Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekistonda Barqaror rivojlanish maqsadlari qanday bajarilmoqda?
12:36 / 2023-08-15

Tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, imkon qadar muqobil energiya manbalarini joriy etish nafaqat mamlakatimizda, balki butun dunyoda dolzarb bo‘lib turgan masala hisoblanadi.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT)ning Barqaror rivojlanish maqsadlari (BRM)da belgilangan dolzarb vazifalar ichida energiya samaradorligini kuchaytirish va muqobil energiya manbalarini joriy qilishga alohida e’tibor qaratilgan.  

O‘zbekistonda BRMni bajarish bo‘yicha izchil ishlar amalga oshirilmoqda. Shu maqsadda Oliy Majlis Senatida O‘zbekiston Respublikasini barqaror rivojlantirish sohasidagi Milliy maqsadlar va vazifalarning 2030 yilgacha bo‘lgan davrda amalga oshirilishini nazorat qilish bo‘yicha Parlament komissiyasi tashkil etilgan.   

Mazkur Parlament komissiyasining navbatdagi majlisida ishchi guruh tomonidan Andijon va Qashqadaryo viloyatlarida energiya samaradorligini kuchaytirish va muqobil energiya manbalarini joriy qilish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar holati bo‘yicha o‘tkazilgan o‘rganishlar natijalari muhokama qilindi.  

Andijon viloyatida ijtimoiy soha ob’ektlarida 10,3 ming  kVt quvvatli quyosh panellari, 9 ming litrli quyosh suv isitish uskunalari, tadbirkorlik sub’ektlarida 5 ming 629 kVt quvvatli va aholi xonadonlarida 10 ming 961 kVt quvvatli quyosh panellari, shuningdek, 25,9 ming litrli quyosh suv isitish uskunalari o‘rnatilgan.  

Qashqadaryo viloyatida esa 1 ming 242 ta ob’ektda umumiy quvvati 12,9 MVt quvvatga ega quyosh fotoelektr panellari, 8,1 ming litrli geliokollektor, 193 ta tadbirkorlik sub’ektiga 6,2 MVt va 761 ta aholi xonadoniga 1,6 MVt quvvatli quyosh paneli hamda 4,8 ming litrli geliokollektor o‘rnatilgan.  

O‘z navbatida, energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etish borasida targ‘ibot-tashviqot ishlarining sustligi hamda narxlarning yuqoriligi oqibatida Andijon viloyatidagi aholi xonadonlarida 28 ming 800 kVt o‘rniga 10 ming 961 kVt (rejaga nisbatan 38 foiz), Qashqadaryo viloyatida 7,4 ming kVt o‘rniga 1 ming 871 kVt (rejaga nisbatan 25 foiz) quyosh panellari o‘rnatilgan, xolos.  

Qolaversa, Qashqadaryo viloyatidagi 691 ming 570 ta aholi xonadonida energiya tejovchi lampalar o‘rniga qariyb 1 million  245 ming dona cho‘g‘lanma lampalardan foydalanib kelinmoqda. Buning natijasida yiliga 60,3 milliard so‘mlik 204 million kVt elektr energiyasi tejalmay kelinayotgani qayd etildi.  

Majlisda barqaror rivojlanish sohasidagi yana bir masala - ko‘p qavatli uylar, maishiy-xo‘jalik va sanoat korxonalaridan chiqadigan maishiy oqova suvlarini tozalash bo‘yicha Toshkent viloyati va Toshkent shahrida olib borilayotgan ishlar holati ko‘rib chiqildi.  

Ta’kidlanganidek, Toshkent viloyatining 16 tuman va shahriga 9 ta, Toshkent shahrining 12 tumaniga 3 ta oqova suv tozalash inshootlari xizmat ko‘rsatadi. Ushbu inshootlardan 7 tasi ish samaradorligi bo‘yicha talabga javob bermaydi.  

Tozalash inshootlaridan tabiiy muhitga oqizilayotgan oqova suvlardagi zararli moddalar belgilangan me’yordan ortiq. Masalan, azot ammoniy 2-3 marta, fosforitlar 7 marta va muallaq moddalar 1,5 martagacha ko‘p.  

Yuqoridagilardan kelib chiqib, aniqlangan kamchilik va muammolarni bartaraf etish yuzasidan qator taklif va ko‘rsatmalar berilib, aniq vazifalar belgilandi.  

Jumladan,  yer osti suv manbalari suvining sifati holatini muntazam kuzatib borish, ulardagi suv sifati o‘zgargani hamda ishlatilgan suv miqdori haqida tahlil qilib borish, ichimlik suvi sifatida foydalaniladigan muqobil suv manbalarini (buloq, quduq, hovuz, yer osti suvlari va boshqalar) qayta ro‘yxatdan o‘tkazish va ular zaxiralarining prognoz ko‘rsatkichlarini ishlab chiqish kabi vazifalar belgilandi.  

Shuningdek, “Energiyadan oqilona foydalanish to‘g‘risida”gi qonunni yangi tahrirda ishlab chiqish, respublikaga import qilinayotgan quyosh panellari narxlarini tahlil qilish, ushbu mahsulotni aholi uchun qulay narxlarda xarid qilish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish yuzasidan qator vazifalar topshirildi.  

Muhokama yakunida Parlament komissiyasining tegishli qarorlari qabul qilindi.  

 

N.Abduraimova,    

O‘zA