French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekistonda cho‘llanish va qurg‘oqchilikka qarshi kurashish talab darajasidami?
14:43 / 2022-06-10

Har yili dunyoda 17 iyun – Jahon cho‘llanish va qurg‘oqchilikka qarshi kurash kuni sifatida nishonlanadi.

Qurg‘oqchilik – ekinlarning hosildorligini yo‘qolishi, o‘rmon yong‘inlari va suv tanqisligi natijasida insonlar hayotining barbod bo‘lishi nuqtai nazardan eng daxshatli tabiiy ofatlardan biridir.

Yerning tanazzulga uchrashi va iqlim o‘zgarishi natijasida kuchaygan qurg‘oqchilik shiddatli tus olmoqda. Bu 2000 yilga nisbatan 29 foiz ko‘p va har yili 55 million kishiga ta’sir qiladi. 2050 yilga borib qurg‘oqchilik dunyo aholisining to‘rtdan uch qismiga ta’sir qilishi mumkinligi bashorat qilinmoqda. Shu bois bu global va dolzarb muammo hisoblanadi.

So‘nggi qurg‘oqchilik dunyo uchun xavfli kelajakka ishora qilmoqda. So‘nggi yillarda oziq-ovqat va suv tanqisligi, kuchli qurg‘oqchilik tufayli yuzaga kelgan o‘rmon yong‘inlari kuchaygan.

Bu yil Ispaniyaning Madrid shahrida cho‘llanish va qurg‘oqchilik kunini global nishonlash bo‘yicha tadbir bo‘lib o‘tadi. Unda qurg‘oqchilik, suv tanqisligi va shunga bog‘liq iqlim o‘zgarishi oqibatlariga qarshi tadbirlar o‘tkaziladi. Ispaniya xukumati bu masalalarda birinchi o‘rinda turadi va eng yaxshi tajribalarni almashishi mumkin.

Ma’lumot o‘rnida aytish joiz, BMTning cho‘llanishga qarshi kurash Konvensiyasi, 1994 yilda BMTning atrof muhitni muhofaza qilish Konferensiyasida qabul qilingan. Bu 3 ta Konvensiyaning biridir. Bular cho‘llanishga qarshi kurash Konvensiyasi, Iqlim o‘zgarishi Konvensiyasi va Biologik xilma-xillikni asrash Konvensiyalaridir.

O‘zbekiston Osiyo mintaqasida birinchilardan bo‘lib, Konvensiyaga a’zo bo‘lgan davlatlardan hisoblanadi. Ushbu Konvensiya 1995 yil 31 avgustda O‘zbekiston parlamenti tomonidan ratifikatsiya qilinib, 1996 yildan kuchga kirdi. bugungi kunda mazkur Konvensiyaga 196 ta davlat a’zo.

O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi bergan ma’lumotlarga ko‘ra, bugungi kunda O‘zbekistonning 70 foiz yoki 31,4 million gektar yeri qurg‘oqchil maydonlardan iborat. Ular asosan tabiiy sho‘rlangan, ko‘chma barxan qumliklar va qumliklardan iborat cho‘l hamda issiq garmsel shamollari ta’siridagi hududlardan iboratdir. Orol dengizi suv sathining qurishi tufayli O‘zbekistonda yana qo‘shimcha 3 million gektardan ortiq maydonda Orolqum paydo bo‘ldi.

Natijada, ushbu regionda ekologik muhit yomonlashib, cho‘llanish jarayonlari yanada kuchaydi va ko‘plab ijtimoiy muammolarni yuzaga keltirdi. Birgina Orolbo‘yi mintaqasida joylashgan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Buxoro, Navoiy va Xorazm viloyatlarida 2000-2018 yillar davomida 8 million gektardan ortiq yer maydonlari turli darajada sho‘rlandi va 1 million gektar yer maydonlarida eroziya holatlari kuzatildi. Bu esa ushbu regionning 96 foiz hududini tashkil etadi. Cho‘llanish ta’sirida ushbu hududlarda yetishtirilayotgan qishloq xo‘jaligi ekinlarining hosildorligi qariyib 40-45 foizgacha kamayib ketdi.

Mamlakatimizda cho‘llanish va qurg‘oqchilikka qarshi kurash ishlar samaradorligini oshirish maqsadida Prezidentimizning 2019 yil 22 fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasida cho‘llanish va qurg‘oqchilikka qarshi kurashish bo‘yicha ishlar samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qarori qabul qilindi.

Mazkur qaror bilan O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasiga bir qator qo‘shimcha funksiyalar yuklatildi. Xususan, respublikada cho‘llanishni oldini olish, o‘rmonlarni qayta tiklash va ihota o‘rmonlarini ko‘paytirish bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirish, cho‘llanish va qurg‘oqchilikka qarshi kurashish masalalari bo‘yicha halqaro va mintaqaviy tashkilotlar bilan samarali o‘zaro xamkorlikni ta’minlash shular jumlasidan.

Mamlakatimizda cho‘llanish va qurg‘oqchilikka qarshi qator tadbirlar amalga oshirilmoqda. Xususan, qo‘mita tomonidan 2019-2023 yillarga mo‘ljallangan “Yo‘l xaritasi” ishlab chiqilgan. “Yo‘l xaritasi” 15 banddan iborat bo‘lib, respublikamiz uchun eng dolzarb qaynoq hududlar tanlab olingan va qisqa muddat ichida bir qator ishlarni amalga oshirishga erishildi. Misol uchun, Orol dengizining suvi qurigan hududida 2019-2022 yillarda qariyb 1,7 million gektar maydonda o‘rmon barpo etish va qayta tiklash tadbirlari amalga oshirildi.

Bundan tashqari, Buxoro viloyatida Qizilqum cho‘llariga tutash hududlaridagi sug‘oriladigan vodiy yerlarni hamda infrastrukturalarni qum12:36

bosishidan saqlash maqsadida 200 ming gektardan ortiq maydonda Buxoro yashil qalqonini yaratish, Navoiy viloyatida 150 ming gektardan ortiq cho‘l yaylovlari holatini yaxshilash maqsadida saksovulzorlar barpo etish bo‘yicha ishlar boshlangan.

“Yo‘l xaritasi” bo‘yicha Navoiy viloyatining Nurota tog‘ oldi yerlaridagi ochiq bo‘sh maydonlarda 10 ming gektar maydonda pista plantatsiyalari tashkil etish belgilangan bo‘lib, bugungacha 2,5 ming gektardan ortiq maydonda tashkil etildi va yaqin 4-5 yil ichida to‘liq bajarilishi ta’minlanadi.

Ma’lumot o‘rnida aytish joiz, o‘rmon fondi yerlaridan tashqari qishloq xo‘jaligining sug‘oriladigan yerlari meliorativ holatini yaxshilash, suv xo‘jaligi ob’ektlarini qum bosishdan himoya qilish maqsadida ihota daraxtzorlari barpo qilish ishlari davlat dasturiga kiritildi. Ushbu dasturga asosan 2018 yilda 500 gektar va 2019 yil bahorida 2 ming 495 gektar va 2020 yilda 2 ming 500 gektar, 2021 yilda 2 ming 500 gektar va 2022 yilda 1 ming 200 gektarga yaqin maydonlarda ihota daraxtzorlari barpo etildi.

Yer yuzida global miqyosda iqlim o‘zgarishi, cho‘llanish jarayonlari kuchayib borayotgan bir paytda, ayniqsa bizning kam o‘rmonli mintaqamizda, asosan qumli cho‘l hududlarida o‘rmonzorlar maydonlarini kengaytirish juda muhim masala.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, birinchi navbatda o‘rmon barpo etish tadbirlarini amalga oshirishdan oldin o‘rmon barpo etiladigan hududning tuproq-iqlim sharoiti, sho‘rlanish darajasi, ekiladigan ko‘chat turi va ekish texnologiyalarini aniqlab olish kerak.

Qolaversa, kuchli sho‘rlangan yerlarda sho‘rga chidamli bo‘lgan qoraburoq urug‘i va yulg‘un nihollarini ekish tavsiya etiladi. Hamda sho‘rga chidamli yangi daraxt va butalarni chetdan keltirib bizning sharoitda o‘sishini o‘rganish bo‘yicha tajribalar va ilmiy izlanishlar olib borish tavsiya etiladi.

Saksovul va boshqa cho‘l o‘simliklari urug‘lari va ko‘chatlarini ekishning eng qulay muddati noyabr oyi o‘rtasidan 10-15 martgacha qum-tuproq qatlamida yetarli namlik to‘plangan va havo harorati iliq bo‘lgan muddatlar hisoblanadi va ana shu davrda ekilgan urug‘ va ko‘chatlarning o‘sib rivojlanishiga qulay sharoit yaratiladi. Yuqori ko‘karuvchanlikka erishiladi. Faqat yer muzlagan davrlar bundan mustasno bo‘lib, bu davrda urug‘ va ko‘chatlar ekish to‘xtatiladi.

Bir so‘z bilan aytganda, o‘rmonzorlar maydonlarini kengaytirish, yangi o‘rmonzorlar barpo etish tadbirlarini amalga oshirishga mahalliy hamda maqsadli byudjet mablag‘larini jalb qilish zarur. Shuningdek, ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish bo‘yicha xorijiy moliya institutlari va donor tashkilotlarining mablag‘larini jalb qilishni ko‘paytirish maqsadga muvofiqdir.

 

Shahnoza Mamaturopova, O‘zA