O‘zbekistonda 2026-2030 yillarga mo‘ljallangan bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish bo‘yicha Strategiya va Harakatlar rejasi tasdiqlandi.
Mazkur hujjat Ijtimoiy himoya milliy agentligi tomonidan ishlab chiqilgan bo‘lib, “Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunning izchil va samarali ijrosini ta’minlashga qaratilgan.
Strategiyaning asosiy maqsadi — bolalarning xavfsizligi, huquq va manfaatlarini kafolatlaydigan barqaror hamda samarali himoya tizimini yaratish.
Strategiyaning qabul qilinishi O‘zbekistonning xalqaro majburiyatlarini bajarish yo‘lidagi muhim qadam hisoblanadi. Qonun qabul qilinganidan so‘ng mamlakat Bogota chaqiruviga qo‘shildi va Pathfinding xalqaro alyansi a’zosiga aylandi. Bu esa bolalarga nisbatan zo‘ravonlikka nisbatan mutlaqo murosasiz pozitsiyani anglatadi.
Strategiya zo‘ravonlikning barcha shakllarini qamrab olgan bo‘lib, INSPIRE xalqaro yondashuvlari, ilg‘or jahon tajribasi va eng yaxshi amaliyotlarga asoslangan. Hujjatda zo‘ravonlik holatlarini aniqlash, tezkor javob choralarini ko‘rish, profilaktika va monitoringni o‘z ichiga olgan to‘liq mexanizm nazarda tutilgan.
Strategiyada oilalarni qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilgan. Zo‘ravonlik sababli oilasidan ajratilgan bolalar uchun oilaviy muhitga yaqin shart-sharoitda ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish nazarda tutilgan.
Shuningdek, “Mehrli oila” xizmati, professional qabul qiluvchi (foster) oila instituti, kam sonli ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash markazlari joriy etiladi.
Bolalarni himoya qilish masalasi ta’lim, sog‘liqni saqlash, ijtimoiy himoya, huquqni muhofaza qiluvchi organlar va boshqa idoralarning umumiy mas’uliyati sifatida qaraladi. Bu jarayonda Ijtimoiy himoya milliy agentligi muvofiqlashtiruvchi organ hisoblanadi.
Strategiya doirasida jinoyat, jinoyat-protsessual va ma’muriy qonunchilikka kompleks o‘zgartishlar kiritiladi.
Asosiy yangiliklar, zo‘ravonlik qurboni yoki guvohi bo‘lgan bolalarga bepul yuridik yordam, tergov va sud jarayonlarida ijtimoiy xodim ishtirokini ta’minlash, bolaning ko‘rsatmalarini majburiy videoyozuvga olish, bola va zo‘ravon o‘rtasidagi yuzlashtirishni cheklash ko‘zda tutilgan.
Respublika o‘quv-tarbiya muassasalari o‘rnida ijtimoiy integratsiya markazlari tashkil etilmoqda. Bunday bolalarning ta’lim olish huquqini ta’minlash uchun yo‘naltirilishi mumkin bo‘lgan ta’lim muassasalari soni 258 taga yetkaziladi.
Barcha ta’lim muassasalarida “xavfsiz maktab” konsepsiyasi joriy etiladi, bulling va raqamli zo‘ravonlikka qarshi choralar kuchaytiriladi.
Shu bilan birga, bolalarga nisbatan zo‘ravonlik holatlarini yashirgan yoki xabar bermagan mas’ul xodimlar uchun ma’muriy javobgarlik joriy etilishi taklif etilmoqda.
Shahnoza Mamaturopova,
O‘zA