Toshkent shahrida “O‘zbekistonda ma’lumotlar boshqaruvi (data governance)ni tahlil qilish va rivojlantirish” mavzusida seminar tashkil etildi.
Davlat organlari, xususiy sektor, fuqarolik jamiyati institutlari, oliy ta’lim muassasalari hamda xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirok etgan seminarda mamlakatda ma’lumotlar boshqaruvi tizimini rivojlantirish, mavjud muammolar va imkoniyatlar keng muhokama qilindi.
Adliya vaziri o‘rinbosari No‘’mon Muhammadiyev, Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi elchisi Toyvo Klaar, BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi doimiy vakili o‘rinbosari Anas Qarman tabrik so‘zlari bilan ishtirokchilarni qutladi.

Seminarda BMT Taraqqiyot dasturining data governance metodologiyasi asosida ma’lumotlarni boshqarish tamoyillari, qonunchilikdagi bo‘shliqlar, davlat organlari va xususiy sektorning roli, ma’lumotlar almashinuvi va texnologik infratuzilmani rivojlantirish masalalari bo‘yicha taqdimot va muhokamalar o‘tkazildi.
Sessiyalar davomida ishtirokchilar ma’lumotlar sifati va xavfsizligini ta’minlash, ularni himoya qilish, davlat xizmatlarini yanada takomillashtirish va ochiqlikni kuchaytirishga qaratilgan amaliy takliflar ishlab chiqdi.
Seminar yakunida O‘zbekiston Respublikasida milliy ma’lumotlar boshqaruvi tizimini takomillashtirish, davlat boshqaruvida shaffoflikni oshirish va raqamli islohotlarni jadallashtirish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqildi.
Seminar O‘zbekistonda barqaror rivojlanishga xizmat qiluvchi zamonaviy ma’lumotlar ekotizimini yaratishda muhim qadam bo‘lib xizmat qiladi.
N.Abduraimova,
O‘zA