French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekistonda ayollar va bolalar huquqlarini himoya qilish yangi bosqichiga ko‘tarildi
13:43 / 2024-05-31

Bir yil oldin davlatimiz rahbari tomonidan imzolangan qonun bilan xotin-qizlar va bolalar huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish tizimida qanday ijobiy natijalarga erishildi?

Ko‘ryapmizki, xotin-qizlar va bolalarni tazyiq hamda zo‘ravonlikdan himoya qilish, og‘ir ijtimoiy ahvolda qolgan xotin-qizlar huquqlari kafolatini ta’minlash bugun davlat va jamiyatning doimiy diqqat markazida.

Bundan bir yilcha oldin, 2023 yil 11 aprelda Prezident imzolagan «Xotin-qizlar va bolalar huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish tizimi yanada takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi Qonun xotin-qizlarning jamiyatdagi o‘rni va nufuzini oshirish, ijtimoiy-siyosiy faolligini mustahkamlash yo‘lidagi dadil qadam bo‘ldi.  

Ushbu qonun asosida amaldagi qonunchilikka «oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik» tushunchasi kiritilib, bunday qilmishlar uchun tegishli ravishda ma’muriy hamda jinoiy javobgarliklar belgilandi. Shuningdek, bolalarga nisbatan jinsiy jinoyatlar uchun javobgarlik kuchaytirildi.

Mazkur hujjat bilan 5 ta kodeks va 10 ta qonunga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.

Yangi Qonun ayollar va bolalar himoyasida quyidagi yengilliklarni taqdim etdi:

— Xotin-qizlar va bolalar huquqlarini himoya qilish, ularga nisbatan nomaqbul harakatlarni sodir etganlik uchun javobgarlik yanada kuchaytirildi;

— Oilaviy zo‘ravonlik, shilqimlik qilganlik uchun javobgarlik belgilandi;

— Voyaga yetmaganlarga jinsiy zo‘ravonlik qilgan shaxslarning bolalarga ta’lim-tarbiya berishi, bolalar bilan bevosita ishlashi, shu kabi faoliyat turlari bilan shug‘ullanishi taqiqlandi. Bu turdagi jinoyatlarni sodir etgan shaxslarning ro‘yxatini yuritish ko‘zda tutildi;

— Oilaviy va maishiy zo‘ravonlik uchun, ta’qib qilish, shahvoniy shilqimlik, ayolni o‘z homilasini sun’iy ravishda tushirishga majburlaganlik uchun javobgarlik ko‘zda tutildi. Ya’ni 60 mln so‘mgacha jarima yoki 5 yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilish yoxud 360 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi;

— Ayollarni jinsiy aloqa qilishga, turmush qurishga majburlash yoki to‘sqinlik qilish holatlari yuz berganda yarashish institutini qo‘llamaslik ham belgilandi;

— «Ta’qib etish» tushunchasiga ta’rif berilib, ta’qib etganlik uchun ham himoya orderi berilishi (1 yilga) mumkinligi belgilandi (Qonun kuchga kirishdan oldin order ichki ishlar idoralari tomonidan 30 kunga berilgan);

— Ota-onaning voyaga yetmagan bolalariga vasiy yoki homiy tayinlash bo‘yicha majburiyatlarini bajarmasdan xorijga chiqib ketishi yoki yashash joyini tark etishi ma’muriy javobgarlikka sabab bo‘lishi belgilandi.

O‘tgan bir yillik qisqa davrning o‘zidayoq yangi qonun amaliy natijalarini berdi. 

Xususan, 2024 yilning birinchi choragida shahvoniy shilqimlik qilishda ayblangan 318 nafar shaxs ma’muriy javobgarlikka tortildi.

Oilaviy va maishiy zo‘ravonlikda ayblangan 4 343 nafar shaxs ma’muriy javobgarlikka tortildi. Ularning 2 344 nafariga jarima jazosi, 1 999 nafariga ma’muriy qamoq jazosi qo‘llanildi.

Oliy sud matbuot xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, Jinoyat kodeksining 126-1 va 141-3-moddalari asosida ham bir qator aybdor shaxslar sudlandi.  

2023 yilda O‘zbekistonda 203 nafar shaxs oiladagi zo‘ravonlik bo‘yicha Jinoyat kodeksiga muvofiq sudlanib, ularning 59 nafari qamalgan, 144 kishi esa ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazoni olgan. Shuningdek, 8 ming 928 kishi ma’muriy javobgarlikka tortilgan.

Tahlillarga ko‘ra, ichki ishlar organlarining voyaga yetmaganlar masalalari bo‘yicha inspektor-psixologlarida zarur vakolatlar mavjud emasligi voyaga yetmaganlar bilan bog‘liq huquqbuzarliklar profilaktikasi yuzasidan o‘z vaqtida chora ko‘rishga to‘sqinlik qilmoqda.

Tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan xotin-qizlarning davlat himoyasiga olinishi uchun ichki ishlar organlari xotin-qizlar masalalari bo‘yicha inspektorlar mas’uliyatini kuchaytirish talab etiladi.

Shundan kelib chiqib, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 248-moddasiga qo‘shimchalar kiritildi. Unga ko‘ra, bolalarni tarbiyalash va ularga ta’lim berish bo‘yicha majburiyatlarni bajarmaganlikda, jamoat joylarida tamaki yoki alkogol mahsulotini iste’mol qilganlikda, shuningdek, voyaga yetmagan shaxsni g‘ayriijtimoiy xatti-harakatlarga jalb qilganlikda aybdor shaxslarni ma’muriy javobgarlikka tortish uchun ichki ishlar organlarining voyaga yetmaganlar masalalari bo‘yicha inspektor-psixologlariga zarur vakolatlar beriladi.

Bundan tashqari, ichki ishlar organlarining xotin-qizlar masalalari bo‘yicha inspektorlariga tazyiq o‘tkazgan yoki zo‘ravonlik qilgan yoxud ularni sodir etishga moyil bo‘lgan shaxs tomonidan himoya orderi talablarini bajarmaganlik kabi ma’muriy huquqbuzarliklarni rasmiylashtirish vakolatlari berildi.

Xulosa qilib aytganda, mazkur Qonunning qabul qilinishi ayollarga zo‘ravonlik, shilqimliq qilish uchun jazo muqarrarligini ko‘rstib berdi. Bu borada ayollarimizni himoya qilib, jamiyatimizda bunday tajovuzlarning kamayib borishiga, odamlarimizda bunday xatti harakatlardan tiyilish zarurligini tushunishlariga olib keladi. Natijada esa, ayollarga nisbatan jamiyatdagi munosabat o‘zgargan sari, xotin-qizlarning o‘z salohiyatlarini va imkoniyatlarini amalga oshirilishlari uchun zamin yaratadi.

 

O‘zA