Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi joriy yil oktyabr oyi uchun biznes muhiti tahlili natijalarini e’lon qildi. Tadqiqot natijalariga ko‘ra, biznesning joriy holati va yaqin kelajakka oid kutilmalari asosida Biznes muhiti indeksi ishlab chiqildi.
Qayd etilganidek, 2023 yildan boshlab O‘zbekistondagi biznes muhiti dinamikasi Markaz tomonidan Trading Economics portalida muntazam yangilanib bormoqda.
Biznes muhiti bo‘yicha jamlanma indikator oktyabr oyida o‘sishni davom ettirib, 55 bandga yetdi. Bu o‘tgan yilning shu davridagi ko‘rsatkichidan 13 bandga yuqori. O‘sish barcha komponentlar hisobiga amalga oshdi.
Barcha sohalarda biznes muhiti yaxshilangani qayd etilmoqda. Xususan, qishloq xo‘jaligida o‘tgan yilga nisbatan 11 bandga o‘sib, 61 bandga yetdi; sanoatda esa 8 bandga o‘sib, 46 bandni tashkil etdi; qurilish va xizmatlar sohasida esa mos ravishda 13 va 17 bandga ko‘tarilib, 58 va 57 bandga yetdi.
Joriy holat indeksi 22 bandga o‘sib, 55 bandga yetdi, shu bilan birga kutilmalar indeksi 4 bandga ko‘tarilib, 56 bandni tashkil etdi. Tarmoqlar bo‘yicha joriy vaziyat tahlili qishloq xo‘jaligida sezilarli o‘sishni ko‘rsatdi (+23) va ko‘rsatkich 60 bandga yetdi. Sanoatda indeks 15 bandga oshib 45 bandni, qurilish sohasida 21 bandga oshib, 57 bandni tashkil qildi. Xizmatlar sohasida esa eng katta o‘sish qayd etildi (+26) va 57 bandga yetdi.
Yaqin uch oy uchun kutilmalar ijobiyligicha qolmoqda. Tarmoqlar kesimida prognoz ko‘rsatkichlari quyidagicha: qishloq xo‘jaligida – 62 band (yuqori optimizm darajasi), sanoatda – 46 band (ijobiy kutilmalar), qurilish va xizmatlar sohalarida esa barqaror o‘sish mos ravishda 59 va 57 bandni tashkil etmoqda.
So‘rov natijalariga ko‘ra, mamlakatdagi tadbirkorlarning yarmi (50 foiz) o‘z biznesining joriy holatini “yaxshi” deb baholagan, o‘tgan yili esa respondentlarning atigi 38 foizi bu haqda ma’lum qilgan.
So‘nggi uch oy ichida biznes faoliyati yaxshilandi deb hisoblagan korxonalar ulushi 42 foizni tashkil etdi, bir yil avval bu ko‘rsatkich 32 foiz bo‘lgan. Talab oshganini har ikkinchi tadbirkor (50 foiz) qayd etgan, o‘tgan yili esa faqat uchdan bir qismiga yaqin kompaniyalar (35 foiz) faoliyatda ijobiy o‘zgarishlarni bildirgan edi.
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston biznes muhiti indeksi Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tomonidan sanoatning turli tarmoqlaridagi 1000 dan ortiq korxonalarda o‘tkazilgan so‘rovlar asosida hisoblab chiqiladi. Biznes muhitining o‘zgarishi indekatori IFO instituti (Germaniya) metodologiyasiga asoslangan. So‘rovlar davomida korxona rahbarlari ishlab chiqarish dinamikasi, talab, narxlar va boshqa ko‘rsatkichlar asosida tadbirkorlik faoliyatidagi joriy va kutilayotgan o‘zgarishlarni baholaydi.
Mohigul Qosimova tayyorladi, O‘zA