Mamlakatimizda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 624-sonli qaroriga asosan, belgilangan shartlar bajarilganda bilyard klublari tunu kun faoliyat yuritishi mumkin.
Bu haqda O‘zbekiston bilyard federatsiyasi xususiy bilyard klublari egalari tomonidan tungi vaqtda faoliyat yuritish imkoniyati bo‘yicha murojaatlar kelib tushayotgani bo‘yicha rasmiy munosabat bildirdi.
Munosabatda keltirilishicha, tungi vaqtda faoliyat ko‘rsatadigan bilyard klublari 30 kunlik arxivni saqlash majburiyati bilan ichki va tashqi videokuzatuv tizimiga ega bo‘lmog‘i kerak. Bilyard klublari atrofini kamida 10 metr masofada yoritish, tinchlik va shovqin me’yorlariga amal qilish, tibbiy yordam qutichalari bilan ta’minlanganlik, evakuatsiya rejasi va favqulodda xizmatlar raqamlari ko‘rsatilgan sxemalar mavjudligiga rioya etilishi lozim bo‘ladi.
Bundan tashqari, belgilangan qonun me’yorlari asosida tungi faoliyat uchun ichki ishlar organlariga tegishli talablarni bajarganlik to‘g‘risida xabarnoma taqdim etish va ruxsatnoma olish lozimligi ko‘rsatib o‘tilgan.
T.Ro‘ziyev, O‘zA