Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekistonda baliq ovlashga mavsumiy ta’qiq joriy etiladi
16:38 / 2026-03-10

Tabiiy suv havzalarini muhofaza qilish va baliq zaxiralarini saqlab qolish maqsadida O‘zbekistonda baliq ovlashga ma’lum muddatga ta’qiq joriy etilmoqda.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, bu davr baliqlarning ko‘payish mavsumiga to‘g‘ri keladi va aynan shu vaqtda ularni ovlash ekotizimga jiddiy zarar yetkazishi mumkin.

Ma’lum qilinishicha, joriy yil 11-martdan 31-maygacha Amudaryo va Sirdaryo daryolarida baliq ovlash taqiqlanadi.  

Shuningdek, 26-apreldan 10-iyungacha Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatidagi tabiiy suv havzalarida ham baliq ovlash mumkin bo‘lmaydi. Boshqa barcha tabiiy suv havzalarida esa 16-apreldan 31-maygacha baliq ovlashga cheklov qo‘yiladi.

Ushbu tartib mamlakatda mavjud qonunchilikka asosan amalga oshirilmoqda.

Mutaxassislarning so‘zlariga ko‘ra, mazkur muddatlar baliqlarning urug‘ tashlash va ko‘payish davri hisoblanadi. Agar bu vaqtda baliqlar ommaviy ravishda ovlansa, ularning soni keskin kamayishi va ayrim turlar yo‘qolib ketish xavfi paydo bo‘lishi mumkin.

Shu bilan birga, ushbu cheklovlar sun’iy suv havzalari, irrigatsiya tarmoqlarida intensiv texnologiyalar asosida baliq yetishtirish, akvakultura faoliyati, shuningdek qafas (sadok) uskunalarida baliq yetishtirish va ovlash jarayonlariga tatbiq etilmaydi.

Belgilangan taqiq muddatlari va hududlarda baliq ovlash ma’muriy yoki jinoiy javobgarlikka sabab bo‘lishi mumkin.

Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA