Italiya poytaxti Rim shahridagi BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) bosh qarorgohida bo‘lib o‘tayotgan Butunjahon oziq-ovqat forumi doirasida O‘zbekistonning yoshlar bo‘limi – “WFF Uzbekistan National YouthChapter” tashkil etilgani e’lon qilindi.
Shu munosabat bilan ishtirokchilarga yangi bo‘lim faoliyatining boshlanishini tasdiqlovchi sertifikatlar topshirildi.

Bo‘limning asosiy maqsadi yoshlar ovozini kuchaytirish, ularni barqaror oziq-ovqat tizimlarini shakllantirish jarayoniga jalb etish, shuningdek, innovatsion, ekologik va ijtimoiy yechimlar orqali qishloq xo‘jaligini yangi avlod uchun jozibador sohaga aylantirishdir.
Yoshlar bo‘limi bu oziq-ovqat xavfsizligi, barqaror qishloq xo‘jaligi va iqlim tashabbuslari sohasida yoshlar yetakchiligini rivojlantirishga qaratilgan yangi platformadir. Bu nafaqat O‘zbekistonda, balki butun Markaziy Osiyo mintaqasida tashkil etilgan birinchi Yoshlar bo‘limi hisoblanadi.

Tashabbus mamlakat qishloq xo‘jaligi sohasida faol ishlayotgan yosh yetakchilar guruhi tomonidan ilgari surilgan.
Yoshlar faoliyati doirasida iqlim o‘zgarishiga qarshi kurash, suv resurslaridan oqilona foydalanish, yer degradatsiyasi oldini olish va unumdorlikni oshirish, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash hamda yoshlarning xalqaro darajadagi agrar tizimlarda ishtirokini kengaytirish yo‘nalishlarida tashabbuslar bildiriladi.
Behruz Xudoyberdiyev, O‘zA