Animatsiya – bu harakat illyuziyalarini yaratish orqali hikoya qilish san’ati bo‘lib, u inson dunyoqarashi, estetik didi va ma’naviy tarbiyasida muhim o‘rin tutadi. Multfilmlar orqali bolalar yaxshilik va yomonlikni ajratishni, qahramonlarga hamdard bo‘lishni, jamoa bo‘lib harakat qilishni o‘rganadi. Bugungi kunda animatsiya nafaqat bolalar uchun mo‘ljallangan janr, balki zamonaviy texnologiyalar, ijod va madaniyat uyg‘unlashgan yirik sanoatga aylanib bormoqda. Shu bois, har bir mamlakat o‘z animatsiya maktabini shakllantirishga intiladi.
So‘nggi yillarda O‘zbekistonda ham animatsiya sohasiga bo‘lgan e’tibor sezilarli darajada oshdi. Davlat buyurtmalari, maxsus markazlar va yangi animatsiya studiyalarining paydo bo‘lishi ushbu yo‘nalishni tizimli rivojlantirishga xizmat qilmoqda. Ana shu jarayonning eng yorqin natijalaridan biri sifatida mamlakat tarixida ilk bor to‘liq metrajli, 3D texnologiyada yaratilgan animatsion film – “Sehrlandiya: qahramonlik missiyasi” tomoshabinlarga taqdim etildi.
“Sehrlandiya: qahramonlik missiyasi” 5 yoshdan katta bolalar auditoriyasiga mo‘ljallangan bo‘lib, unda tarixiy ism-shariflarga ega qahramonlar – Temur, Ulug‘bek, Jaloliddin va Boburning do‘stlari sehrli olamga tushib qoladi. Ular bu yerda yovuz Olabo‘ji bilan to‘qnash kelib, jasorat, do‘stlik va hamjihatlik ko‘rsatadi va murakkab sinovlaran o‘tadi.
Film Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi huzuridagi Bolalar kontentini rivojlantirish markazi buyurtmasiga asosan “Lola” Animatsion studiyasi tomonidan suratga olingan. Markaz mutaxassislari ta’kidlashicha, multfilmning bosh maqsadi bolalar ongiga do‘stlik, o‘zaro qo‘llab-quvvatlash, mehr-oqibat va jamoaviylik kabi umuminsoniy qadriyatlarni singdirishdan iborat.

Multfilm qahramonlariga taniqli aktyorlar — Ulug‘bek Shodibekov, Bahriddin Husniddinov, Jahongir Xo‘jayev, Abdurahim Grid, Shahzoda Muhammadova, Alisher Uzoqov va boshqalar ovoz bergani mahsulotning badiiy saviyasini yanada oshirishga xizmat qilgan.
O‘zbekistonda animatsiya san’ati XX asrning ikkinchi yarmida shakllana boshlagan. Dastlabki animatsion filmlar “O‘zbekfilm” studiyasi doirasida yaratilgan bo‘lib, ular asosan xalq ertaklari va bolalar adabiyotiga tayangan. Qo‘lda chizilgan 2D multfilmlar – “Zumrad va Qimmat”, “Ur to‘qmoq”, “To‘g‘rivoy va Egrivoy” kabi asarlar milliy animatsiyaning ajralmas qismiga aylangan.

Mustaqillikdan keyingi yillarda animatsiya sohasida muayyan qiyinchiliklar kuzatilgan bo‘lsa-da, so‘nggi yillarda bolalar kontentini rivojlantirish davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi. Zamonaviy texnologiyalar, raqamli animatsiya va yosh mutaxassislarning kirib kelishi sohaning yangi bosqichga o‘tishiga zamin yaratdi.
“Sehrlandiya: qahramonlik missiyasi” ana shu islohotlarning mantiqiy davomidir. 3D format O‘zbekiston animatsiyasiga texnik jihatdan raqobatbardoshlik, vizual sifat va eksport salohiyatini oshirish imkonini beradi. Eng muhimi, zamonaviy shaklda bo‘lsa-da, film mazmunida milliy qadriyatlar va tarbiyaviy g‘oyalar saqlab qolingan.
“Sehrlandiya: qahramonlik missiyasi” O‘zbekiston animatsiyasi tarixida muhim burilish nuqtasidir. U milliy madaniyat, zamonaviy texnologiya va bolalar tarbiyasini birlashtirgan holda, kelajakdagi yirik animatsion loyihalar uchun mustahkam poydevor bo‘ladi.
Dildora DO‘SMATOVA,
O‘zA