Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekistonda besh kun davomida faol fuqarolar festivali o‘tkaziladi
17:53 / 2021-02-10

Toshkent shahrida Faol fuqarolar umummilliy festivaliga start berildi.

“Yuksalish” umummilliy harakati tomonidan Adliya vazirligi bilan hamkorlikda AQSHning Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID), Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi delegatsiyasi, Qozog‘istonning fuqarolik jamiyatini rivojlantirish assotsiatsiyasi (ARGO) va qator hamkorlar ko‘magida tashkil etilgan festival besh kun mobaynida NNT, fuqarolik jamiyati institutlari, vazirlik va idoralar, mahalliy hokimlik organlari, ommaviy axborot vositalari vakillari, jami ikki mingdan ziyod ishtirokchini qamrab olishi ko‘zda tutilgan.

Faol fuqarolar umummilliy festivali dasturidan 20 ga yaqin turli formatdagi tadbirlar – anjuman, konferensiya, munozara, taqdimot, mahorat darslari joy olgan.

Jumladan, “Prezident Murojaatnomasi – fuqarolik jamiyatini rivojlantirishning yangi bosqichi” xalqaro konferensiyasi, Jamoatchilik kengashlari forumi, NNT maktabi hamda Antikorrupsiya laboratoriyalari taqdimotlari, “Oramizdagi qahramonlar” loyihasi doirasida taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tadi.

Tadbirlar ijtimoiy tarmoqlarda ham to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoritib boriladi.

Festivalni o‘tkazish zururiyati va dolzarbligi nimada? Bugun O‘zbekiston davlat va jamiyatning barcha sohalarida chuqur islohotlar bosqichidan o‘tmoqda. Ba’zan vaqt va resurslar tanqisligi sharoitida bo‘lsa ham harakat qilishga to‘g‘ri kelmoqda.

Bu jarayonlarga jamiyatning keng jalb qilinishi qabul qilinayotgan qarorlar inklyuzivligini ta’minlaydi. Aynan shuning uchun hukumatning barcha darajalarida xalq bilan muloqot tamoyili ilgari surilmoqda.

Fuqarolik jamiyati institutlari rolini anglagan holda, davlat ularni maqsadli ravishda qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish mexanizmlarini joriy etmoqda. Ularning imkoniyatlarini ham kengaytirmoqda. Nodavlat notijorat tashkilotlari sohasidagi qonunchilikni sezilarli darajada liberallashtirish boshlandi.

Jamoat tashkilotlari faoliyatini cheklaydigan mavjud to‘siqlar olib tashlanmoqda. 70 dan ortiq davlat idoralari va muassasalari huzurida Jamoatchilik kengashlari tashkil etildi. So‘nggi uch yilda fuqarolik jamiyati institutlariga ajratilgan subsidiya va grantlar miqdori ikki baravarga oshdi. Nodavlat notijorat tashkilotlarining xorijiy grantlarni olishi va undan foydalanishi bilan bog‘liq qator to‘siqlar bekor qilindi.

Barcha muhim qarorlar, shu jumladan, qonunlar, farmonlar va boshqa normativ-huquqiy hujjatlarni faqatgina jamoatchilik muhokamasidan keyingina qabul qilish amaliyoti yo‘lga qo‘yildi.

“Jamoatchilik nazorati to‘g‘risida”gi, “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi qonunlarning qabul qilinishi, “Davlat organlari huzurida jamoatchilik kengashlarini faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori kabi muhim hujjatlarning qabul qilinishi natijasida 2019 yilning o‘zida nodavlat notijorat tashkilotlari tomonidan mingdan ziyod jamoatchilik nazorati tadbirlari amalga oshirildi. Ushbu ko‘rsatkich 3-4 yil oldingi ko‘rsatkichlardan bir necha barobar ko‘pligini alohida ta’kidlash lozim.

Biroq mamlakatda amalga oshirilayotgan demokratik islohotlar ko‘lami va darajasi xalqaro reytinglarda to‘laqonli aks etmay qolmoqda. Jumladan, Britaniyaning The Economist Intelligence Unit tadqiqot tashkiloti tomonidan har yili e’lon qilinadigan Demokratiya indeksi (Democracy Index 2020)da O‘zbekiston 155-o‘rinni egalladi. Mamlakatimiz 2,12 ball to‘plab, 2019 yilga nisbatan o‘z pog‘onasini yaxshiladi (2019 yilda 2,01 ball edi). Ushbu reytingda ekspertlar O‘zbekistonning siyosatdagi ishtirokini yuqori baholagan (2,78 ball), ammo “Fuqarolik erkinliklari” indikatorida mamlakatimiz ko‘rsatkichlari hali ham pastligicha qolmoqda – 0,88 ball.

Prezidentimiz 2020 yil 29 dekabrda Parlamentga Murojaatnomasida erkin fuqarolik jamiyatini rivojlantirishda nodavlat notijorat tashkilotlari va ommaviy axborot vositalarini qo‘llab-quvvatlash davom ettirilishini ta’kidladi. Fuqarolik jamiyati institutlari islohotlar jarayonining asosiy ishtirokchisiga aylanadi, joylarda muammolarni aniqlash va jamoatchilik nazoratini amalga oshirishdan tortib, davlat idoralari bilan birga ijtimoiy ahamiyatli muammolarni hal qilishgacha.

Xususan, ijtimoiy buyurtma asosida nodavlat notijorat tashkilotlari hududlardagi haqiqiy manzarani aniqlash, turli darajadagi muammolarni chuqur tahlil qilish, yechimini topish va jamoatchilik nazoratini ta’minlash bo‘yicha takliflarni ishlab chiqishga jalb qilinadi.

Bunda, birinchi navbatda, ta’lim, madaniyat, tibbiyot, ekologiya, qurilish, kadastr, transport, kommunal xizmatlar, bandlik, ijtimoiy xizmatlar kabi sohalarga e’tibor qaratiladi. Ushbu maqsadlar uchun 2021 yilda davlat byudjetidan 60 milliard so‘m ajratilishi rejalashtirilgan, bu 2019 yilga nisbatan ikki baravar ko‘p.

Faol fuqarolar umummilliy festivali islohotlar jarayonining barcha ishtirokchilari uchun konstruktiv muloqot maydoni bo‘lib, ularning sa’y-harakatlarini birlashtirishga, O‘zbekistonda fuqarolik jamiyatini yanada rivojlantirish bo‘yicha taklif va tavsiyalar ishlab chiqishga xizmat qiladi.

 

Muattar Burhonova, O‘zA