O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “Chang bo‘ronlariga qarshi kurashish va atmosfera havosi sifatini yaxshilash bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida” qaror qabul qildi.
Unga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasida chang bo‘ronlariga qarshi kurashish va ularning oqibatlarini yumshatish bo‘yicha 2024-2030 yillarga mo‘ljallangan milliy dastur tasdiqlandi.
Quyidagilar Milliy dasturning asosiy yo‘nalishlari etib belgilandi:
2025-2028 yillarda chang bo‘ronlarini prognoz va monitoring qilish tizimini takomillashtirish hamda aholini barvaqt ogohlantirish tizimini yo‘lga qo‘yish;
chang va qum bo‘ronlari oldini olish va oqibatlarini yumshatishda ilg‘or texnologiyalarni joriy etish hamda hududlarda yashil qoplamalarni kengaytirish;
qurilish maydonlarida chang va qum zarrachalarining havoga ko‘tarilishini bartaraf etish;
2026 yilga qadar mavjud yaylovlarning 30 foizini, 2028 yilga qadar - 60 foizini hamda 2030 yilga qadar - to‘liq geobotanik holatini inventarizatsiyadan o‘tkazish, geobotanik jihatdan tekshirish va ularning geobotanik xaritalarini tuzish;
chang bo‘ronlariga qarshi kurashish sohasida xalqaro hamkorlikni kuchaytirish;
2028 yilga qadar kuchli chang bo‘ronlari hosil bo‘lish sur’atlarini hozirgi holatiga nisbatan 50 foizga qisqartirish;
chang bo‘ronlariga qarshi kurashishga qaratilgan ekologik ta’limni kuchaytirish.
Vazirlar Mahkamasi 2024 yil 1 dekabrga qadar Milliy dasturni 2025-2026 yillarda amalga oshirish bo‘yicha "yo‘l xaritasi"ni tasdiqladi.
2025 yil 1 yanvardan boshlab Toshkent shahrining 12 ta tumanida fon monitoringini amalga oshirish uchun avtomatlashtirilgan kichik stansiyalarni o‘rnatish ishlari boshlanadi.
2026 yil 1 yanvardan boshlab aholining keng qatlamlari va jamoatchilikni atmosfera havosining sifati bo‘yicha ishonchli ma’lumotlar bilan ta’minlash maqsadida Toshkent shahri hududida o‘rnatilgan maxsus monitor va tablolarda majburiy ravishda atmosfera havosining ifloslanish darajasi hamda gidrometeorologik ma’lumotlarni e’lon qilib boradi.
Chang bo‘ronlariga qarshi kurashishga qaratilgan chora-tadbirlar mintaqaviy yondashuv asosida muvofiqlashtirib boriladi.
Markaziy Osiyo davlatlari bilan muhokama qilgan holda Yashil Markaziy Osiyo fondi va Markaziy Osiyo iqlim masalalari markazini tashkil etishning konseptual asoslari ishlab chiqiladi.
Qarorga ko‘ra, 2030 yildan boshlab Toshkent shahar va unga tutash Toshkent viloyatining hududlarida joylashgan isitish va elektr energiya ishlab chiqarish korxonalariga yoqilg‘i sifatida mazutdan foydalanish taqiqlanadi. 2025 yilning kuz-qish mavsumidan boshlab zaxira yoqilti sifatida mazutdan foydalanishga faqat Vazirlar Mahkamasining har yili kuz-qish mavsumi oldidan chiqariladigan qarori asosida ob-havo va texnologik rejimlardan kelib chiqqan holda yo‘l qo‘yiladi.
Toshkent shahriga tutash tumanlarda joylashgan 1,2 mingdan ortiq issiqxonalarda foydalanilayotgan ko‘mir yoqilg‘isining atrof-muhitga salbiy ta’sirini kamaytirish maqsadida chang-gaz tozalash uskunalari o‘rnatiladi hamda bunday uskunalarni o‘rnatish uchun issiqxona xo‘jaliklariga subsidiya ajratish mexanizmi joriy qilinadi.
2025-2030 yillar davomida Toshkent shahar va unga tutash Toshkent viloyatining hududlaridagi jami 441 gektar yer maydonlarida "yashil belbog‘" va "yashil bog‘lar" tashkil qilinadi.
2025 yildan boshlab "Yevro-4" standartidan past ekologik toifadagi motor yoqilg‘isidan foydalanish va sotish bosqichma-bosqich cheklanadi.
Qaror bilan Toshkent shahrida atmosfera havosi sifatini yaxshilashga qaratilgan kechiktirib bo‘lmas chora-tadbirlar dasturi ham tasdiqlandi.
Unga ko‘ra Toshkent shahrining diqqatga sazovor ko‘chalarida avtotransport vositalaridan xoli hududlarni tashkil etish;
"Shahar - piyodalar uchun" shiori asosida jamoat transportiga har tomonlama ustunlik berilishini ta’minlash;
Toshkent shahri hamda har bir tumanining ekologik "master-reja"sini ishlab chiqish;
sanoat korxonalarida zamonaviy chang-gaz tozalash uskunalarini o‘rnatish va eskilarini almashtirish ishlarini tashkil etish;
mikroiqlim mo‘’tadilligini ta’minlash, atmosfera havosi sifatiga ijobiy ta’sir etish maqsadida sun’iy suv havzalarini barpo etish;
atmosfera havosi bilan bog‘liq xavflar va uning salbiy oqibatlarini yumshatish bo‘yicha uslubiy qo‘llanma ishlab chiqish hamda zararli ta’sirni kamaytirishga qaratilgan ko‘rsatuvlar, ijtimoiy roliklar tayyorlash belgilangan.
O‘zA