Azaldan xalqimiz uchun eng aziz ne’mat – non hisoblanadi. Xabaringiz bor, 1 iyundan yurtimizda qolipli non narxi 2 ming 800 so‘m etib belgilandi. Kundalik iste’moldagi eng muhim oziq-ovqat mahsuloti narxining keskin ko‘tarilishi iste’molchilarda ko‘plab savollarni keltirib chiqarmoqda. Bu yil O‘zbekistonda bug‘doy zaxiralari yetarlimi? Ayrimlar narx-navoning oshishi joriy mavsumda g‘alla hosili mo‘ljaldagidan kam bo‘lgani oqibati bilan bog‘lamoqda. Bu qanchalik haqiqatga yaqin?
Savolga javob olish maqsadida Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi maslahatchisi Shahobiddin Ortiqov bilan suhbatlashdik.
– O‘zbekistonning bug‘doyga bo‘lgan yillik ehtiyoji 8,5-9 million tonna atrofida. O‘tgan yili mamlakatimizda 3 million atrofida bug‘doy import qilgan. Shuningdek, dalalarimizda 6,5 million tonna bug‘doy yetishtirildi. Qishloq xo‘jaligi vazirligi joriy yil O‘zbekistonda 7,5 million tonna atrofida bug‘doy yetishtirilishini tasdiqladi. Hozirgi kunda 3 million tonna bug‘doy zaxiramiz bor. G‘alla hajmini qo‘shganda 10 million tonnadan oshiq bug‘doy bo‘ladi. Bu degan O‘zbekiston o‘z aholisini bug‘doy bilan ta’minlay oladi. Bunga imkoniyatlar yetarli.
Bundan tashqari, ortiqcha zaxira ham yaratiladi. Yil boshidan hozirgi kungacha O‘zbekistonda chetdan import qilingan bug‘doy miqdori o‘tgan yilga nisbatan 100 ming tonnaga ko‘p.
– Rossiya-Ukraina munosabatlari O‘zbekistonga kirib kelayotgan bug‘doy miqdoriga ta’sir qilyaptimi?
– Yo‘q. Misol uchun, O‘zbekistonga bug‘doy importini o‘tgan yilning shu davriga nisbatan solishtirsak, 100 ming tonnadan ko‘p ekanligini bilish mumkin. Eng asosiy import bozorimiz Qozog‘iston hisoblanadi. Ilgari qisman Rossiyaga to‘g‘ri kelgan. Dunyoda bug‘doy yetishtirish masalalarini ham o‘rganib boramiz. Qo‘shni davlat Qozog‘istonda bug‘doy yetishtirish hajmi o‘tgan yili 11,8 million tonnani tashkil qilgan bo‘lsa, xalqaro eksportlar fikriga ko‘ra, bu yil Qozog‘istonda 13 million tonna bug‘doy yetishtirilishi taxmin qilinmoqda.
– O‘zbekistonda bug‘doy zaxirasi yetarli bo‘lsa, un va nonning narxi nega oshdi?
– Iqtisodchi sifatida aytadigan bo‘lsam, noning narxini qimmat deyish noo‘rin. Mamlakatimizdagi qolipli nonning narxini qo‘shni mamlakatlardagi qolipli non narxi bilan solishtirsak, bizdagi narx ulardan 30-40 foizga arzon. Mamlakatimizda aholini g‘alla va un bilan ta’minlash yuzasidan zarur choralar ko‘rilgan. Endi un va g‘allaning narxi oshmaydi.
– Hozirda korxonamiz tomonidan kuniga o‘rtacha 31 ming dona 26 turdagi non va non mahsulotlari ishlab chiqarilib, aholi dasturxoniga yetkazib berilmoqda, – deydi «Bog‘iston» korxonasi texnologi Gulchehra Hoshimova. – Non narxining ko‘tarilishi esa avvalo, ishlab chiqarish tannarxiga bog‘liq. Chunki shu kunga qadar birinchi navli unni arzon sotib olardik. Shuning hisobiga bitta qolipli nonni to savdo do‘koniga yetkazib berilganiga qadar tannarxi 1500 so‘mga to‘g‘ri kelardi. Ayni paytda bu ko‘rsatkich o‘rtacha 2700 so‘mni tashkil etmoqda. Sababi, unning bahosi ham ko‘tarilib, 1 kilogrammini 4 ming 800 so‘mdan xarid qilyapmiz.
Darhaqiqat, dasturxonimiz to‘kisligi, ro‘zg‘orimiz fayzu barakasi ham non bilan. Sodda qilib aytganda, non odamlarning kayfiyatiga ta’sir qiladigan eng muhim mahsulotlardan biridir. Shunday ekan, yurtimizda aholining nonga bo‘lgan ehtiyojini ta’minlash yuzasidan chora-tadbirlar ko‘rilmoqda. Bu esa non mahsulotlariga bo‘lgan barqarorlikni ta’minlashga xizmat qiladi.
<iframe width="1280" height="720" src="https://www.youtube.com/embed/VGQ8_-j6lFA" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture" allowfullscreen></iframe>Shahnoza Mamaturopova, O‘zA