadlari va xarid salohiyatiga ijobiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Sh.Mamaturopova, O‘zA