Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekistonda BMTning Korrupsiyaga qarshi konvensiyasi qanday bajarilmoqda?
11:48 / 2025-11-18

BMT tuzilmalari tomonidan Korrupsiyaga qarshi konvensiyaning ikkinchi bosqich kuzatuvi doirasida O‘zbekistonning korrupsiyaga qarshi kurashish siyosati tahlil qilinmoqda.

BMTning Korrupsiyaga qarshi konvensiyasini O‘zbekiston 2008 yil 7 iyulda  ratifikatsiya qilgan. Ushbu konvensiya talablari korrupsiyaga oid milliy qonunchilikni takomillashtirish, zarur huquqiy me’yorlarni qabul qilish va shu orqali korrupsiyaga qarshi kurashish samaradorligini oshirishni nazarda tutadi.

Bu jarayonda mamlakatimizning aksilkorrupsiya islohotlari, jumladan, davlat boshqaruvi tizimida shaffoflik va hisobdorlikni ta’minlash, davlat xizmatchisi etikasi, davlat xaridlari, moliyaviy monitoring, pul yuvilishiga qarshi choralar, jinoyatlardan olingan aktivlarni musodara qilish va qaytarish mexanizmlari bo‘yicha olib borilayotgan chora-tadbirlar va ularning natijalari yuzasidan uchrashuvlar va muhokamalar o‘tkaziladi.  

Shu munosabat bilan BMTning Giyohvandlik va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi (GJB) hamda O‘zbekiston obzorini o‘tkazayotgan davlatlar – Nigeriya Federativ Respublikasi va Maldiv Respublikasi ekspertlari tomonidan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, shuningdek, korrupsiyaga qarshi kurashishga mas’ul boshqa davlat idoralari vakillari ishtirokida muhokamalarning ochilishiga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.

Mazkur obzor O‘zbekiston aksilkorrupsiya islohotlarning natijadorligi, ochiqligi, xalqaro hamkorlikka sodiqligi va faol pozitsiyasining yana bir amaliy tasdig‘i ekanligi ta’kidlandi.  

O‘z navbatida, xalqaro ekspertlar tomonidan Prezident Shavkat  Mirziyoyev rahbarligida korrupsiyaga qarshi kurashish davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgani e’tirof etildi.

N.Abduraimova, O‘zA