Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekistonda biznes muhiti indeksi so‘nggi ikki yil ichida eng yuqori ko‘rsatkichga yetdi
12:00 / 2025-07-24

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi joriy yil iyun oyi uchun respublika bo‘ylab tadbirkorlar o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rovlar asosida biznes muhiti tahlili natijalarini e’lon qildi. Tahlil natijalari asosida biznes muhiti indeksi shakllantirildi, u biznesning hozirgi holati va yaqin kelajakdagi rivojlanishi bo‘yicha baholarni aks ettiradi.

Iyun oyida biznes muhiti indeksi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 10 bandga oshib, 63 bandni tashkil etdi. Bu esa uzoq muddatli istiqbolda biznes ishonchining mustahkamlanayotganini ko‘rsatadi. Shuningdek, o‘tgan oyga nisbatan ham 2 bandga o‘sish qayd etildi, bu esa joriy yil boshidan beri eng yuqori ko‘rsatkich hisoblanadi.  

Iyun oyida biznes muhiti indeksining joriy holati 47 bandni tashkil etdi, bu esa o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 13 bandga oshganligini ko‘rsatadi.  

Biznesning joriy holati indeksi tadbirkorlarning mamlakatdagi real vaziyat va biznes yuritish sharoitlari haqidagi tasavvurini aks ettiradi. Unda savdo hajmi, bandlik, talab, resurslarga yetishimlilik hamda operatsion muhit barqarorligi kabi omillar inobatga olinadi.  

Shu bilan birga, biznesning istiqboldagi kutilmalar indeksi 6 bandga oshib, 80 bandni tashkil etdi. Bu esa tadbirkorlarning barqarorlikka bo‘lgan ishonchini namoyon etmoqda.  

Natijalarga ko‘ra, tadbirkorlarning 38 foizi so‘nggi uch oyda o‘z biznesi holatining yaxshilanganini ma’lum qilgan, 38 foizi talab o‘sganligini qayd etgan, 24 foizi esa ishchilar sonining ko‘payganini bildirgan. Shu bilan birga, so‘rovda ishtirok etganlar tadbirkorlarning 71 foizi kelgusida talab o‘sishini, 59 foizi ishchilar soni ko‘payishini, 21 foizi esa narxlar o‘sishini kutmoqda.  

2025 yil iyun oyida sanoatda biznes muhiti indeksi ijobiy dinamikani namoyon etib, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 5 bandga yaxshilandi va 59 bandni tashkil etdi. Shu bilan birga, istiqboldagi kutilmalar indeksi 73 banddan 83 bandgacha o‘sdi. Joriy holat indeksi 37 band darajasida o‘zgarishsiz qoldi.  

So‘rov natijalariga ko‘ra, sanoatdagi tadbirkorlarning 38 foizi so‘nggi uch oyda biznesi yaxshilanganini ma’lum qilgan. Shuningdek, korxonalarning 79 foizi kelgusida biznes holati yanada yaxshilanishini kutmoqda, bu o‘tgan yilgi 71 foizga nisbatan yuqori ko‘rsatkichdir.  

Qishloq xo‘jaligida biznes muhiti o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 3 bandga yaxshilandi va 59 bandni tashkil etdi. Shu bilan birga, joriy holat indeksi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 6 bandga (35 banddan 41 bandga) oshdi, istiqboldagi kutilmalar indeksi esa 3 bandga (80 banddan 83 bandga) o‘sdi.  

Natijalarga ko‘ra, qishloq xo‘jaligidagi tadbirkorlarning 49 foizi o‘z faoliyatining joriy holatini “qoniqarli” deb baholagan. Shu bilan birga, 22 foizi so‘nggi uch oyda ishchilar soni o‘sganligini, 79 foizi esa kelgusida biznes holati yanada yaxshilanishini qayd etdi.  

Xizmatlar sohasida biznes muhiti indeksi o‘tgan yilga nisbatan 17 bandga yaxshilandi va 68 bandni tashkil etdi. Istiqboldagi kutilmalar indeksi 11 bandga (68 banddan 79 bandgacha) oshdi, joriy holat indeksi esa 22 bandga (34 banddan 57 bandgacha) o‘sdi.  

Xizmatlar sohasidagi tadbirkorlarning 47 foizi joriy holatni «yaxshi» deb baholagan, 39 foizi so‘nggi uch oyda biznes sharoitlarining yaxshilanganini qayd etgan, 71 foizi esa kelgusida talab o‘sishini kutmoqda.  

Qurilish tarmog‘ida biznes muhiti indeksi o‘tgan yilga nisbatan 4 bandga o‘sib, 61 bandni tashkil etdi. Joriy holat indeksi 15 bandga o‘sib, 49 bandga yetdi. Shu bilan birga, istiqboldagi kutilmalar indeksi 9 bandga kamayib, 73 bandni tashkil etdi  

Shu bilan birga, qurilishda so‘nggi uch oyda biznes holati “yaxshilandi” deya 36 foiz respondent qayd etgan, kelgusida biznes holati o‘zgarmasligini kutayotganlar 21 foizni tashkil etgan. Qurilish tarmog‘i amaldagi o‘zgarishlarga moslashib, barqarorlikni namoyon etmoqda.  

– Umuman olganda O‘zbekistonda biznes muhiti ijobiy dinamikani namoyon etmoqda, sohalarning ko‘pchiligida biznes faolligi barqaror o‘smoqda. Shu bilan birga, eng katta optimizm sanoat va qishloq xo‘jaligida kuzatilmoqda, xizmatlar sohasi esa o‘rtacha o‘sish sur’atini saqlab turibdi, – deydi Markaz yetakchi ilmiy xodimi Latofat Bo‘riyeva. – O‘zbekiston biznes muhiti indeksi Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tomonidan sanoatning turli tarmoqlaridagi 1000 dan ortiq korxonalarda o‘tkazilgan so‘rovlar asosida hisoblab chiqiladi. Biznes muhitining o‘zgarishi indekatori IFO instituti (Germaniya) metodologiyasiga asoslangan. So‘rovlar davomida korxona rahbarlari ishlab chiqarish dinamikasi, talab, narxlar va boshqa ko‘rsatkichlar asosida tadbirkorlik faoliyatidagi joriy va kutilayotgan o‘zgarishlarni baholaydi.  

Mohigul Qosimova tayyorladi, O‘zA