O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Alohida muhim ijtimoiy, madaniy va tarixiy ahamiyatga ega bo‘lgan ob’ektlarni qurish, rekonstruksiya qilish va mukammal ta’mirlash direksiyasi, Buxoro viloyati hokimligi madaniy meros departamenti viloyat boshqarmasi tomonidan “Ark qo‘rg‘oni”ning 2,5 gektardan iborat arxeologiya hududida ilmiy tadqiqot ishlari olib borildi.
Hududda joylashgan madaniy meros ob’ektlari konservatsiya qilinib, O‘zbekistonda birinchi arxeologik parkni “Ark qo‘rg‘oni”da tashkil etish ishlari boshlab yuborildi.
Arxeologik parkning loyihasi O‘zbekistondagi Markaziy Osiyo xalqaro tadqiqotlar instituti (MISAI) tomonidan tayyorlanmoqda. Institutning ko‘p yillik tajribasidan kelib chiqib O‘zbekistonda birinchi arxeologik park loyihasi ustida arxeologiya yo‘nalishi bo‘yicha xalqaro toifadagi ekspertlar loyiha takliflarini tayyorlamoqda.

O‘zbekistonda hozircha yagona qurilishi kutilayotgan arxeologiya parki viloyat tarixiga va turizm rivojiga katta xissa qo‘shishi hamda viloyatga tashrif byuruvchi mahalliy va xorijiy sayyohlar uchun yangi turizm yo‘nalishi bo‘ladi. Loyiha shaharni nafaqat milliy tarixiy va madaniyatining hali to‘liq o‘rganilmagan sahifalarini ochib beradi, balki O‘zbekiston va butun Markaziy Osiyo mintaqasining eng muhim tarixiy joylaridan biri sifatida tanilishi aniq.
Ark qal’asi Buxoroning eng qadimgi tarixiy me’morchilik yodgorligi hisoblanadi. Bundan, 2,5 ming yil oldin, balki undan ham oldinroq ushbu qal’a katta va dehkonchilik madaniyatiga ega bo‘lgan davlat hukmdorlarining yashash joyi bo‘lgan. Balandligi 16 dan 20 metrni tashkil etadi.
Ark g‘arbdan sharqka tomon yoyilgan ko‘pburchakni eslatadi. Qo‘rg‘on hududida o‘zbekistonlik mashhur arxeolog Ye.G.Nekrasova boshchiligida 1976-1978 yillarda O‘zbekiston ilmiy-tadqiqot ta’mirlash instituti tadqiqot olib borgan. Oxirgi arxeologik tadqiqotlarga qaraganda, qal’a devorlari miloddan avvalgi IV davrda barpo etilgan. Birinchi davr – antik, ikkinchi davr (mil. IV-V-VIII asrlar chegarasi) uchinchi davr (IX asr boshlari - XIII asr) to‘rtinchi davr (XV-XX asrlar)ga to‘g‘ri keladi.
Buxoro bosqini (Frunze tomonidan 1920 yilda) natijasida ko‘pgina yodgorliklar qatorida “Ark qo‘rg‘oni” ham vayrona bo‘lgan. bugungi kunda Ark qo‘rg‘onining saqlanib qolgan 1,1 gektar maydonida Buxoro davlat muzey qo‘riqxonasi faoliyat yuritayotir.
Zarif KOMILOV, O‘zA